O’ZBEK ULUSI
O’ZBEK ULUSI — Dashti Qipchoqning Sharqiy qismi (Janubiy G’arbiy Sibir) da Abulxayrxon asos solgan (1428) davlat va uning aholisi. «O’zbek ulusi»atamasi O’zbekxon nomi bilan bog’liq. Poytaxti — chingi-tura (hozirgi Tura) shahri 1428-46 yillarda O’zbek ulusiga Orol dengizining shim. qirg’oqlaridan to Irtish daryosining o’rta oqimlarigacha, Sharqda Sarisu va Chu daryolaridan g’arbda yoyiq (Ural) daryosining so’l sohillarigacha bo’lgan yerlar qaragan. O’zbek ulusi urug’-qabilachilik munosabatlari asosida barpo etilgan. 1431-46 yillarda Abulxayrxon Jo’jixon naslidan bo’lgan ko’pgina sultonlar (Iboqxon, Burka Sulton, Jonibek, Gerayxon, Mustafoxon) ning ayirmachilik harakatlariga barham berish uchun kurash olib borgan. 15-asrning 30-yillarida Oltin O’rda, Oq O’rda, Mo’g’uliston va Temuriylar saltanatida ichki nizolar kuchayib ketganidan foydalanib Abulxayrxon O’zbek ulusi tarkibiga hozirgi Markaziy va Sharqiy Qozog’iston yerlarini, Sirdaryo bo’yidagi Sig’noq, Oqqo’rg’on, Arquq, O’zgan, Suzoq shahrilari va Xorazm viloyatini qo’shib olgan (1431-35). 1447 yil O’zbek ulusining poytaxti Turadan Sig’noqqa ko’chirilgan. Natijada O’zbek ulusi temuriylarning yon qo’shnisiga aylangan. Dehqonchilik va hunarmandchilik mahsulotlariga bo’lgan ehtiyoj ularni har yili Movarounnahrga hujum qilishiga sabab bo’lgan. Shuningdek, O’zbek ulusi temuriylarning o’zaro kurashlariga aralasha boshlagan. Masalan, Abulxayrxon Abu Said Mirzoning Samarqand taxtini egallashiga (1451) va Ulug’bekning nabirasi Muhammad Jo’giyning toj-taxt uchun kurashiga (1459-60) yordam bergan. Temuriylardan Sulton Husayn Boyqaro, Atouddavla, Manuchehr mirzolar Abulxayrxondan yordam so’raganlar. Abulxayrxon vafoti (1468)dan so’ng O’zbek ulusi o’zaro ichki nizolar natijasida inqirozga uchragan. Abulxayrxon o’rniga taxtga o’tirgan o’g’li Haydarxon davrida Iboqxon, Burka Sulton, Jonibek, Gerayxon, Mang’it amirlaridan Yomg’urchi va Muso Mirzolar Oltin O’rda xoni Ahmadxon bilan ittifoq tuzib, Haydarxonga qarshi kurash olib borib, g’alabaga erishganlar. Haydarxon qatl etilgan. Iboqxon va uning ittifoqchilari Abulxayrxonning qarindoshurug’larini va tarafdorlarini qirg’in qilishgan. Undan faqat Muhammad Shayboniyxon, uning ukasi Mahmud Sulton, Abulxayrxonning o’g’illari Suyunchxo’jaxon va Ko’chkunchixon, Baxtiyor Sultonning o’g’li Mahdiy Sulton, Hamza Sulton va ba’zi beklargina qochib qutulgan, xolos. O’zbek ulusi aholisi chorvachilik va dehqonchilik bilan shug’ullangan. Gulchehra Sultonova.