Xonliklarning geosiyosiy o’rni, davlat boshqaruvi va ijtimoiy hayoti

Buxoro amirligi o’zbek xonliklari orasida o’zining hududiy o’rni, aholisi va tabiiy resurslari jihatidan muhim mavqega ega edi. XIX asrga kelib, Buxoro amirligining hududi qariyb 200 ming kvadrat kilometrni tashkil etdi. Uning chegaralari janubda Amudaryoning so’l qirg’og’idan boshlanib, Sirdaryogacha cho’zilib qozoq juzlari bilan chegaradosh edi. Amirlik Sharqda Pomir tog’laridan G’arbda Xiva xonligi chegaralarigacha bo’lgan hududni egallab turardi. Buxoro va Samarqand kabi yirik shahar joylashgan Zarafshon vodiysi amirlikning markaziy qismi hisoblanardi. Qashqadaryo va Surxondaryo vohalari, hozirgi Tojikiston hududidgi Vaxsh, Kofirnihon, Panj daryolari vodiysida joylashgan shahar va qishloqlar, shuningdek, Turkmaniston hududiga kirgan Murg’ob daryosi vohalaridagi yerlar ham Buxoro amirligiga qarar edi.

Buxoro amirligining poytaxti Sharqda eng mashhur shahar sifatida e’tirof etilgan Buxoroi sharif edi. Yirik shaharlardan Samarqand, Qarshi, Shahrisaabz, Kitob, G’uzor, Termiz, Sherobod, Hisor, Dushanbe, Ko’lob va boshqalar amirlik tasarrufida edi. Marv va Chorjo’y shaharlari uchun Buxoro amirligi bilan Xiva xonligi o’rtasida, Jizzax, O’ratepa va Xo’jand shaharlari uchun Buxoro amirligi bilan Qo’qon xonligi o’rtasida tez-tez urushlar bo’lar, bu shaharlar qo’ldan-qo’lga o’tib turardi.

XIX asrning birinchi yarmida Buxoro amirligida 2 million atrofida aholi istiqomat qilardi. Aholining katta qismi amirlikning sersuv vohalarida yashar, jazirama issiq, suvsizlik hukmronlik qiluvchi Qizilqum, sahrolari va cho’llari deyarli kimsasiz yastanib yotardi. Zarafshon vodiysida 300-350 ming, Qashqadaryo vohasida – 500 ming, Surxondaryo vohasida – 200 ming, Sharqiy Buxoroda – 500 ming aholi yashar edi. Amirlikning yirik shaharlari – Buxoroda – 60 ming, Samarqandda – 50 mingga yaqin nufus istiqomat qilardi.

Aholi etnik jihatdan ko’pgina qavm-uruglardan iborat bo’lib, ularning qariy 57 foizi o’zbeklar edi. O’zbeklar bir qancha elatlardan tashkil topgan bo’lib, ular orasida mang’it, saroy, qo’ng’irot, jabg’u, qarluq, qalmoq, nayman, qipchoq, ming, yuz qabilalari ko’pchilikni tashkil etardi. Ular asosida Zarafshon, Qashqadaryo va Surxondaryo vohalaridagi shahar va qishloqlarda istiqomat qilar edilar.

Aholining aksariyat qismi dehqonchilik, chorvachilik bilan shug’ullangan. Sug’oriladigan yerlarda paxta, bug’doy, sholi, jo’xori ekilib, bog’ va poliz mahsulotlari ham yetishtirilgaan. Chorvachilikda qo’ychilik, qorako’l yetishtirish; hunarmandchilikda gilamdo’zlik, o’ymakorlik, zardo’zlik, tegirmonchilik, ko’nchilik, to’quvchilik, temirchilik, kulolchilik, beshikchilik, sandiqchilik, etikdo’zlik, moyjuvozlik, sovungarlik keng rivojlangan.

Amirlikning iqtisodiy hayotida qoloqlik, turg’unlik hollari mavjud edi, aholining turmushi past darajada edi. Yerga egalik shakli ming yillar davomida o’zgarmay kelmoqda edi, aholiga solinadigan soliq va jarimalar haddan tashqari ko’p edi. Aholining sotib olish qobiliyati pastligi hunarmandchilikning rivojlanishiga to’sqinlik qilardi. Hunarmandlar ozgina daromadga ham qanoat qilardi, ustaxonalarni kengaytirishga mablag’ topolmasdi.

