Toshkentning urushib olinishi

General Chernyayev bu shaharni egallash uchun tayyorgarlik ishlarini ko’rib oziq-ovqat, qurol-aslaha va boshqa narsalarni oshkentga olib borishni uyutirish vazifasini Alimqulu tomonidan o’ldirilgan Boyqozoqboyning o’g’li Oqmullaga topshirdi. Qo’qon qo’shinlari artelleriyasi ham ancha yaxshi uyushtirilgan bo’lib, uning to’plarini uzoqqa otilishi va nishonga tegishli maqtovga sazovor bo’lgan. Shuning uchun ham general Chernyayev qanday bo’lmasin, tezroq Qo’qon xonligiga zarba berilmasa, keyin yengish og’irlashishini rus hukumatining tegishli vakillariga ma’lum qildi. General Chernyayev Chimkentda tayyorgarlik ko’rib, General Chernyayev Chimkentda tayyorgarlik ko’rib, 1864 yilning sentabrida Toshkentni egallash maqsadida yo’lga chiqdi. Bu vaqtda Toshkent mudofaasi mehnatkash ommaning umumiy harakatiga aylanib, shahar atrofidagi devorlarda askarlar va xalq ko’ngillari joylashgan edi. Shahar aholisi ona yurtini himoya qilishni o’zining muqaddas burchi hisoblab, mudofaachilarga tinmay g’amxo’rlik qilganlar. “Shahar g’ariblari, fuqarolari va qariyalari, – deb guvohlik beradi Solih Toshkandiy – ibodatu nomozdan ko’ra qo’lidan kelganicha yordam berish afzalroq va savob, deb askarlarga, g’ozilarga suv, oziq-ovqat tashib turdilar”. Rus askarlari 1865 yil 1 oktabrida Yunusobod tomonidan shaharga yaqinlashib uni to’plardan o’qqa tutdi. Rus askarlaridan bir guruhi shahar qal’asining atrofida qazilgan zovurlar ichiga tushib oldilar. Bularga qo’shilish uchun bir guruh rus askarlari chopib kelayotganda ularga qarshi to’p otukadu, Natijada, dushman otryadlari orqaga chekindi. Shundan keyin shahar mudofaachilardan bir qismi zovurga dushman ustiga shiddatli hujum qilib, rus askarlaridan 72 kishini o’ldirdilar. Shu ravishda toshkentliklar g’alaba qozondilar. General Chernyayev urushni to’xtatishga va Chimkentga qaytishga majbur bo’lgan. Shundan keyin Alimqul qo’shin bilan Toshkentga kelib, bo’lajak urushga tayyorgarlik ishlarini amalga oshirib, so’ngra Qo’qonga qaytadi. Xon ko’rsatmasiga ko’ra, Toshkent hokimi nomidan Hofizko’hasi mahallalik Muhammad Said nomli savdogarni tinchli sulhi tuzish maqsadida elchi sifatida general Chernyayev huzuriga yuborildi. Biroq general Chernyayev sulh tuzishdan bosh tortadi va elchi Toshkentga qaytib keladi. Bu yerda elchi general Chernyayev Buxoro xoni Muzaffarxon bilan go’yo ittifoq tuzilganligi haqida gapirib shahardagi ayrim kishilarni vahimaga solib qo’ygan. Toshkentda urushga tayyorgarlik kundalik hayotning birinchi vazifasi hisoblangan. Bu yerda lashkarboshi Alimqul boshchiligida Turkistonni rus qo’shinlaridan ozod qilish uchun tayyorgarlik ko’rilgandan so’ng, askarlar Shayxontohurdan o’tib Sagbon ko’chasi orqasi Sag’bon darvozasidan “Sarog’och” yo’liga chiqdilar. Bu yurish 1864 yil noyabr oyi oxirida yuz berib, havo juda sovuq va qor yog’ib turgan payt edi. Askarlar Turkistonga yaqin joyga o’rnashgan va Rossiya tobeligiga o’tgan “Iqon” degan qishlog’ida rus otryadini tor-mor etdilar. Bu yerdagi xalqining ruslarga bo’ysunganligi uchun Alimqul buyrug’iga binoan mol-mulki bilan Toshkent tomonga haydab olib ketildi. Alimqul garchand g’alaba qozongan bo’lsa ham, Turkistonga qarab yurmay, “Iqon”dan Toshkentga qaytishga majbur bo’ladi. Bunga xonlikdagi ichki ziddiyat va qo’shimcha harbiy kuchlarni to’plash sabab bo’lgan, albatta. Alimqul Toshkentga kelgan paytda Chernyayev tomonidan yuborilgan josus ushlanadi. Bu josus Toshkentning amaldorlaridan biri Abdurahmonbek Shodmonbekovning (asli Shahrisabzlik) Chernyayev nomiga yozilgan xati bilan qo’lga tushgan. Binobarin, Chernyayev ma’lum kishilar orqali Toshkent haqida zarur ma’lumotlarni olib turgan. Abdurahmonbek Toshkentdan qochishga ulgurib, Chimkentga Chernyayev huzuriga boradi.

