Navro’zning yangilanishi
Tabiatda tun va kunning teng bo’lishi, bahorning kirib kelishi, dalalarda ish boshlanishidan darak beruvchi, xalq tomonidan keng nishonlanuvchi Navro’z bayrami o’tgan davrlarda muayyan taqiqlarga duch kelsa-da, u xalq istagi bilan qayta tiklandi va 1990 yildan boshlanib, mamlakatimizning rasmiy bayramiga aylantirildi.
Avvallari Navro’z tabiat uyg’onishi, yangi qishloq xo’jalik mavsumini shodu-xurramlik bilan kutib olish tantana bo’lgan bo’lsa, u 90-yillardan boshlab yangilangan Navro’z sifatida tabiat va inson o’rtasidagi munosabatlarni uyg’unlashtiruvchi, tabiat go’zalliklari va boyliklarini saqlash, ko’paytirishga da’vat etuvchi, atrof-muhitni obodonlashtirish va ko’kalamzorlashtirish, inson mehnatini ulug’lash kabi ulug’vor ishlarni amalga oshirishga chaqiruvchi tadbirga aylandi. Zamonaviy mohiyat kasb etgan yangicha Navro’z mohiyatini yaxshiroq tushunish uchun avvalo, uning 90-yillarda respublikamizning turli hududlaaridagi tiklanish tajribalari bilan tanishish lozim. Chunki bu bayram turli joylarda mahalliy sharoit va mavjud imkoniyatlar asosida rang-barang usul, shakllarda yangilana boshlandi.
Farg’onada Navro’z arafasida hamma joyda hovlilar, uylar, ko’chalar tozalanib, bezatiladi. Kechki payt esa, kishilar bir-birlarinikiga mehmonga borib, keksalar ziyorat qilinadi, ota-onalar, ustozlar va tabarruk kishilardan xabar olinadi, o’zaro aralashgan, gina-qudurat qilganlar yaratishriladi va hokazo. Farg’ona viloyatining ko’pgina qishloqlarida ham Navro’z bayramini tashkil qilish juda yaxshi yo’lga qo’yilib, u ikki kun davomida o’tkaziladi. Odatda, bayram “Bahorxonim” ning o’z dugonalari bilan bezatilgan ochiq mashinada aholi yashaydigan ko’chalarni karnay-surnay sadolari jo’rligid aylanishi bilan boshlanadi. “Bahorxonim” qishloq yoki mahallaning markaziy maydonlarida to’xtab, o’lkaga bahor kirib kelgani bilan aholini tabriklaydi, hammani Navro’z bayrami tantalari bo’ladigan joyga taklif qiladi. Shundan so’ng joylarda o’yin-kulgilar uyushtiriladi.
Bayramning ikkinchi qismi madaniyat va istirohat bog’ida “Bahorxonim” va uning dugonalarini tantanali kutib olish bilan boshlanadi. Keyin “Bahorxonim” va mehmonlar maxsus bezatilgan minbarga ko’tarilishadi. “Bahorxonim” bayram qatnashchilariga shodlik, do’stlik va obodonchilikka oid o’z shartlarini aytadi. So’ng oldidan belgilangan joyda “Bahorxonim” birinchi bo’lib niholni ekadi. Bayramning boshqa qatnashchilari ham daraxt o’tqazishadi.
Navro’zning uchinchi qismida bahor kirib kelishi, yangi hosil yili boshlanishiga bag’ishangan tematika dastur (ommaviy tomosha yoki teatrlashtirilgan konsert) namoyish qilinadi. Buning uchun sahna bayramga mos bezatiladi va uning atrofiga stol-stullar qo’yiladi. Dasturxonlar yalpiz, ko’k piyoz, ko’katli somsalar va patirlar, meva sharbatlari, lazzatli an’anaviy taom bo’lgan sumalak bilan bezatiladi. Bayramning teatrlashtirilgan dasturidan bahorga bag’ishlangan mushoiralar, qo’shiq va raqslar, askiya va intermediyalar, ilg’or ishchilar, faxriylar va yoshlarning tabrik nutqlari ham o’rin oladi.
Navro’z bayramining keyingi qismi ommaviy sayillar, xalq o’yinlari, sport musobaqalariga (kurash, otchopar o’yinlar, shaxmat-shashka kabilarga) ulanib ketadi.
Quvada Navro’z har yili an’anaviy tarzda, maxsus ssenariy asosida tashkil qilinadi. Badiiy havaskorlik jamoalari konsertlar berishadi. Tomoshalar, xalq o’yinlari, sport musobaqalari o’tkazilib, ushbu bayram haqiqiy xalq sayliga aylanib ketadi.
Toshkent shahrining Yunusobod tumanida ham Navro’z “Bahorxonim” va dugonalarning mahalla ko’chalarini aylanishi, aholini tabriklashi bilan boshlanib, joylarda o’yin-kulgi uyushtirishi hamda daraxtlar o’tkazish kabi marosimlardan tashkil topadi. So’ng Navro’zga bag’ishlangan tomoshalar, sayillar, musobaqalar, ommaviy o’yinlar va bazm uyushtiriladi.