Buxoro amirligi yakka hokimlik tizimidagi davlat edi. Amirlikda eng katta davlat lavozimi – qushbegi bosh vazir lavozimiga teng amaldor edi. Bir so’z bilan aytganda, barcha ijroiya hokimiyat qushbegining qo’lida edi. Viloyat va tuman hokimlari ham qushbegi tavsiyasiga binoan tayinlangan. Qushbegi xon istiqomaat qilib turgan arki oliyda yashagan.

Devonbegi xonlikning moliya-xazina ishlarini boshqargan. Soliq va jarimalarning undirilishi ustidan nazoratni ham devonbegilar amalga oshirgan. Devonbegi idorasi arkdan pastda joylashgani uchun uni quyi qushbegi deb ham atashgan.

Mang’itlaar davrida shayboniylar, ayniqsa, ashtarxoniylar zamonida katta mavqe kasb etib kelgan otaliq asosan Samarqand va Buxoro, ya’ni amirlikning markaziy qismini sug’orish ishlari, suv taqsimoti bilan bog’liq tadbirlarga bosh-qosh bo’lgan.

Shuningdek, amirlikda parvonachi (oliy hukmdor yorliqlarini amaldorlar, umuman tegishli kishilarga yetkazuvchi), dodxoh (jabrlanuvchilar arzini amirga yetkazish va javobini olib berishga mas’ul) kabi vazifalar bor edi. Ammo mazkur davlat lavozimlarining mavqei ko’proq shu mansabdagi shaxs nufuzi bilan o’lchangan. Xuddi shunga o’xshash holat inoq vazifasida ham o’z aksini topgan. Inoq (bosh inoq) o’z lavozimiga ko’ra, oliy hukmdor buyruqlarini hukumatdagi oddiy xizmatchilarga yetkazish, demak, buyruqni amalga oshirishni tashkil qilish va umuman hali davlat mansabini egallamagan, lekin hokimiyat xizmatida bo’lganlar bilan shug’ullangan. Bundan tashqari kichik inoq xizmati bo’lgani ham ma’lum.

Amirtug’i sohibi bo’lgan to’qsabo mansabi ham oliy maqomda edi. U oliy hukmdor – davlat bayroqdori hisoblansa-da, tantanali marosimlarda ishonchli shaxs sifatida hukmdor oldiga taom tortish kabi mas’uliyatli tadbirlarni ham bajargan. Shu bilan birga unga biron-bir tuman ham biriktirib qo’yilgan. Boshqacha aytganda, daromad manbai shu tumandan bo’lgan. Ammo XIX asrga kelib esa mazkur lavozim egasi xuddi dodxoh kabi harbiy vakil darajasiga ko’tarilgan. Harbiy ishlar bo’yicha eng yuqori darajada esa harbiy vazir turgan. Uni ko’proq lashkar to’pchiboshisi deb ataganlar. Aniqrog’i, u to’pchilar qismining qo’mondoni hamda Buxoro garnizoni boshlig’i – lashkar boshlig’i sanalib, amalda harbiy vazir vazifasini o’tagan. To’pchi qismlar boshlig’ining bunday yuksak qadrlanishini shunday tushuntirish mumkin: bu vaqtga kelib harbiy san’at va urushda to’pchilar, ya’ni eng zamonaviy qurol ustalarining o’rni alohida bo’lgan.

Shuningdek boshqaruvda ko’kaldosh (mamlakat miqyosida xavfsizlik xizmati boshlig’i), boshqa xoja (haram xodimlari boshlig’i), mehtar, kutvol (qurilish ishlariga mas’ul), bakovulboshi, kichik urog’ (oliy hukmdor va amaldorlarning xizmatidagilarni nazorat qilib turuvchi xodim), eshikog’aboshi, mirohur, ko’rchiboshi (qurol-aslahaga mas’ul), qorovulbegi (shahar, yo’llar posboni), udaychi (urush paytida harbiylarni turiga qarab taqsimlovchi), shig’ovul (elchilar qabulini uyushtiruvchi) kabi qator lavozim va xizmatlar ham bo’lganki, ular o’zlarining to’g’ridan-to’g’ri vazifalaridan tashqari amirlik siyosiy hayotida tutgan shaxsiy mavqelari bilan ham qadrlanganlar. Shunga ko’ra o’z-o’zidan ular egallab turgan lavozimning qadr-qimmati ham oshgan.