Bu vaqtda general Chernyayev Toshkentga qayta hujum qilish tadbirlarini tamomlab, 1865 yil 28 aprelda Chirchiq yonidagi “Niyozbek” qal’asini jang bilan egalladi. Yuqorida qayd qilingan Abdurahmonbekning maslahati bo’yicha, shaharni suv bilan ta’minlaydigan “Kaykovus” arig’i to’g’onini buzib uni Chirchiq daryosiga burib yuboriladi. Bu bilan shaharni suvdan mahrum etib, uni taslim etish edi. Biroq shahar xalqi mudofaani mustahkamlab jangga tayyor turdi. 1865 yilni may oyida Qo’qon xoni Sulton Said lashkarboshi Alimqul bilan Toshkentga yetib keldi. Bu holat toshkentliklarni ruhini ko’tarib yuborgan. Bu holat toshkentliklarni ruhini ko’tarib yuborgan. Bu to’g’rida Solih Toshkandiy shunday yozgan: “Toshkent hokimlari, amaldor, sardor, ulamo, fuqaro, shayxlar, g’ariblar, gadolar, erkak-xotinlar aralash shodliklaridan (qo’qonliklarni – X.Z.) istiqbollariga chiqib, kutib oldilar”. Alimqul shahar saroyida yig’ib o’tkazib, mahalliy hokimiyat vakillari va qo’shin boshliqlariga qarata nutq so’zladi. Bu yig’inda qatnashgan Alimqul “Katta-kichik, boy kambag’al fuqarodan yordam so’rab bu to’g’rida Toshkent ahlining fuqarolarini ko’rsatgan g’ayrat, shijoat va qahramonliklarini aytib, ularga o’z minnatdorchiligini va xursandchiligini izhor qilib bir tomchi qoni qolguncha dushmanga qarshi kurashishga da’vat etdi”. Alimqul Buxoro amir Muxaffarxonni qoralab rus qo’shinlariga qarshi kurash ishiga katta putur yetkazayotganligini ham gapirgan.

Toshkentda xonlikning Andijon, Qo’qon, Namangan, Marg’ilon va boshqa joylaridan kelgan qo’shinlar Alimqul boshchiligida shahar mudofaa liniyasini egalladilar. Siddiq To’ra boshliq Qo’qon qo’shinining razvedka bo’limi dushmanning otliq va piyoda otryadi bir to’p bilan Sho’ratepadan chiqib, “Oltin tepa” orqali Salor suvi bo’ylab kelayotganligi haqida Alimqulga xabar keltirgan. Shundan keyin Alimqul o’z qo’shinlarini ma’lum qismi bilan ko’rsatilgan tomonga jo’nadi. Dushman qo’shinlari Salor suvidan o’tin Qo’qon qo’shinlariga qarata to’plardan o’q uzdilar, natijada ikki tomon o’rtasida qattiq jang boshlanib qo’qonliklar hujumga o’tdilar. Bunda Alimqulning shaxsan o’zi qatnashib jangga rahbarlik qilgan.

