O’TROQLIK

O’TROQLIK — ma’lum bir hududda uzoq vaqt turg’un hayot kechirish tarzi, ko’chmanchilikning aksi. Qadimiy tosh davri (paleolit)ga mansub yodgorliklarda o’tkazilgan arxeologik qazishmalardan aniqlanishicha, O’troqlik ilk tosh davrining so’nggi bosqichlaridayoq (miloddan avvalgi 500— 150 ming yilliklar) yuzaga kela boshlagan. Bir necha 100 ming yilliklarni qamragan odamzodning uzoq o’tmishida hayot taqozosi bilan shakllanib, uning odatiy turmush tarziga aylangan O’troqlik, shubhasiz, tabiatning injiq ekologik holati bilan uzviy bog’liq holda kechgan. O’troqlik shak-shubhasiz, dastavval tabiatga mutlaq boqim bo’lgan nochor inson hayotida yemak izlab topish, ularni qo’lga kiritish va iste’mol qilishdek tirikchilik yo’lidagi asosiy muammoni birgalikda ko’pchilik bilan hal qilishda muhim o’rin tutgan. Shu bilan bir qatorda O’troqlik odamzodning ijtimoiy va ma’naviy hayotida keskin o’zgarishlarga olib kelgan. Chunki kishilik tarixining tadrijiy taraqqiyoti davomida O’troqlikning umumiy holati va hayotiy mohiyati o’zgarib borgan. Shu boisdan O’troqlik shakllanish, muqimlanish va rivojlanish kabi bosqichlarni o’tagan. Arxeologik tadqiqotlardan ma’lum bo’lishicha, O’troqlik O’zbekiston hududlarida, ayniqsa, o’rta paleolit davri (muste — miloddan avvalgi 150-60 ming yilliklar) hamda yuqori paleolit (miloddan avvalgi 50-12 ming yilliklar) mobaynida sodir bo’lgan muzlik davrlarining tabiiy sharoitida muqimlashadi. Uzoq davr davomida bir joyda kechgan o’troq ovchilik oqibatida ibtidoiy maskan sahnlari ostida qalin madaniy qatlamlar hosil bo’lgan. Bunday madaniy qatlamlar O’troqlik va u bilan bog’liq kechgan ibtidoiy odam to’da va to’plarining hayotini o’rganishda nodir manba hisoblanadi. Madaniy qatlam qatlarida saqlangan ashyoviy topilmalar (tosh qurollar, turli xil hayvonlarning minerallashgan suyaklari, o’simlik qoldiqlari va boshqalar) ibtidoiy odamlarning turmush tarzi bilan bir qatorda uzoq o’tmishning tabiati, xususan, ob havosi, flora va faunasining umumiy manzarasidan guvohlik beradi. Masalan, Toshkent viloyatining Ohangaron vodiysida Qizilolmasoy yoqasida qayd etilgan Ko’lbuloq makonida o’tkazilgan arxeologik qazishmalardan ma’lum bo’lishicha, yodgorlik ostida 20 metrdan oshiqroq qalinlikda madaniy qatlam yuzaga kelgan. Ashyoviy topilmalarning guvohlik berishicha, ChatqolQurama tog’ etaklarida qaror topgan bu ibtidoiy maskanda odamzod ko’l yoqasida qariyb 500 ming yil davomida muqim yashab ovchilik bilan shug’ullangan. Jahon arxeologiyasida Ko’lbuloq makoni noyob yodgorliklar qatoridan o’rin olgan. O’troqlik davriga mansub yodgorlik Toshkent viloyatining Bo’stonliq tumanida joylashgan Obirahmat g’orida qayd etilib, o’rganilgan. U miloddan avvalgi 55-35 ming yilliklarga mansub. Obirahmat g’orida hosil bo’lgan madaniy qatlamning qalinligi qariyb 10 metrga boradi. Yuqori paleolit davriga oid bu qadimiy maskanda istiqomat qilgan