Amirlikning siyosiy-ma’naviy hayotida ulamolarning ta’siri ulkan edi. Dunyoviy va diniy hokimiyatni o’zida gavdalantirgan shayhulislom amirdan keyingi ikkinchi shaxs darajasidagi mavqeda edi. U shariatpanoh bo’lib, unga barcha adliya tizimini boshqaruvchi qozikalon bo’ysungan. Qozikalonning vakolatiga quyidagilar kirgan: ijtimoiy adolat bilan bog’liq masalalar, xususan, bozor, ko’cha-ko’ylardagi ahxol, madrasalardagi ta’lim, vaqf ishlari, yo’qolgan vaqf hujjatlarini tiklaash, yetim va bevalar haq-huquqini himoya qilish, karvonsaroylardagi tartib va hokazo. Amir Shoh Murod davrida qozilik tizimida qator o’zgarishlar bo’lgani ham ma’lum. Chunonchi, oliy mahkama ta’sis etilib, uning ishida 40 nafar faqih (qonunshunos) faoliyat ko’rsatgan. Shoh Murodning bu boradagi islohotlarining ahamiyati shundaki, sud jarayonida ayblanuvchi ham, jabrlanuvchi ham albatta ishtirok etishi kerak bo’lgan. Biron-bir tomon egallab turgan yuwori lavozimi orqasida javobgarlik, guvohlikdan bosh tortolmagan. Shuningdek, mazkur tizimda muftiy (rivoyat va fatvo bilan ta’minlovchi), rais (muxtasib), sadr (vaqf mulklari hisob-kitobi va nazorati bilan shug’ullanuvchi) kabi xizmatlar ham bo’lgan.

Buxoro amirligi 27 beklik: Karmana, Xatirchi, Ziyovuddin, Nurota, Qarshi, Kitob, Shahrisabz, Chiroqchi, Yakkabog’, G’uzor, Boysun, Sherobod, Denov, Karki, Chorjo’y, Hisor, Ko’lob, Qorategin, Darvoz, Baljuvon, Sho’g’non-Ro’shon, Qo’rg’ontepa, Qobodiyon, Kalif, Bo’rdalik, Qobog’li va Xorazm bekliklaridan iborat edi. Bekliklar mahalliy qabila boshliqlari, katta mulk egalari tomonidan boshqarilgan. Har bir beklikni amir tomonidan tayinlab qo’yiladigan hokimlar – beklar idora qilgan. Hokim huzurida yuzlab mahalliy ma’murlar xizmat qilgan. Manbalar, amirlikda mahalliy ma’murlar shtati 30 ming kishini tashkil etganligidan guvohlik beradi. Hokim va uning xizmatkorlariga maosh davlat xazinasidan berilmas edi, ular mahalliy aholidan olinadigan turli-tuman soliq va to’lovlar hisobiga tirikchilik qilishganlar.

Amirlikning harbiy kuchlarini otliqlar va sipohlar tashkil qilgan. Qo’mondonlik lavozimlaridagi zobitlarning harb ilmi talab darajasida bo’lmagan. Harbiylar harbiy mashqlarga nisbatan ko’proq jismoiy mehnat bilan band bo’lganlar. Qo’shinda yuzboshi, mingboshi singari harbiy lavozimlar bo’lib, umumiy qo’mondonlikni lashkarboshi boshqargan. Amirlikning qo’shini muntazam bo’lmagani sababli, zaruriyat bo’lganda ularni to’plash qiyin kechgan.

Buxorodagi vaziyat ko’p jihatdan Xiva xonligiga ham xos bo’lgan. Xonlik januda Eron, Sharqda Buxoro amirligi, G’arbda Kaspiy dengizi, Shimolda qozoq juzlari bilan chegaradosh edi. Suvsiz va poyonsiz Qoraqum, Qizilqum sahrolari Xiva xonligini geografik jihatdan boshqa mamlakatlardan ajratib qo’ygan edi. Amudaryo sohillarida joylashgan Xiva, Urganch, Kat, Ko’hna Urganch, Xazorasp, Qo’ng’irot, Xo’jayli, Kurdlar (hozirgi Chimboy) shaharlari xonlikning yirik shaharlari hisoblanar edi. O’rta Osiyoning eng boy savdo markazlaridan biri bo’lgan Xiva shahri 1598 yildan boshlab xonlikning poytaxti bo’lgan. Shahar ikki qism – Ichon qal’a (shaharning ichki qismi) va Dishon qal’a (shaharning tashqi qismi) dan iborat edi. Ichan qal’ada xon qarorgohi va harami, 17 ta masjid, 22 madrasa, karvonsaroy va bozor joylashgan. 1842 yilda Dishan qal’a qurilib, devor bilan o’rab olingan. Dishan qal’ada hunarmandlar, savdogarlar, mardikorlar, qisman dehqonlar istiqomat qilganlar.