Rus otryadi hujumga bardosh bera olmay, Sho’rtepaga chekinishgan. Bu g’alaba shaharda katta shod-xurramlik bilan qarshi olinib karnay-surnay sadolari yangragan. “Shahar xalqi 7 yoshdan 70 yoshgacha erkak-xotin, yosh-qari xizmat kamarini bellariga bog’lab pishgan taomlarni boshlariga ko’tarib, qatiq, sut, sharbat, issiq nonlar, shirin mevalarni savatga solib askarlar turgan joylarga olib kelib iltijo, tavallo va dildorlik qilishib ko’zlaridan hasrat yoshlarini oqizib, ko’z yoshlari suvi bilan askarlarni yuzlaridagi chang-g’uborlarni yuvib artib ko’zguday tozalab ovqatlarini yeb bitirishlarini iltijo qildilar”. Bu xalqning vatanparvarlik harakatlarini juda jonli va yorqin namunasini aks ettiradi. Lashkarboshi Alimqul hokimiyat vakillari va harbiy boshliqlarni to’pab urushni qanday davom ettirish masalasini o’rtaga tashlaganda toshkentliklar rus qo’shinlari ustidan qozonilgan g’alaba hujumga o’tishga da’vat qilishini va aka-uka Siddiq To’ra va Arslon To’ra boshchiligida askarlarning bir qismini Turkiston va Oqmachitni, ikkinchi qismini esa Avliyoota, To’qmoq va G’uljagacha bo’lgan joylarni ruslardan qaytarib olishga jo’natilishini gapirdilar. Ammo, Qo’qon amaldorlaridan Otabek nomli kishi Alimqulga pichirlab: agarda toshkentliklar rus qo’shinlarini tor-mor qilib, ko’rsatilgan joylarni olsa, u vaqtda ular mustaqillikni istab Qo’qonga bo’ysunmay qolishi mumkin degan. Shu nuqtai nazardan Otabek toshkentliklar taklifini rad qilishni Alimqulga maslahat qilgan. Alimqul bu maslahatga ko’nib mudofaa bilan chegarlanib turishni buyurdi.

Sho’rtepa tomonda har ikki tomon urush liniyasini egallab dastavva to’plardan otishuv boshlagan. So’ngra Qo’qon qo’shinlari hujumga o’tib Alimqul urush maydoni jangchilarni ruhlantirgan va urushga jalb qilgan. Alimqul vas ardor Abdullabek dushman qo’shinlari bilan yuzma-yuz kelib, ularni qilichdan o’tkazgan. Ammo dushman o’qi Alimqulni chap biqinidan kirib qornini teshib, kindigi ustidan chiqib ketadi. U ot ustidan yerga yiqilish oldidan ot bo’ynidan mahkam ushlab to’p turgan joyga bordi. So’ngra Alimqul Toshkent fuqarolarini asta-sekin orqaga qaytib, o’zlarini shahar ichiga olishlari va boshqa jangchilarni urushni davom ettirishlari haqida farmon bergan.

