ASHYOVIY DALIL
ASHYOVIY DALIL – jinoyat yoki fuqarolik ishini to’g’ri yuritish uchun ahamiyatli bo’lgan narsalar. Amaliyotda «tilsiz guvohlar» deb yuritiladi. Kelib chiqishini, kimga tegishliligini, ma’lum maqsadlarda foydalanilganligini yoki turgan joyi o’zgarganligini, u yoki bu moddalar, narsa, jarayon va hodisalar ta’sir etganligini aniqlash mumkin bo’lgan moddiy belgilarga, shuningdek ish holatlarini aniqlashga xizmat qiladigan har qanday boshqa alomatlar va belgilarga ega bo’lgan narsa Ashyoviy dalil hisoblanadi (O’zbekiston Respublikasi JPK, 203-modda); ular ishni mazmunan hal qilish uchun aniqlash vositasi bo’lishi mumkin. Ashyoviy dalil o’z xususiyatlariga ko’ra quyidagicha tavsiflanadi: 1) jinoyat ob’yekti bo’lgan Ashyoviy dalil, 2) jinoyat quroli bo’lgan Ashyoviy dalil, 3) jinoyat izlarini o’zida saqlab qolgan Ashyoviy dalil; 4) jinoyat orqasida topilgan boylik. Ashyoviy dalillar hodisa sodir bo’lgan joyni yoki boshqa joylarni, binolarni ko’zdan kechirish, tanib olish uchun ko’rsatish, guvohlantirish, murdani eksgumatsiya qilish, ekspert tekshiruvi uchun namunalar olish, ko’rsatuvni hodisa yuz bergan joyda tekshirish, olib qo’yish, tintuv o’tkazish jarayonida olinishi mumkin. Narsani Ashyoviy dalil deb e’tirof etish va uni jinoyat ishiga qo’shib qo’yish to’g’risida surishtiruvchi, tergovchi —qaror, sud esa — ajrim chiqaradi, ularda Ashyoviy dalilni ishda qoldirish yoki uni saqlash uchun topshirish masalasi hal qilinishi lozim. Ashyoviy dalillarni saqlash yoki boshqa joyga yuborish uchun alohida tartib belgilangan. Ashyoviy dalil, ular haqidagi masala sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, ajrimi bilan yoxud surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning ishni tugatish to’g’risidagi qarori bilan hal qilinmaguncha saqlab turiladi. Hukmda, shuningdek jinoyat ishini tugatish to’g’risidagi ajrimda yoki qarorda Ashyoviy dalillar masalasini hal etish qoidalari, Ashyoviy dalillarni shikastlaganlik yoki yo’qotganlik uchun javobgarlik (O’zbekiston Respublikasi JPK, 204-212-moddalar), Ashyoviy dalillarni talab qilib olish va taqdim etish tartibi va majburiyati, ularni saqlash va qaytarib berish tartibi qonun bilan belgilab qo’yilgan (O’zR FPK, 80-83-moddalar).