Aholining ko’pchilik qismini o’zbeklar tashkil qilib, ulardan eng kuchli va ko’p sonlilari qo’ng’irot, nayman, qiyot, uyg’ur, nukuz, qang’li, xitoy, qipchoq qabilalari edi. O’zbek qabilalari asosan Amudaryo tarmoq yoygan qismda, kanal bo’ylarida joylashgan. Aholining anchagina qismini (taxminan to’rtdan birini) turkmanlar tashkil etgan. Turkmanlar qadimgi o’g’izlarning avlodlari bo’lib, forscha so’zlashuvchi mahalliy xalqlar va o’zbeklar bilan qorishib ketgan edi.

Qoraqalpoqlar yashaydigan Amudaryoning quyi havzasi va Orol dengizining janubiy qirg’oqlari ham Xiva xonligi tasarrufida edi. Dehqonchilik, chorvachilik, baliqchilik, ovchilik qoraqalpoqlarning asosiy mashg’uloti edi.

Muhammad Rahim I (1896-1825 yillar) davrida Xiva xonligidagi o’zaro urushlar biroz pasaydi, xonlikni birlashtirish nihoyasiga yetdi. Mamlakatda o’tkazilgan soliq islohoti, bojxonaning joriy etilishi, oltin pul chiqarilishi xo’jalik ishlariga o’zining ijobiy ta’sirini ko’rsatdi. O’z vaqtida yig’ib olingan soliqlar xonlik xazinasi, daromadini oshirdi. Xonlikda eng nufuzli lavozim qushbegi (bosh vazir) bo’lib, u soliqlarni to’lash va xonning muhim topshiriqlarini bajarish bilan shug’ullangan.

Saroyda otaliq, rais, qozikalon, shayxulislom, mirobboshi, mirshabboshi, to’pchiboshi, yasovulboshi kabi mansabdor xon xizmatida bo’lgan. Devonbegi xonning oliy devonini idora qilgan. Xazinachi xonlikning kirim va chiqim hamda sarf-xarajatlarini yuritar, bu haqda xon yoki qushbegiga hisob berib turar edi.

Xonlikdagi eng katta mansab va unvonlar inoq, otaliq, biy hisoblangan. Bunday lavozimga ko’tarilganlar xonga eng yaqin kishilar bo’lib, ular soliqlardan ham ozod qilinganlar. Bunday lavozimga tayinlanganlar xon farmoni orqali e’lon qilingan va ularning qo’lida yorliqlar berilgan.

Saroyda mirzaboshi, munshiy, mahramboshi kabi mansabdorlar ham bo’lgan.

Ma’muriy-hududiy jihatdan Xiva xonligi Xazorasp, Gurlan, Xonqa, Ko’hna-Urganch, Qo’shko’prik, Pitnak, G’azovot, Kat, Shohabbos, Shovot, Toshhovuz, Ambor-manoq, Urganch, Xo’jayli, Shumanoy, Qo’ng’irot kabi beklik yoki viloyatlarga bo’lingan. Xonlik tarkibida Beshariq va Qiyotqo’ng’irot noibliklari ham bo’lgan. Bekliklarni xon tomonidan tayinlangan beklar, noibliklarni noiblar idora qilgan. Bek va noiblar huzurida ularga xizmat qiluvchi ko’pdan-ko’p mansabdorlar bo’lgan.

Xiva shahri shaxsan xonning va qushbegining izmida bo’lgan. Shahar ichki tartiblari va osoyishtaligi mirshabboshi, jinoiy ishlarni ko’rish va jazo tayinlash shahar qozisi, poytaxtni tasodifiy hujumlardan himoyalash to’pchiboshi va Ichan-qal’a, Dishon-qal’a kutvoli zimmasida bo’lgan.

Xiva xonligida taxminan 40 ming otliqdan iborat qo’shin bor edi. Qo’shinga lashkarboshi qo’mondonlik qilgan. Askarlik xizmatida bo’lganlar soliqlardan ozod qilingan. Harbiy yurishlarda qatnashgan har bir suvoriy 5 oltin tanga olgan. O’zini ko’rsatgan harbiy mansabdorlarga oyiga 10, 20, 50, 100 va undan ham ko’proq miqdorda oltin tanga berilgan. Biylarga 50-100 tanga, yuzboshilarga 10-20 tanga maosh berilgan. Tinchlik paytlarda askarlar xo’jalik ishlari bilan shug’ullangan.