Ikki tomon o’rtasida to’plardan yana otishuv boshlangan keyin xon askarlari hujumga o’tib, so’ngra asta-sekin rus askarlari hujumi ostida Salor bo’yiga chekindilar. Natijada, birinchi galda sebzorlik jangchilar Hakimxo’ja Kalon boshchiligida qochishni boshlaydi. Ularni ketidan qipchoqlar, qirg’izlar va andijonliklar qo’lga tushgan narsalarni olib Farg’ona tomonga qochdilar. Boshqa kishilar ham shahar ichiga qochib kela boshladilar. Lashkarboshi Alimqulning yarador bo’lishi askarlarning, xalq olamonining ruhini tushirib, pirovardida ularning chekinishiga sabab bo’lgan omillardan biri bo’ldi. U og’ir ahvolda shahar ichiga keltirildi va bu yerda o’ldi. U katta izzat-ikrom bilan va chuqur qayg’u bilan Shayhontohur qabristoniga dafn etildi. Chekinishdagi uyushqoqlik va harbiy boshliqlarning vahimaga tushishi shahar mudofaasiga salbir ta’sir ko’rsatadi, albatta. Kunlar o’tishi bilan qo’qonliklarning ruhsizlanishi kuchayib, ular to’da-to’da bo’lib, o’z vataniga qaytishga harakat qilganlar. Hatto Alimqul bilan birgalikda rus qo’shinlariga qarshi kurashda faol qatnashgan. Qo’qon xoni Sulton Said bir guruh amaldorlari bilan shaharni tashlab ketmoqchi bo’lgan. Biroq Toshkent amaldorlaarining siquvi ostida o’z fikridan qaytganlar. Shundan keyin amaldorlar va harbiy boshliqlar o’zaro kelishib dushmanga qarshi tadbirlarni belgilash haqida fikr almashuv o’tkazdi. Bunda bir guruh kishilar Qo’qonga qochib ketgan askarlarni orqaga qaytib kelishlarini so’rab, u yerga elchi yuborilishini aytdilar. Boshqa bir guruh kishilar Buxoro amirida huzuriga elchi yuborib yordam so’rashlik haqida o’z fikrini izhor qildilar. Maslahatchilar orasida hatto Xorazmga yordam so’rab murojaat qilish zarurligini bayon etgan kishilar ham bo’ldi.

Buxoro va Qo’qon xonliklariga rus otryadlariga qarshi birgalikda kurash haqidagi xat bilan elchilar jo’natildi. Qo’qonga yuborilgan elchi yo’lda Toshkentdan qochib borayotganda qo’qonliklarni orqasidan yetib borib ularga xatni topshiradi. Biroq, qo’qonliklar Toshkentga qaytish o’rniga, aksincha Sulton Saidxonni Qo’qonga olib ketish va taxtni begonalarga o’tib ketishiga yo’l qo’ymaslik zarurligini bayon etadilar. Buxoro amiri ham Toshkentga yordam berishdan bosh tortib, avvalo Sulton Saidxonni Buxoroga kelishi zarurligi haqida javob xatni yubordi. Bu bilan amir Sulton Saidxon Buxoroga bo’ysungan taqdirdagina yordam berilishini ma’lum qilgan edi. Buxoroga kelgan javob xatini amaldor va harbiy boshliqlar muhokamasiga qo’yganda ayrim qo’qonliklar amir taklifini qabul qilish kerakligini aytdilar. Bu muhokamada Solih Toshkandiy ham qatnashib, yuqoridagi masala bo’yicha o’z fikrini bildirgan. U Sulton Saidxonni Buxoroga ketishiga qarshi chiqib, har bir hukmdor o’z burchini bajarmasa, u vaqtda fuqarolar dushman qo’liga asir bo’lib qolishi mumkinligini bayon etgan. Bu fikrga boshqa kishilar ham qo’shilib, “biz yordam so’rab har tomonga murojaat qildik. Endilikda yordamni xoh bersinlar, xoh bermasinlar bari bir urushni davom ettiramiz deb ahd qildilar. Toshkentliklar Sulton Saidxonga shunday dedilarkim shahar xalqi butun urush harakatlarini o’z zimmasiga olib nimayki zarur bo’lsa, hammasini yetkazib beradilar”. Ko’rinib turibdiki, toshkentliklar qanday bo’lmasin, shaharni dushmandan himoya qilishga qattiq bel bog’lagan edilar.

