Samarqandda XVII asrda va XIX asrning birinchi yarmida hunarmandchilik va savdo

Samarqand XVII asrda hunarmandchilik ishlab chiqarishi va savdo-sotiqning yirik markazi bo’lib qoldi. Hunarmandchilik tobora ixtisoslashdi. To’qimachilik ishlab chiqarishi – turli nav va turdagi ip gazlama va shoyi gazlamalar, dasturxonlar, darpardalar, belbog’lar va boshqa shu kabi buyumlar ishlab chiqarish ayniqsa rivoj topdi. Tayyor kiyimlar tikish katta o’rin egalladi.

To’quvchilarning mahsuloti o’zining yuqori sifati bilan ajralib turar va haqli suratda hurmatga sazovor bo’lar edi. Samarqandda gul solingan turli rangdagi shoyi va atlas gazmollar, abr, ip va shoyi olacha, zandoniy, bo’z, mitqali guldor gazlama va hokazolar ishlab chiqarilardi.

Buxoro bilan savdo qilgan rus savdogarlarning xabar berishlaricha, xonlikda (Samarqand ham shu xonlikka kirar edi) xilma-xil shoyi va ip gazmollar ishlab chiqarilgan. Filipp Yefremovning xotira daftarlarida quyidagilar qayd qilingan edi: “bu yerda ipak qurti boqiladi, bundan ko’pgina ipak olinadi, ipakdan esa zarli va kumushli yo’l-yo’l parchalar, atlaslar, baxmallar, magremantlar to’qishadi, mayda-mayda zar solingan yo’l-yo’l qutnilar va boshqa xil parchalar to’qishadi”.

Samarqand territoriyasida zardo’zlar mahallasi bo’lganligi haqida XVII asr manbalarida eslatib o’tiladi. Ustalar gilam va gilam buyumlari ham to’qishardi.

Yog’ochsozlik hunari keng rivoj topgan edi. Har xil yog’ochlardan, ayniqsa, qattiq pishiq daraxtlardan qishloq xo’jalik asbob-uskunalari (omochlar, panshaxalar, belkuraklar va hokazolar), uy jihozlari, boshmoqlar, charxlar, eshik qulflari, to’qimachilik dastgohlari, egarlar, ustun qoshlari, naqshli ustunlar, eshiklar, mebel va boshqa narsalar tayyorlanar edi. Hunarmandlar orasida duradgorlar, g’isht teruvchi ustalar ham bor edi.

Samarqand o’zining zargarlari bilan shuhrat qozongan edi. Ular kumush va misdan, ba’zan oltindan ham ayollar uchun bezaklar, taqinchoqlar tayyorlashar, ularni qimmatbaho toshlar bilan qoplashardi; ba’zan uzangilarni, shu jumladan, egar-jabduqlarni ham kumush bilan bezatishardi. Bu davrda bo’yoqchilik, sovun pishirish yanada rivojlanadi. Avvalgidek, bu davrda ham Samarqandda sifatli qog’oz ishlab chiqarilardi. A.Vamberining aytishicha, Buxoro va Samarqand qog’ozi Turkistondagina emas, balki qo’shni mamlakatlarda ham ma’lum va mashhur edi.

Bu xil mahsulot tayyorlaydigan hunarmandlar tsexlarga birlashardi. Tsex a’zolari, odatda, shaharning bir mahallasiga yashar edi. Ba’zi mahallalarning nomi bilan tasdiqlaydi. Samarqandda Zargaron (zargarlik bilan shug’ullanuvchi ustalar), So’zangaron (igna tayyorlovchi ustalar), Charmgaron (ko’nchilar), Xarroton (yog’och yo’nuvchi ustalar), Kulolonon (kulollar), Zingaron (egar-jabduqlar tayyorlaydigan ustalar), Sharbatdaron (shirin ichimliklar tayyorlovchilar) va boshqa mahallalar saqlanib qolgan.

Bu davrda O’rta Osiyo boshqa mamlakatlar bilan savdo-sotiq aloqalarining ancha rivojlantirdi. Chunonchi, Samarqand va Buxorodan Rossiya va Hindistonga shoyi va ip gazmollar olib borilar edi. O’z navbatida savdogarlar Hindiston, Eron, Xitoydan turli gazmollarni olib kelishardi. O’rta Osiyoning Moskva davlati bilan savdo aloqalari rivojlangan edi. Savdogarlar Moskva davlatiga ham teri, oshlangan qo’y terisi, jun gazlama, yog’och idish-tovoqlar va boshqa narsalarni olib borishardi.

Samarqand savdogarlari tashqi savdoda ham faol qatnashdilar. Masalan, 1577 yilda Buxorodan Moskvaga borgan savdo elchixonasi sostavida Samarqand vakili Xo’ja To’ra va boshqalar bor edi.

XVII asr O’rta Osiyo bilan Moskva davlati o’rtasida diplomatik tashqi munosabatlari haqidagi ko’pgina rasmiy hujjatlarda Samarqand tilga olib o’tiladi. Masalan, Nodir Muhammadxon (1642-1645) podsho Mixail Fedorovichga (1645 yil mart) yo’llagan maktubida o’zining taxtga o’tirganini va Moskva davlati bilan avvalgidek do’stona munosabatlarni, savdo aloqalarni davom ettirishini va asirlar ayirboshlashni istayotganligini ma’lum qiladi. Nodir Muhammadxon kattakon davlatning boshlig’i ekanligini va bu davlat tarkibiga Samarqandning ham kirganligini maktubida uqtirib o’tadi.

XVIII asrning oxirida Samarqand bozorlariga Rossiya, Xitoy, Hindistondan turli buyumlar keltirilar edi. O’z navbatida Samarqand viloyati ham shu mamlakatlarga qog’oz, olachadan tayyorlangan choponlar, sopol buyumlar, quruq meva, qorako’l teri, ot-ulovlar yetkazib berardi.

XIX asrning birinchi yarmida ichki va tshqi savdoning yanada o’sganligi ko’zga tashlanadi. Shaharda karvon saroylar va do’konlarning ko’payganligi ana shundan dalolat beradi.

XIX asr boshlarida Grigoriy Spasskiy nashr etgan “Aziatskiy vestnik” (“Osiyo axboroti”) dagi “Buyuk Buxoroning eng yangi tavsifi” sarlavhali maqolada Shohmurod hukmronlik qilgan davrdagi ahvol haqida quyidagilar hikoya qilinadi: “Samarqandning o’rtacha navli qog’ozi singari asosan bizga keltiriladigan Miyonqal’a qog’ozi ham o’z joyida 45 so’mdan 55 so’mgacha turadi, bu yerga (Orenburgga) olib kelishgach, u 80 so’m chamasida sotiladi (bir pudi). Teandar va mazdavon deb atalgan past navli qog’ozlar o’z joyida 40 so’mdan 45 so’mgacha, bu yerda esa 60 so’mdan 70 so’mgacha narxda sotiladi”.

Muhammad Rahimxon (1753-1758) o’tmishda ro’y bergan g’alayonlardan zarar ko’rgan Samarqand hayotini qayta tiklashga harakat qildi. U Hisorni bosib olgach, ilgari Samarqandda yashagan kishilarning hammasini bu yerga ko’chirib olib borishni buyurdi. Shu munosabat bilan XVIII asrning 50-yillarida Hisordan Samarqandga bir necha ming oila ko’chirilgan edi. Samarqand XIX asrning o’rtalarida Buxoro xonligining ikkinchi eng muhim savdo va hunarmandchilik markazi hisoblanardi. Bu shaharda 30 mingga yaqin aholi yashar edi.

Fikr bildirish