ZANGIOTA

ZANGIOTA (asl ismi Oyxo’ja ibn Toshxo’ja) (7-1258) — avliyo, tasavvning tanikli vakili. Arslonbobkent avlodi (avarasi). Toshkent shahrining Samarqand darvoza ko’chasidagi Zangiota mahallasida tug’ilib o’sgan degan taxmin bor. Arab naslidan, qora tanli bo’lganligi uchun ZANGI (zanji), hurmat yuzasidan va oliy himmatligi uchun Zangibobo Himmatiy deb atashgan. Zangiota yoshligida otasidan ta’lim oldi. Otasi vafotidan keyin Ahmad Yassaviyning xalifasi va shogirdi bo’lmish Hakim ota (Sulaymon Boqirg’oniy) huzuriga bordi. Bir necha yil uning mulozamatida bo’lib, undan yassaviylik tariqati sir-asrorlari, odobini o’rgandi va bu tariqatning yetuk namoyandasi bo’lib etishdi. So’ng o’z vatani — Shosh viloyatiga qaytib kelib, aholini ilohiy-axloqiy, tasavvufiy yo’l-yo’riqlar bilan tarbiyalashga kirishdi, ko’plab mutasavviflar tayyorladi. Zangiotaning butun hayoti Movarounnahr xalqlarining og’ir va dahshatli davriga to’g’ri keldi. Mo’g’ul istilochilari mamlakatni xonavayron qilib, xalq ommasini qullik iskanjasiga solgan bir paytda Zangiota va uning izdoshlari xalq orasida vatanparvarlik, mehnatsevarlik, adlu insof, poklik, yaxshilik, mehrshafqat, xudojo’ylik kabi umuminsoniy g’oyalarni targ’ib qildi. Zangiotaning murid va shogirdlari, xususan, Uzun Hasanota, Sayyidota, Sadrota va Badrota Dashti Qipchoq o’zbeklari, Volgabo’yi va Ural tog’i etaklaridagi tatar va boshqirdlar orasida Islom dinining yoyilishiga hissa qo’shdi. Zangiota podachilik qilib, halol rizq topib hayot kechirgan. Namoz va zikrni kanda qilmagan. Zangiotaning karomatlari va fazilatlarini Xo’ja Ahror, shoirlar Maxtumquli, Kamiy Toshkandiy va boshqa tilga olib, she’r va xotiralar yozib qoldirganlar, xalq rivoyatlar to’qigan. Ba’zi manbalarga ko’ra, Zangiota ustozi Hakim ota vafotidan so’ng uning xotini Anbar bibini nikohiga olib, undan bir necha farzand ko’radi. Farzandlar ham Zangiota kabi e’tiqodli, insofli kishilar bo’lib yetishadilar, xalqni haqiqat yo’liga boshlashda rahnamolik qiladilar. Zangiota va Anbar bibining qabri Zangiota tumanidati Zangiota qishlog’ida. Zangiota dafn etilgan mozor yonida masjid va madrasa qad ko’targan. Bu joy ziyoratgoh hisoblanadi.