Kunlarning birida rus qo’shinlari shahar qal’asini to’pga tutib hujum qila boshlagan vaqtda ularga qarshi ustalik bilan to’plardan shunday javob o’qi otildiki, natijada dushman orqaga chekinishga majbur bo’lgan. Shundan so’ng Sulton Saidxonni Buxoroga yurishi haqidagi masala yana ko’tarilib, pirovardida uni jo’natish va Buxorodan yordam olishga qaror qilindi. Aftidan Sulton Saidxonni o’zi ham Buxoroga borish istagida bo’lgan. Shuning uchun u 500 kishilik askar va bir to’n bilan shahardan chiqib ketdi. Shunday qilib, Qo’qon amaldorlari va askarlari urushni oxirigacha yetkazmasdan shahar mudofaasini o’z xohishlariga tashlab ketgan edilar. Shunga qaramay shahar aholisi dushmanga qarshi kurashni davom ettirdi. 1865 yil 14 iyunida rus askarlari erta saharda shahar qal’asini to’plardan o’qqa tutdi. Natijada ular Kamalak darvozasi orqali shahar ichiga yorib kirib, mudofaachilarning otryadlari bilan to’qnashdilar. Bunday to’qnashuvlar Shayxontohur, Beshyog’och, Qashqar mahallalarida va boshqa joylarda bo’lgan edi. Hatto, ayrim joylarda dushmanga qarshi barrikadalar ham qurildi. Masalan, Anhor ko’prigining g’arb tomoni aravalar bilan to’silib mustahkamlandi. Ayni bir vaqtda Anhor yonidagi do’onlar ichiga mudofaachilar kirib olib devorlar teshigidan dushmanga o’q uzdilar. Bir yarim soatlik og’ir jangdan so’ng rus askarlari chekinib, Shayx Shibli arig’i orqali qal’a devorining shimol tomoniga o’rnashdi. Ular chekinayotganida O’rdadagi do’konlarga o’t qo’yib qochganlar. “Chuqur ko’prikda” hamma ko’chalarni ham og’zi bekitilib rus otryadiga qarshi kuchlar qo’yilgan. Ayrim rus otryadlari machitlar ichiga kirib olib urushganlar. Biroq ular o’rab olinib tor-mor etilgan. Shayx Shibli arig’i orqali chekingan rus otryadi yana O’rdaga bostirib kirishga harakat qildi. Bularga qarshi Qiyot mahallasining aholisi Abdurahim yasovulboshi boshchiligida devorlarning orqasiga va pastqam joylashga o’rnashib mudofaa liniyasini egalladilar. Bular orasida Miryusup bog’bon o’g’li, Umarxon To’raxon o’g’li, Mirsodiq Mirshodi o’g’li, Normuhammad va Mullamir singari merganlar, Mullajon Musomuhammad Ali bobo podachining o’g’li va boshqa mard yigitlar bor edi. Xalq ko’ngillari shahar mudofaasining asosiy kuchini tashkil etgan edi. Abdurahmon yasovulboshi boshchiligidagi ko’ngillilar otryadi yomg’ir yog’ishiga qaramay, kun bo’yi dushman hujumini qaytarib turdilar. Oxiri rus otryadi shahar chetiga chiqib ketishga majbur bo’ldi. Bundan keyin ham Qiyot mahallasining ko’ngillilari Anhorga qayta kelgan rus otryadi bilan qattiq jang qilgan. Bu vaqtlarda shahar aholisining ahvoli og’irlaashib suvsizlik va tashlikdan azob chekmoqda edi. Toshkentliklar ahvol og’irligiga qarmay, shaharni qo’ldan bermaslikka qattiq harakat qildilar. Biroq rus otryadi ayrim xoin kishilar orqai shahardagi o’q-dori omborini topib uni portlatishga muvaffaq bo’ldilar. Bu shahar mudofaa taqdirini hal qilgan omillardan biri hisoblanadi. Suvsizlik, yo’qchilik va o’q-dorilar yetishmasligi pirovardida shahar xalqining