Xon qo’shinlari, Buxoro qo’shinlari kabi, qilich, o’q-yoy, nayza bilan qurollangan. Bir qism askarlarda pilta miltiqlar bo’lgan, oz miqdorda to’plar ham bor edi.

XIX asrning birinchi yarmida Qo’qon xonligi hududiy jihatdan O’rta Osiyodagi yirik davlat edi. Xonlik Sharqda Sharqiy Turkiston, G’arbda Buxoro amirligi va Xiva xonligi bilan chegaradosh bo’lgan. Qo’qon xonligi bilan Rossiya o’rtasida huvillab yotgan Mirzacho’l va Muyunqul cho’llari yostanib yotgan. Xonlikning janubiy chegaralari Qorategin, Ko’lob, Darvoz, Sho’g’non singari tog’li o’lkalarni o’z ichiga olib, bu hududlar uchun Buxoro amirligi bilan tez-tez to’qnashuvlar bo’lib turgan.

Qo’qon xonligining hududi Buxoro amirligi va Xiva xonligidan farqli o’laroq, sersuv daryolar, so’lim vodiylar, serhosil yerlarga boy edi. Xonlikning markazi Qo’qon, Marg’ilon, O’zgan, Andijon, Namangan kabi yirik shaharlar joylashgan Farg’ona vodiysi edi. Toshkent, Chimkent, Turkiston, Avliyoota, Pishpak, Suzak, Oqmachit kabi yirik shaharlar ham Qo’qon xonligi tasarrufida edi.

Qo’qon xonligida aholi nisbatan zich joylashgan bo’lib, unda taxminan 3 milliongacha kishi istiqomat qilgan. Xonlikning poytaxti Qo’qonda 80 ming, Toshkent shahrida 60 ming aholi yashagan. Qo’qon xonligi aholisining ko’pchilik qismi o’zbeklar, shuningdek, tojiklar, qirg’izlar, qozoqlar, uyg’urlar, qoraqalpoqlardan iborat edi. Bular bilan yonma-yon yahudiylar, tatarlar, hindlar va boshqa elatlarning vakillari ham istiqomat qilganlar.

Qo’qon xonligida ikkinchi shaxs Bosh vazir hisoblanib, u muhim davlat ishlarini xon bilan kelishgan holda hal etgan. Markaziy davlat boshqaruvida qushbegi, otaliq, devonbegi, mingboshi, shayxuislom, qozikalon, parvonachi, shig’ovul, sarkor, inoq, dasturxonchi, amin, yasovulboshi kabi mansabdorlar xizmat qilganlar. Saroy qoshida maxsus kengash bo’lib, uning tarkibiga eng oliy mansabdor shaxslar kirgan.

Qo’qon xonligida qo’shinni, askahahonani, harbiy ishlarni mingboshi boshqargan. Qo’shinda beshyuzboshi, yuzboshi va o’nboshi harbiy lavozimlari bo’lgan. Qo’shinning bir qismi muntazam xizmatda bo’lib, maarkaziy hokimiyat ixtiyorida turgan. Qo’shin qilich, nayza, piltali miltiq bilan qurollantirilgan. Shuningdek, qo’shinda to’plar ham bor edi.

Qo’qn xonligi 15 beklik, ya’ni harbiy okrugga bo’lingan bo’lib, ularning yarmidan ko’piga xonning o’g’illari yoki yaqin qarindoshlari hokimlik qilganlar. Hokimlaar o’z hududidagi harbiy kuchlar qo’mondoni hamda fuqaro boshqaruvining boshlig’i edi. Ular o’z tasarrufidagi qo’shinni o’zlari moddiy jihatdan ta’minlaganlar. Hokimlar harbiy yurishlar oldidan xonning birinchi da’vati bilan o’z qo’shinlari bilan belgilangan joyga yetib kelishi shart edi. Qo’qon xoni zaruriyat tug’ilganda, oziq-ovqat ortilgan 12 ming aravaga ega bo’lgan 60 mingtaga sipohni yig’a olardi.

