Ijtimoiy darvinizm

Ijtimoiy darvinizm – 19-asrning 2-yarmi — 20-asrning boshi jamiyatshunosligidagi oqim. U tabiiy tanlanish, yashash uchun kurash va tirik qolish uchun moslashishdan iborat biologik tamoyillarni jamiyat xayotining belgilovchi omillari sifatida talqin qiladi. Bu bilan ijtimoiy taraqqiyot qonunlarini biologik hayot qonuniyatlaridan kelib chiqqan holda tushuntirishga urinadi (G. Spenser, J. V. Lapuj, L. Voltman, U. Bejgot, L. Gumplovich, G. Ratsenxofer, U. G. Samner, A. Smoll, E. Ferri va boshqalar). Ijtimoiy darvinizm vakillari biologik va ijtimoiy hodisalar o’rtasidagi muayyan mavjud aloqalarni ko’rsatib berib, jamiyat hayotidagi ziddiyatlarni to’g’ri ta’kidlasada, biroq, ular ta’limotidagi poydor tamoyillar mohiyatan g’ayriilmiydir. Ijtimoiy darvinizmning asosiy nazariy qusurlari quyidagilar: ijtimoiy nizolarni «tabiiy» deb hisoblash; ijtimoiy hayotning nisbiy mustaqilligini va jamiyat qonuniyatlarining o’ziga xosligini inkor etish, ya’ni jamiyat qonuniyatlarini biologik qonuniyatlardan keltirib chiqarish; salbiy ijtimoiy illatlarni abadiy, yo’q qilib bo’lmaydi deb ko’rsatish yoki ularni biologik yo’llar (irsiyatni yaxshilash) orqali bartaraf etish va hokazolar. Ijtimoiy darvinizm muayyan vaziyatda ijtimoiy adolatsizlikni xaspo’shlash, irqchilik va tashqi siesat sohasidagi tajovuzkorliklarning g’oyaviy asosi bo’lib xizmat qilishi mumkin.