tinkasini quritdi. Natijada 1865 yil 17 iyunda toshkentliklar dushman hujumiga bardosh bera olmay, taslim bo’lishga majbur bo’ldilar. General Chernyayev Shayhontohur, Beshyog’och va boshqa aholi gavjum yashaydigan joylarga to’plarni o’rnatib darhol tinchlik sulhi tuzilmasa, shaharni yondirib va buzib tashlash haqida e’lon tarqatdi. Shundan keyin general Chernyayev Hakimxo’ja qozikalon, Abulqosim eshon, Domulla Solihbek, Ohun dalho va boshqa shahar kattalari bilan maxsus majlis o’tkazdi. Bunda savdogarlar va sardorlar ham qatnashgan edi. Muzokara natijasida tinchlik sulhi tuzilib har ikki tomon ahdnomaga imzo chekdi. Ahdnoma shahar xalqining o’z dinida va barcha ishlar shariat asosida olib borilishi ko’rsatilgan. Zakot va xirojlar ham shariat bo’yicha har yilda emas, balki har oyda olinishi lozim edi. Shuningdek, yerli xalqdan rus qo’shiniga odamlarni jal qilmaslikka kelishildi. Ahdnomaga har bir to’rt dahaning muhri bosildi. So’ngra general Chernyayev shahar kattalariga duxoba va zar yoqali chakmonlar kiydirdi. Shu ravishda Toshkentning rus davlatiga taslim bo’lishi haqidagi hujjat rasmiy ravishda qabul qilindi. Ahdnoma tuzilgandan keyin general Chernyayev shahar kattalarini o’z tomoniga jalb etish va ularni tayanish maqsadida Hakimxo’ja qozikalon uyiga borib unga qimmatli sovg’alar va oltin medal berdi. So’ngra general Chernyayev Registon rastasiga borib kambag’al va gadolar orasiga tangalar sochdi. Urushda yaralangan kishilarga tibbiy yordam ko’rsatildi.

General Chernyayev shahar mudofaasida qatnashgan kishilarni jazolamay, ularni qo’yib yubordi. U madrasalarga borib o’qishlarni davom ettirishni taklif etdi. Urush vaqtida buzilgan uy-hovlilarni va do’konlarni tiklash uchun general Chernyayev tomonidan mablag’ ajratildi.

Shubhasiz, general Chernyayev o’z ta’sirini o’rnatish maqsadida ko’rsatilgan tadbirlarni amalga oshirgan. Shuni aytib o’tish lozimki, general Chernyayev yuqori rahbar doiralari ruxsatisiz, o’zboshimchalik bilan Toshkentga yurish qilib, uni egalladi. Bu g’alaba Peterburgda zo’r mamnuniyatlik bilan qabul qilingan bo’lsa-da, lekin davlat ishlarida qilingan o’zboshimchalik ayrim yirik hukumat vakillari noroziligining kelib chiqishiga sabab bo’lgan. Buning ustiga Toshkentning bosib olinishi xalqaro matbuotda katta shovqin-suron ko’tarilishiga olib kelgan. Shuning uchun ham general Chernyayev o’z harakatini oqlash maqsadida go’yo Toshkent ixtiyoriy ravishda rus qo’shinlariga bo’ysunganligi haqida hujjat uyushtirishga kirishdi. U shahar kattalarini to’plab aholi nomidan quyidagi mazmunda xat tayyorlashni buyurdi: “Necha zamonlar va yillardan beri Turkistonda Farg’ona xonlari hukmronlik qilib fuqarolarga ko’p jabr-zulm o’tkazgan… Ular zakot xirojlarni shariat asosida olmasdan ortiqcha olganlar va hech qachon marhamat qilmaganlar. Qadimgi urf-odat, taomildan voz kechib, ko’p yillar mansab uchun katta kishilarni o’ldirib fitnachi va ig’vogarlar so’ziga amal qilganlar. O’rtada nohaq qonlar to’kilib, ular shariatga va ulamolar so’zlariga