eng qadimiy ovchilar 20 ming yildan ziyodroq muddatda muqim o’troq holda turli hayvonlar: arxar, bug’u va boshqalarni ov qilish bilan kun kechirganlar. Qayd etilgan antropologik (bosh chanoq bo’lagi, tishlar va yelka suyaklar kabi) topilmalar Obirahmat g’oridan boshpana sifatida foydalanishgan qadimiy ovchilar aqlli odamga mansub ekanidan dalolat bermoqda. Shubhasiz odam to’dalarining ming yilliklar osha bir joyda muttasil birgalikda yashashi — O’troqlik tufayli qadimiy odamni hozir zamon insonlari qiyofasiga kirib borishga imkon berdi, balki ayollar bilan erkaklar o’rtasida mehnat taqsimotini yuzaga keltirib, ularning ijtimoiy hayotiga ham kuchli ta’sir etdi. O’troqlik odam to’dalari o’rtasida oila va urug’doshlik munosabatlari shakllanishiga olib keldi. O’troqlik hozirgi O’zbekiston hududlarida, ayniqsa, neolit va jez davrlari (miloddan avvalgi 4-2 ming yilliklar)da kengayib, ovchilikdan chorvachilikka, termachilikdan dehqonchilikka o’tildi. Ayrim vodiy va mintaqalarda bu xo’jaliklar asosida tarix sahnasida qator arxeologik madaniyatlar shakllandi. Daryo vodiylari bo’ylab bir nechta o’troq qishloqlar yuzaga kelib, ayrim dehqonchilik vohalari shakllana boshladi. Odamzod endilikda tabiat boqimidan, yaratuvchilik bosqichiga ko’chdi. Odamzodning ijtimoiy hayotida urug’aymoqchilik munosabatlari takomillashib, ota urug’doshligi (patriarxat) davri boshlandi. Vohalarda o’troq dehqon jamoalari tashkil topdi. Jez davri oxirlarida dehqonchilik va chorvachilik kengayib, xo’jalik yuritishning hayotiy asosiy yo’nalishiga aylandi, hunarmandchilikning turli tarmoqlari (kulolchilik, misgarlik, yog’ochsozlik, qurolsozlik va boshqalar tarmoqlari) rivoj topdi. Ayni vaqtda ketmon (motiga) bilan ekin yerlarini ag’darib, ularga ishlov berish, daryo tarmoqlari, soy jilg’alaridan kanal qazib chiqarib, sug’orma dehqonchilikka o’tildi. Surxondaryo vodiysida Sopollitepa va Jarqo’ton, Samarqand yaqinida Sarazm yodgorligida qazib ochilgan guvala va paxsadan bino qilingan bir xonali uy va atrofi devor bilan o’ralgan istehkomli turar joylarning qoldiqlari; Xorazm, Buxoro, Toshkent va Farg’ona vodiysining ayrim tumanlarida tadqiq etilgan yarim yerto’la shaklidagi boshpanalar; mehnat va jangovar qurollar, zeb-ziynat buyumlari, yorg’uchoq va yorma toshlar hamda sug’orish tarmoqlarining quruq izlari miloddan avvalgi 2 ming yillikka mansub o’troqlikning ashyoviy qoldiqlaridir. Miloddan avvalgi 1-ming yillikning boshlari (temir davri)da ishlab chiqaruvchi xo’jaliklarda qurol va asboblar yasashda temirdan foydalanishga o’tilishi, dehqonchilik va chorvachilikdan hunarmandchilikning alohida xo’jalik sifatida ajralishi taraqqiyotning turli tarmoqlari rivoj topib, qadimiy shaharlar (Samarqand, Buxoro, Xiva, Kesh, Naxshab, Kat va boshqalar) qad ko’taradi. O’troq sug’orma dehqonchilik madaniyati kengayishi asosida o’troq qishloq jamoalari rivojlanish yo’liga o’tib, u