O’LMASOV AHMAD

O’LMASOV AHMAD (1932.10.10, Toshkent) — iqtisodchi olim, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1982), iqtisod fanlari doktori (1969), professor (1971). O’rta Osiyo universitetining tarix fakultetini tugatgan (1954). O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Iqtisodiyot institutida ilmiy xodim (1958-61). Toshkent tibbiyot instituti (1961-76), Toshkent xalq xo’jaligi instituti (1976-91) siyosiy iqtisod kafedralari mudiri, Toshkent moliya institutida ilmiy ishlar bo’yicha prorektor (199-196). 1996-2004 yillarda O’zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasining iqtisodiyot, moliya va bank ishi nazariyasi kafedrasi mudiri. Ilmiy ishlari iqtisodiyot nazariyasi, bozor iqtisodiyoti, iqtisodiy ta’limotlar tarixi, xalq xo’jaligi tarixi muammolariga bag’ishlangan. Iqtisodiyot nazariyasi bo’yicha darsliklar, o’quv qo’llanmalari, lug’at va ma’lumotnomalar yaratgan. Ko’p qismli «hammabop iqtisodiyot» videofilmi muallifi. As: Iqtisodiyot nazariyasi (hammualliflikda), T., 1995; bozor iqtisodiyoti (hammualliflikda), T., 1991; Iqtisodiyot asoslari, T., 1997; Iqtisodiy bilim asoslari, T., 2002.