Abdulloh ibn Saba’

Abdulloh ibn Saba’ (7-asr) – yahudiy dini vakili, asli yamanlik. Islom dinida dastlabki fitnalar kelib chiqishi, musulmonlarning bo’linib ketishiga sababchi shaxs. Shialarning bir firqasi uning nomi bilan yuritiladi. Abdulloh ibn Saba’ Ali (k.v.) hayotlik vaqtida u zotni ilohiylashtirishga da’vat qilgan. Maqsadi islom diniga zarar yetkazish bo’lgan. Yirik Kufa va Basra shaharlariga borib, vasoyat va raj’at (arabcha raj’at-qaytmoq) kabi botil ta’limotlarni yoyishga harakat qilgan. Vasoyatga ko’ra, har bir imom (halifa) o’zidan oldingi imomning vasiysi bo’ladi, ya’ni Ali (k.v.) Muhammad (s.a.v.)ning, Hasan (r.a.) Ali (k.v.)ning, Husan (r.a.) Hasan (r.a.) ning vasiysi va hokazolar. Abdulloh ibn Saba’ “Usmon xalifalikni Ali ibn Abu Tolib (k.v.)dan nohaq tortib olgan”, deya da’vo qilgan holda, musulmonlarni Usmon (r.a.)ga qarshi qo’yish uchun ta’limotni vosita qilib olgan. Natijada, ba’zi musulmonlar Usmon (r.a.) ga ayrim xatolarni nisbat bera boshlashgan. Abdulloh ibn Saba’ bu ta’limotni o’zgartirgan holda: “Ali (k.v.) bu dunyoga yana qaytadi”, deya uning farzandlarini ilohiylashtirgan. Uning bu ta’limotiga islom allomalari qarshi fikr bildirishgan.