XIX asr ikkinchi yarmidagi o’zbek xonliklaridagi vaziyatga baho berishda, shuni unutmaslik lozimki, Buxoro, Xiva, Qo’qon xonlilarida taraqqiyot to’xtab qolmagan. O’zaro urushlar va parokandalikdan qat’i nazar yaratuvchilik faoliyati davom etgan. Xiva xonligida esa sun’iy sug’orish borasida oldingi asrlarga nisbatan ko’p ish qilingan. Bunda eng avvalo xonlar va yirik amaldorlar tashabbus ko’rsatganlar. Arab Muhammadxon turk qal’asidan Kuygun tomon qazitgan kanal, Abulg’oziy Bahodirxon nomi bilan bog’liq G’oziobod kanalining ta’mir etilisi, Anushaxon zamonida qurilgan Shohobod (uzunligi 14 kilometr, eni 30 metr, chuqurligi 3,5 metr). O’rmish (uzunligi 96 kilometr, eni 17,5 metr) kanallari, Ali Sulton qurdirgan Toshli yormish kanali hamda Manqitarna (XVII), Eshim Yaragan, Omonquli, Ingichka, Ixlos, Qilich Niyozboy (1815), Yangiyop va Qorako’z (XIX), Shohmurod (1846), Rahmonberdiboy, Toshsaqo (1828), Ko’hna Urganch-Xonyop (1831), Qoraqalpoq, Xonobod (1847), Sipohiy, Muhammadamin (1850), XIX asr 50-yillaridagi Kaltaminor, Bog’yop, Amirobod, Saribiy kanallari va boshqa qator katta-kichik sun’iy sug’orish inshootlari bilan bog’liq tadbirlar shular jumlasidandir.

Qo’qon xonligida Erdona, Norbo’ta hukmronlik qilgan zamonlarda So’x daryosidan chiqarilgan kanallar, Olimxon buyrug’i bilan qazdirilgan oltita kanal (ariq), Umarxon davrida Sirdaryodan chiqarilgan O’zganddan boshlanib Andijon va Marg’ilon oralig’idagi Shahrixongacha boradigan kanal, Norin daryosidan boshlanadigan Yangiariq kanali (1819), Xon va Zarbak kanallari (1803), Muhammadalixon zamonida Ilamishmozordan boshlanuvchi uzunligi 30 kilometrdan oshiq kanal, Xudoyorxon zamonidagi Chinobod (1855), Ulug’nahr (1869-1870) kabi kanallarning bunyod etilishi mazkur vodiyda ham sun’iy sug’orish ishlari jadal borganidan dalolatdir.

Buxoro shahrining o’zidaa XIX asr o’rtalarida, ya’ni Rossiya bosqinidan oldin, 38 karvonsaroy, 9 savdo timi, 16 hammom, 45 bozor bo’lgani ma’lum. Shuningdek 200 dan ortiq masjid, 100 dan ortiq madrasa mavjudligi ham manbalarda yozilgan. Ular orasida Tursunjon (1796-1797), Ernazar elchi (1795), Xalifa Niyozqul (1807), Xalifa Xudoydod majmuasidagi madrasalar ayniqsa diqqatga sazovordir.

Xiva xonligida ham qurilish ko’p bo’lgan. Arab Muhammadxon (1616), Hojamberdibiy (1688), Sherg’ozixon (1719-1728), Muhammad Amin inoq (1765), Qutli Murod inoq (1809), Olloqulixon (1832-1835), Arab Muhammadxon (1870), Musato’ra (1841), Saidboy (1842), Amirto’ra (1870), Muhammad Rahimxon (1871), Muhammadmurod devonbegi, Otajon to’ra, Qadam yasovulboshi, Ibrohimxoja, Yusuf yasovulboshi, Husayn Muhammadboy, Do’st Olim, Qozi Muhammad Salim, Islomxoja, Isfandiyorxon madrasalari, Saidboy (1842), Oqmasjid (1875) masjidlari, Pahlavon Mahmud maqbarasi (1835), Ko’hna Ark, Toshhovli, Nurullaboy saroylari, Juma, Saidboy (1842), Ko’kminor (1852-1853), Islomxoja (1908) minoralari ana shunday bunyodkorlik ishlaridan guvohlik beradi.

Farg’ona vodiysida 1740 yili Eski O’rda o’rnida hozirgi Qo’qon shahriga asos solinishi, xonlikning turli shaharlarida bunyod etilgan ko’plab o’rdalar, bozorlar, karvonsaroylar, masjidlar, xonaqohlar, qorixonalar, madrasalar, chunonchi, Mir (1798), Norbo’ta, Xonmirza Yodgor (1830), Hazrati Sohib (1861), Xudoyorxon (1850, 1870 yillari Qo’qonda, 1873 yili Namanganda, 1874-1875 yili Shohobodda, Chustda), Hakimoyim (1869), Olimbek (O’shda), Nasriddinbek (Andijonda), Toshkentda XIX asrda qurilgan Beklarbegi, Muyi Muborak, Eshonqul dodxoh, Yunusxon, Abulqosim madrasalari ham shular qatorida turadi.