o’troq, dehqonchilik, shaharsozlik va dasht yo’li bo’ylab chorvachilik kabi 3 yo’nalishda taraqqiy eta boshlaydi. Shunday qilib, O’troqlik tufayli tamaddunga asos solinadi. Natijada shaharsozlik rivoj topib, shaharlarning soni ortadi va gavjumlashadi. Hatto yirik shaharlar ayrim dehqonchilik vohalarining markaziga aylanadi. Shaharlarda ichki ayirbosh savdo va mintaqalararo tashqi savdo yuzaga keladi. Shu bilan bir qatorda daryo va soylardan yirik sug’orish tarmoqlari chiqarilib, sug’orma dehqonchilik maydonlari kengayadi, mulkchilikning jamoa, xususiy va ibodatxonalarga tegishli yerlar kabi turli shakllari paydo bo’ladi. Ayrim voha, el-yurt boshqaruvining o’ziga xos tizimlari yuzaga kelib, dastlabki harbiy demokratik davlatlar tashkil topadi (Xorazm, Baqtriya davlatlari, Sug’d va Choch konfederatsiyasi va boshqalar). Qadimgi va o’rta asrlar davomida Markaziy Osiyoning keng hududlarini o’z tasarrufi ostida birlashtirgan va 3 taraqqiyot yo’nalishi (o’troq dehqonchilik, shaharsozlik, ko’chmanchilik) asosida shakllanib rivoj topgan Qang’, Kushon, Eftaliylar, Turk xoqonligi, Somoniylar, Qoraxoniylar, Amir Temur va Temuriylar kabi yirik davlatlar tashkil topadi. Shubhasiz, bu davrlarda vodiy va voha aholisining asosiy qismi (xorazmliklar, baxtarliklar, sug’diylar, farg’onaliklar va chochliklar) o’troq yashab, dehqonchilik va hunarmandchilik bilan hayot kechirganlar. Vohalarga tutashgan dashtu cho’llarda istiqomat qilgan qabilalar esa chorvachilik bilan shug’ullanib, o’tloq yaylovlar oralab bir yerdan ikkinchi erga ko’chib yurganlar. Vohalar atrofida yaryuvchi aholi esa yarim O’troqlikda yashab, ularning xo’jaligida chorvachilik bilan bir qatorda dehqonchilik ham muhim o’rin tutgan. qadimiy va o’rta asrlarda hunarmandchilik, dehqonchilik mamlakatlararo tashqi savdo aloqalarining yanada kengayib gavjumlashuvi bilan O’troqlik yanada kuchayib, dehqonchilik qishloqlari va hunarmandchilik shaharlarining soni ko’payib, ular gavjumlashgan. Biroq, aholining ma’lum bir qismi (asosan, cho’l va dashtliklar) to 20-asrga qadar ko’chmanchilik bilan kun kechirganlar. Yillar o’tishi bilan, o’troq xalqlar madaniyatining ta’siri ostida, ko’chmanchi va yarim o’troq bo’lib qolgan aholi vohalar atrofidagi joylarni egallab, shu yerlarda asta-sekin o’troqlashib qolgan. O’zbek xalqining asosiy qismi qadimdan o’troq yashab kelgan. Bular yuqori madaniyatga erishgan O’rta Osiyo xalqlari bo’lib, dehqonchilik, hunarmandchilik, me’morlik, yozuv va boshqalar madaniyat turlari juda taraqqiy etgan. U dehqonchilik, hunarmandchilik va shaharsozlik madaniyatini yuqori darajaga ko’tarib, yuksak davlatchilikni barpo etgan. Ad:. Gumilev L.N., Drevnie Tyurki, M., 1961; Suleymanov R.X., Statisticheskoe Izuchenie kulturi grota Obiraxmat, T., 1972: bun iyotov 3 .M., Anushteginxorazmshohlar davlati (1087-1231), T., 1998; Grot Obiraxmat, Novosibirsk, 2004. Abdulahad Muhammadjonov.