YULDUZ ASTRONOMIYASI
YULDUZ ASTRONOMIYASI astronomiyaning yulduzlar sistemasining tuzilishi, tarkibi, dinamikasi va evolyutsiyasining umumiy qonuniyatlarini tadqiq qilish va bu qonuniyatlarni bizning yulduzlar sistemamiz (Galaktikamiz) ga tatbiq qilinishini o’rganish bilan shug’ullanuvchi bo’limi. Alohida yulduzlar, tumanliklar o’rganiladigan astrofizikadan farqi shundaki, bunda ob’yektlarning to’plami ansambli tadqiq qilinadi. Yulduz astronomiyasi 3 ta bo’lim: yulduzlar statistikasi, yulduzlar kinematikasi va yulduzlar dinamikasi bo’limlaridan iborat. Yulduzlar statistikasida yulduzlarning fizik va ko’rinma xususiyatlarini ifodalovchi kattaliklar (massalari, yorqinligi, spektral sinflari, parallaksi, tezliklari, ko’p rangli fotometrik parametrlari va boshqalar) orasidagi empirik qonuniyatlar kuzatuv ma’lumotlari asosida topiladi, shu ma’lumotlar bo’yicha Galaktikamizning tuzilishi va uning tashkil etuvchilari tadqiq qilinadi. Bunda, xususan, yulduzlarning yorqinlik, ravshanlik va fazoviy zichlik funktsiyalarini o’zaro bog’lovchi integral tenglamalaridan foydalaniladi. Yulduzlar kinematikasida esa somon Yo’lining Galaktikamiz o’zagi atrofida differentsial aylanishi xususiyatlari va, umuman, yulduzlarning Nuriy hamda ko’ndalang tezliklari komponentalarini kuzatuvdan topish muammolari o’rganiladi. U turli xalqaro kuzatuv dasturlariga (jumladan, yulduzlarning xususiy harakatini anikdash dasturiga) asoslangan. Yulduzlarning fazoviy tezlik vektorlarini topib, ularning qator fizik guruhlari va to’dalari kashf qilingan. Quyosh tizimining Galaktikamiz o’zagi atrofidagi harakati va uning turli maxsus kinematik parametrlari qiymati to’la hisoblab topilgan. Zamonaviy tadqiqotlarga ko’ra, Galaktikamiz 5 qism (o’zak, disk, balj, galo va toj) dan iborat bo’lib, ularning tarkibi va kinematikasi nisbatan yaqqol farq qiladi. Masalan, galo, asosan, qizil gigant, qisqa davrli tsefeida yulduzlari, submitti yulduzlarning sharsimon to’dalaridan tashkil topgan bo’lib, ular disk qismda umuman bo’lmaydi, chunki disk galoga mansub bo’lmagan uzun davrli tsefeidalar (o’tagigantlar), spektral sinfi o va V bo’lgan qaynoq yulduzlar, yosh gigantlar, yulduzlarning tarqoq to’dalaridan iborat. Bunday murakkab tuzilishga ega bo’lgan spiralsimon Galaktikamizning vujudga kelishi va evolyutsiyasi bilan yulduzlar va ular tizimining dinamikasi shug’ullanadi. Yuz milliard yulduzdan ortiq Galaktikamizning gravitatsion maydoni murakkab va uzluksizdir. Uning modelini tuzishda bu maydon gravitatsion kuch funktsiyasi regulyator deb olinib, ma’lum kinetik va gidrodinamik tenglamalar Puasson tenglamasi bilan birga yechiladi. Ixtiyoriy yulduz dinamikasini dastlab ushbu umumiy regulyar kuch funktsiyasiga va ma’lum darajada unga ko’shni yulduzlarning ta’siriga bog’liq notekis kuchlar orqali ifodalanadi. Asosiy tadqiqotlar regulyar maydonni aniq modellashtirish, uning protogalaktika holatidagi tuzilishi va bu ikki holat orasidagi qator diskret davrlarni tiklash muammolari ustida olib borilmoqda. 20-asr 90-yillarida Galaktikamizdan tashqaridagi astronomiya keskin rivojlanib, boshqa milliard galaktikalar kuzatuvi va fizikasi faol o’rganilayotganini hamda ular ichida ko’plab tug’ilayotgan galaktikalar kuzatilmoqda. O’zbekistonda Yulduz astronomiyasiga dori tadqiqotlar O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Astronomiya institutida va O’zbekiston milliy universitetida olib boriladi.