YONUVCHI TABIIY GAZLAR

YONUVCHI TABIIY GAZLAR yer po’stining cho’kindi g’ilofida erkin to’plamlar hamda erigan (neftda va qatlam suvlarida), tarqoq (jinslarda shimilgan) gaz kondensata va qattiq (gazogidrat uyumlarida) holda uchraydigan metan qatoridagi uglevodorodlar va uglevodorod bo’lmagan komponentlar aralashmalari. Yonuvchi tabiiy gazlarga asosan metan (85-90%), etan, propan, Butan, izobutan va pentan kiradi. Yonuvchi tabiiy gazlardan olinadigan energiya jahon energetika balansining 22% ni tashkil etadi. Tabiatdagi barcha gazlarning asosiy qismi (90% dan ortiq) Yonuvchi tabiiy gazlardan iborat. Yonuvchi tabiiy gazlar konlari 1,5 kilometrdan chuqurda joylashganda deyarli faqat metandan, qisman uning gomologlari (etan, propan, butan), azot, argon goho karbonat angidridi va vodorod sulfidi qo’shimchalaridan iborat bo’ladi. Chuqurlik ortishi bilan metan gomologlarining miqdori ko’payib boradi. Gaz kondensati konlarida metanga nisbatan uning gomologlari ko’proq uchraydi. Ba’zi bir gaz konlarida karbonat angidridi, vodorod sulfidi va azotning ko’pligi kuzatiladi. Yonuvchi tabiiy gazlar konlari hamma geologik sistemalar yotqiziqlarida, proterozoyning oxiridan boshlab turli chuqurliklarda, ko’pincha 3 kilometrgacha uchraydi. Yonuvchi tabiiy gazlar cho’kindi tog’ jinslaridagi organik moddalarning katagenik qayta o’zgarishidan hosil bo’ladi va migratsiya yo’llaridagi tutqichlarda to’planadi. Gaz uyumlari tuzilishiga ko’ra massiv va qatlamli bo’ladi. Qatlamli uyumlarda gaz ma’lum qatlam (kollektor)da to’planadi, massiv uyumlarda esa ma’lum qatlamlarda to’planmaydi. Qatlamli uyumlarning qubbali turi ko’proq tarqalgan. Yonuvchi tabiiy gazlarning dunyo bo’yicha zaxirasi kontinent, shelf zonalari va sayoz dengizlarda joylashgan. Yonuvchi tabiiy gazlarning jahondagi zaxirasi 113 trillion metr kubdan ko’proq (1992). Eng yirik gaz konlari Rossiya, AQSh, Eron, Niderlandiya, Jazoir, Turkmaniston, O’zbekiston (Sho’rtan) da bor. Yonuvchi tabiiy gazlar iqtisodiy jihatdan eng tejamli yonilg’i hisoblanadi. Yonish issiqligi o’rtacha 32,7 MJ/m’ (7800 kkal/m3). Elektr stansiyalari, metallurgiya, tsement va shisha sanoatida, qurilish materiallarini ishlab chiqarishda, kommunal maishiy ehtiyojlarda, xonadonlarni gazlashtirishda keng ishlatiladi. Yonuvchi tabiiy gazlar tarkibidagi uglevodorodlar metil spirti, formaldegid, atsetaldegid, sirka kislotasi, atseton va organik birikmalarni ishlab chiqarishda xom ashyo hisoblanadi. Ad.: Shirkovskiy A. I., Razrabotkam ekspluatasiya gaz i gazokondensatnix mestorojdeniy, M., 1979; Sokolov V. A., Gazi zemli, M., 1966; Jijchenko B. P., Uglevodorodnie gazi Nedra, M., 1984.