Shunday rivoj holatini madaniyat sohasida ham ko’rish mumkin. To’g’ri, mamlakatning uchga bo’linib ketishi, siyosiy qarama-qarshiliklar va, ayniqsa, Rossiya bosqini tufayli siyosiy mustaqillikning qo’ldan ketishining umumiy manzarasida bu sohadagi ahvol ilgariligi, masalan, temuriylar zamonidagi kabi bo’lmagan. Ammo bir narsa aniqki, ko’rilayotgan bosqichda fan va madaniyat har holda bir yerda to’xtab qolmagan. Yuqorida zikr etilgan qurilishlar, ayniqsa, madrasalar bunyodi shunga ishoradir. Sovet davri tarixshunosligi iloji boricha XVIII-XIX asrlarda o’zbek xalqining bu sohalardagi tarixini bo’yab ko’rsatishga intilib, o’lkani madaniy qoloqlikda ayblab, bu bilan Rossiya bosqinining O’zbekiston uchun “progressiv ahamiyatini” isbotlashga atayin harakat qilgan.

O’tgan sulolalar kabi mang’itlar, qo’ng’irotlar, minglardan chiqqan namoyandalar ham o’z davri va doiralarining o’qimishli shaxslari bo’lganlar. Masalan, Qo’qon xoni Umarning “Amiriy”, malika Mohlaroyimning “Nodira”, “Komila”, “Maknuna”, Xiva xoni Muhammad Rahimxon II ning “Feruz”, uning akasi Otajon To’ra Murodning “Murodiy” taxallusida she’r bitganlarini, Abdulg’oziy Bahodirxonning”Shajarayi turk”, “Shajarayi tarokima” kabi o’zbek tilida yozgan asarlarini eslaylik. Fazliy, Mushrif, Qoziy, Afsus, Sodiq, Xijolat, Hoziq, Xotif, Mahmur, Gulxaniy kabi yetuk qalam sohiblari Farg’ona vodiysida yashab ijod qilganlar. Shuningdek “Afzal at-tavorix”, “Tarixi Umarxon”, “Risolayi askariya”, “Muntaxab at-tavorix”, “Tarixi Shohruxiy, “Tarixi shahonnamoy”, “Xusolat al-axbor”, “Tasnifi G’arib”, “Tarixi jadidayi Toshkand” kabi boshqa ko’plab tarixiy asarlar ham xuddi shu davrda Qo’qon xonligi doirasida yozilgan. Buxoroda ham tarix yozishlik taraqqiyotda to’xtamagan. Hech bo’lmasa, “Tuhfat al-xoniy”, “Tarixi amir Haydar”, “Fathnomayi sultoniy”, “Mang’itlar xonadoni saltanati qisqacha tarixi”, “O’zbek podshohliklari zikri”, “Tarixi salotini mang’itiya, o’zbakiya va ashtarxoniya” kabilarni yodga olish mumkin.

Zikr qilingan “Shajarayi turk”, “Shajarayi tarokima”, Munisning “Firdavs al-iqbol”, Ogahiyning “Riyoz ad-davla”, “Zudbat at-tavorix”, “Iqboli Feruziy”, Bayoniyning “Shajarayi Xorazmshohiy”, “Xorazm tarixi”, “Jome al-voqeati sultoniy”, “Gulshan ad-davlat”, “Iqboli Feruziy” asarlarining yozilganligi eng katta dalildir. Xivalik olimlar, tarixchilarning o’z davri uchun o’zbek tarixsshunosligiga qo’shgan eng katta hissalaridan biri shundaki, ular tilga olingan manbalarni o’zbek tilida yozganlar. Bundan tashqari xivaliklar tarixshunoslikdagi tarjimachilik sohasida tahsinga loyiq ishlarni ro’yobga chiqarganliklarini aytib o’tish lozim. Chunonchi, Mirxondning “Ravzat as-safo”, Yazdiyning “Zafarnoma” Xondamirning “Xabib as-siyar”, Vosifiyning “Badoye ul-voqoye’”, “Tarixi Tabariy”, Rashididdinning mashhur “Jome at-tavorix” (Ali sulton (vafoti 1571-1572) buyrug’i bilan), Binoiyning “Shayboniynoma”, shuningdek, “Tarixi Muqimxoniy”, “Taqobati Akbarshohiy”, Mahdihon Astrobodiyning “Tarixi Nodiriy”, “Zubdat al-hikoyot”, “Miftoh al-tolibin”, “Ahloqi Muhsiniy”, “Nasihatnomayi Kaykovus” (Qobusnoma), Sad’iyning “Guliston”, Jomiyning “Bahoriston”, “Salomon va Ibsol”, “Yusuf va Zulayho”, Nizomiyning “Haft paykar”, Xisraviyning “Hasht behisht”, Hiloliyning “Shoh va gado”, Nosiriyning “Ravzat as-safoyi Nosiriy”, Darvish Ahmadning “Sahoyir al-axbor”, mashhur arab tarixchilari Mas’udiy, Ibn al-Asr asarlari arab va fors tillaridan o’zbekchaga o’girilgan.