Qashqadaryo viloyatida Navro’z bayrami mehnat ilg’orlariga mukofotlar, Navro’z arafasida tug’ilgan chaqaloqlarning ota-onalariga guvohnomalar, voyaga yetgan yoshlarga passport topshirish kabi turli marosimlarga bog’lab o’tkazilgan. Bunday marosimlar Navro’z bayrami mazmunini yanada boyitib, uning g’oyaviy-estetik ta’sirchaligini oshiradi.
Navro’z bayrami Qashqadaryo viloyatining Arabxona qishlog’ida ham katta tantana bilan o’zgacha tartibda nishonlanadi. Bu yerdagi urf-odatlar, an’analar o’zining qiziqarligi bilan kishini rom qiladi.
Navro’zdan ikki kun oldin kechqurun karnay-surnaylar, nog’ora-tanburlar chalinib, jarchilar tepalik ustidan turib e’lon qiladilar. 20 mart esa ertalab soat 7:00 dan boshlab butun arabxonaliklar turli-tuman taomlar pishirib gilam-ko’rpacha, dasturxon, choynak-piyolalari bilan baland tepalik ustiga chiqishadi. Yangi kelin olgan qaynona va qaynotalar Navro’zdan uch kun oldin o’rik turshagidan sharbat tayyorlab qo’yishadi. 20-martda tepalik ustiga katta dasturxon yoyib, bitta qo’y so’yib, dasturxon bezab, barcha kelin tomonning qarindosh-urug’larini chaqirib, ularga bir kosa o’rik sharbatidan “Gumingba” suzib berishadi. Keyin qo’y go’shtidan tayyorlangan shirin, mazali oshga taklif etadilar. Bu odatni barcha yangi kelin olgan qaynona-qaynotalar bajarishadi. O’rik sharbati berishning ramziy ma’nosi – qishda a’zoyi badanlarimizda qolgan boylarni haydab chiqarsin deb kelgan mehmonlarga birinchi haydab chiqarsin deb kelgan mehmonlarga birinchi o’rik sharbatini berishadi. Ikkinchi, oshga taklif etishning ramziy ma’nosi barcha ichak-chavog’im izni yog’lasin, degan ma’noda toza zig’ir yog’idan va qo’y go’shtidan qilingan oshga taklif qilishaid Shu kuni barcha Arabxona qishlog’i aholisi tepalik ustida yig’ilib, ovqatlanib, o’yin-kulgi qilishadi. Kimdir doira chertsa, kimdir tor chaladi, kimlar qo’shiq aytadi, kimlar raqsga tushadi. Shunday qilib o’sha kuni san’atkorlar ham, raqqosalar ham xalq ichidan chiqadi. Chetdan san’atkorlar taklif qilinmaydi. Navro’z bazmi kechgacha davom etadi. Bu bazmning o’z qonun-qoidalari bor: odamlar tepalikka chiqmasdan 3 kun oldin uydagi barcha gilam – ko’rpacha, parda, qozon-tovoq kabi narsalarni yuvib, quritib hamma joylarini toza-ozoda tutib, kiyimlarini yuvib, dazmollab qo’yishadi. Hamma odamlar tozalikka rioya qiladi va uchinchi kun tepalikka chiqishadi.
Shahrisabz Navro’z bayrami dasturida O’rta Osiyoning buyuk allomalari – Firdavsiy, Beruniy, Umar Hayyom, Navoiy, Zavqiy, Muqimiylarning Navro’z haqidagi fikrlari, she’rlaridan keng foydalaniladi. Navro’zning bunday tarzda o’tkazilishi ham ilmiy, ham madaniy, ham amaliy ahamiyatga ega.
Forishda Navro’z bayrami tabiat qo’ynida o’tkaziladi. Tuman markazi aholisi Navro’z kuni ertalabdan bayram o’tkaziladigan joyga yo’l olishadi. Bayramning ochilish qismida tuman rahbarlari, ilg’or chorvadorlar, dehqonlar so’zga chiqadi. So’ng tuman madaniyat uyi qoshidagi “Chorvador” xalq ansambli, “Chuchnoma” folklore jamoasi, Toshpo’latovlar oilasi ansambli, 6-hunar-texnika bilim yurti havaskor qizlari katta bayram konsertini tomoshabinlar e’tiboriga havola etishadi. Undan keyin kurash, arqon tortish, ot sporti musobaqalari, xalq o’yinlari boshlanadi. Ko’pgina oilalar bayram bo’layotgan joyga turli taomlar tayyorlab chiqishadi. Tushlik vaqtida ular tabiat qo’ynida dasturxonlar yozib, yoru do’stlari, qarindosh-urug’lari va tanish-bilishlarini ziyofatga taklif qilishadi. Bayram kechqurungacha davom etib, so’g tuman markazidagi istirohat bog’ida nihoyasiga yetkaziladi. Bu yerda yoshlar kechalari, ommaviy raqslar va qiziqarli o’yinlar uyushtiriladi.