O’ZBEKISTON MILLIY BOG’I
O’ZBEKISTON MILLIY BOG’I, Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston milliy bog’i — O’zbekistonda mamlakat miqyosidagi eng yirik madaniyat va istirohat bog’i. Toshkent shahrining Markaziy qismida joylashgan; maydoni 69 gektar. 1991 yilda Alisher Navoiy tavalludining 550 yilligi tantanalari munosabati bilan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov tashabbusi bilan bunyod etilgan. Toshkent shahrining yoshlari tashabbusi bilan hashar usulida qurilib ishga tushirilgan istirohat bog’i (1938) hamda bog’ bilan Xalqlar Do’stligi saroyi oralig’idagi hududda loyiha asosida me’moriy majmua yuzaga keltirildi. Majmua markazida Favvorali aylana hovuz, amfiteatr shaklidagi tomoshabinlar joylari va sahna, kanallar ustidagi ko’priklar va tepalikda o’rnatilgan Navoiy haykali, amfiteatrning ikki yonida Oliy Majlis va «Navro’z» binolari joylashgan. Milliy bog’ning yangi qismi sharqona «chorbog'» uslubida loyihalangan muntazam tartibli keng va shinam yo’lkalardan iborat mumtoz kompozitsiyaga ega. Hududdagi tabiiy pasti balandliklardan oqilona foydalanib so’lim maskan, ajoyib manzara yaratilgan. Bog’ning muhim tarkibiy qismi Alisher Navoiy memorial majmuidir (me’morlar: V.Akopjanyan, D.Latipov; haykaltaroshlar: E.Aliev, N.Bandzeladze, V.Degtyarov). Bog’ning tepalik qismidagi ayvon (Rotonda) an’anaviy uslubda ishlangan: ustunlarga o’rnatilgan Feruza gumbaz, uning ostida Navoiyning mahobatli haykali qad ko’targan; poygumbaz muqarnaslar bilan, gumbaz ichi ganchkorlik bilan bezatilib, shoirning tinchlik va ezgulikni madh etuvchi misralari bitilgan. Memorial majmuaga marmar zinalar orqali chiqiladi. Milliy bog’ hududidagi yirik jamoat binolari — Xalqlar do’stligi saroyi, Oliy Majlis binosi, «Navro’z» restorani, Abulqosim madrasasi, aylana shaklidagi sahna va amfiteatr uyg’unlikda yaxlit majmua hosil qiladi. Milliy bog’dagi suv havzalari, bog’dan oqib o’tgan kanallar (2 ta charxpalak o’rnatilgan), favvoralar, ko’kalamzorlar (terak, akasiya, archa, qarag’ay, tut, chinor va boshqalar, maysazor va gulzorlar) xushmanzara ko’rinishga ega. Milliy bog’ Toshkent shahrining eng go’zal va so’lim maskanlaridan bo’lib, shahar aholisi va mehmonlari dam olishi, hordiq chiqarishi uchun qulayliklar yaratilgan; bog’da Navro’z (2000 yildan) va Mustaqillik (2005 yildan) bayramlarining bosh tantanalari hamda xalq sayillari o’tkaziladi, turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar uyushtiriladi. Milliy bog’ 2005 yilda qayta ta’mirlanib, yana ham ko’rkam qiyofaga kirdi.