Xullas, sun’iy sug’orish ishlari, qurilishdan tortib dehqonchilik, hunarmandchilik, fan va madaniyatgacha, ichki savdodan tashqi iqtisodiy aloqalargacha (Eron, Afg’oniston, Hindiston, Xitoy, Rossiya va boshqalar) oid ma’lumotlar, umuman olganda, yurtimiz va ajdodlarimiz XVIII-XIX asrlarda dunyoning ko’pchilik xalqlari va mamlakatlaridan orqada bo’lmaganligini ko’rsatadi. Undan oldingi o’tmish madaniyatni nazarda tutsak, kelayotgan fan va texnika asrida (XX) taraqqiyotning oldingi saflarida turishlari uchun potensial imkoniyatlar bor edi. Ammo ulardan foydalanishga bir qator omillar yo’l qo’ymagan.

Birinchidan, asrlar davomida bir butun bo’lib kelgan mamlakatning bir iqtisodiy va madaniy makonda yashab kelgan xalqning uchga bo’linib ketishi, xonliklar o’rtasidagi to’xtovsiz urushlar, har bir xonlik ichidagi boshboshdoqlik va hokimiyat uchun o’zaro tinimsiz davom etgan ichki nizo va urushlar butun mamlakatni xonavayron qildi. Bu jarayon guruhbozlikni keltirib chiqardi, qabilalarning etnik aralashuviga, bir xalq bo’lib qovushishiga, jipslashishiga xalaqit berdi. Davlat darajasida ham, viloyatlar darajasida ham yagona xalq, yagona Vatan tushunchasining qadri anglab olinmadi.

Ikkinchidan, aholi xon va beklarning, turli lavozimdagi mansabdorlarning zo’ravonligidan, o’zboshimchaligidan, mansabini suiiste’mol qilishidan, g’ayriqonuniy soliq va jarimalardan himoya qilinmadi.

Uchinchidan, asosiy boylik bo’lgan yerga mulkchilikning eski usuli bir necha asrlardan beri o’zgarmadi. Xonliklarda oliy hukmdor yerning birdan-bir egasi bo’lib, yer ishlovchilarga – dehqonlarga ijara tarzida xatlab biriktirilgan edi. Dehqon yer egasi emas, yerdan olinadigan hosilning egasi edi, xolos. Shu bois dehqon yerni asrab-avaylashga, uning unumdorligini oshirishga intilmadi.

To’rtinchidan, xonliklarda sanoat rivojiga e’tibor kuchaymadi. Oltingugurt, rangli metallar, marmar, toshko’mir, neft kabi tabiiy boyliklarga serob konlar bo’lsa-da, ularni qazib olish, tog’-kon ishlarini rivojlantirish, kemasozlikni yo’lga qo’yish masalalari hal qilinmadi.

Beshinchidan, tovar-pul munosabatlari rivojlantirilmadi. Daromad iste’mol va qo’shin xarajatlarini zo’rg’a qoplar, kapitalga aylanmasdi. Pul, oltin-kumush xon va amaldorlarning xazina to’plash manbai bo’lib qolgan edi.

Oltinchidan, xonliklarning savdo munosabatlarida hamon ayirboshlash usuli davom etardi. O’rta Osiyo jahon bozoridan ajralib qolgani ustiga bu yerda yagona ichki bozor ham tashkil topmadi.

Yettinchidan va eng muhimi, XIX asr ikkinchi yarmida O’rta Osiyo hududidagi xonliklarda o’z millati, xalqi va Vatani istiqboli uchun qayg’uradigan, odamlarni bir g’oya va bir ezgu maqsad yo’lida birlashtira oladigan hamda ortidan ergashtia oladigan yo’lboshchi – sardor bo’lmadi. Buxoro amirligida ham, Qo’qon va Xiva xonliklarida ham shunday arbob tarix sahnasiga chiqmadi. Bosqinchilarga ko’ksini qalqon qilib ko’hna Turon jangovar shavkatini namoyish qila oladigan va Turkistonni bir umumiy uy deb bilgan yurtboshi topilmadi.