amal qilishdan bosh tortdilar. Farg’ona va Turkiston zaminida ko’p vaqtlar va ko’pincha qipchoq, qozoq va qirg’iz avboshlari va beboshlari hukmronlik qilib keldilar. Shuning uchun fuqaro va mamlakat tinchligi uchun tamomi ixtiyorimiz va rag’batimizz bilan rus askarlaarini olib kelib ularga shaharni topshirdik”. Ko’rinib turibdiki, toshkentliklar bo’lib o’tgan hamma jang va voqealarni inkor qilib ixtiyoriy ravishda rus askarlariga bo’ysunganliklarini tan olishlari lozim edi. Ko’rsatilgan xatning mazmuni bayon etilgandan keyin shahar kattalari hayron bo’lib turgan paytda domla Solihbek oxun dodho shunday javob qilgan: “Bizlar voqea va hodisalarni bekitmasdan ma’lum qilamizki, Toshkentdan Oqmachitgacha va bu yerdan G’uljagacha bo’lgan shahar va qal’alar Toshkentga qarar edi. Bu joylarni rus askarlari urush va talsh bilan qo’llariga kirg’izdilaar. Urush to’satdan, muhlatsiz va suvsiz olib borildi. Toshkent shahri zulhijja oyining yarmidan boshlab safar oyining 12 chislosigacha, ya’ni 42 kun davomida suvsiz, oziq-ovqatsiz qoldirildi. Mulla Alimqul lashkarboshi shahid bo’lgandan keyin sardorsiz qoldi. Buxoro, Xorazm va farg’onaliklar yordam bermadilar. Toshkent fuqarosi vatanlari va din uchun qattiq turib, urush-talashni davom ettirib seshanba kuni yarim kecha o’tgandan keyin saharga yaqin rus askarlari xiyobon darvozasi va qal’asning devori ustidan fuqaro uyqudaligi choqda kirdi. Shundan keyin yana urushga kirishib payshanba kunigacha kechayu-kunduz urushib turdilar. Bu o’rtada ko’p imoratlar, do’konlar va uy-joylarga o’t tushib och, tashna, suvsiz yakkama-yakka urushib bo’lib oxirida yarashish sulhi tuzildi”. Bu haqiqiy ahvolni aks ettiruvchi javob general Chernyayevni g’azabga keltirdi. U domla mulla Solih oxun dodho so’ziga qo’shiluvchi kishilarni bir tarafga o’tishlarini buyurdi. Shundan keyin shahar kattalaridan olti kishi jumladan, Xalimboy, Berdiboy, Azimboy, Fozilbachcha, Mulla Mirza’alam oxun, Mulla Muzaffarxo’ja va Mulla Fayzilar domla Solihbek oxun dodhoning so’zini quvvatlab ko’rsatilgan tomonga o’tdilar. Bu kishilar va Solihbek oxun dodho darhol rus askarlari tomonidan o’rab olinib qamoqqa jo’natildi. Bu holat to’plangan shahar kattalariga ta’sir etgan bo’lsa kerak, ular general Chernyayevning aytgan ahdnomasiga u ko’rsatgn mazmunda tayyorlab berishni zimmalariga oldilar. Chunonchi, Hakimxo’ja qozikalon ahdnomani bezash va tuzishni Abdusattor Qoraboshi o’g’liga topshirdi. Ahdnoma tayyorlanganidan so’ng unga shahar kattalari va savdogarlari qo’l qo’yib va muhr bosib general Chernyayevga topshirildi. General Chernyayev Solih oxun dodho va uning hamrohlarini Tomskiga surgun qildi.

General Chernyayev ahdnomani Abdusaid va Hodixo’ja nomli savdogarlarning qo’liga berib, Peterburgga, podshohga olib borib berishni buyurgan. Rus hukumati bu ahdnomani bosqinchilik siyosatini bo’yash va xalqaro matbuotda shovqin-surovni bartaraf qilish maqsadida chet mamlakatlarga tarqatadi. Jumladan, Turkiyadagi rus elchixonasi ahdnoma nusxalarini ko’paytirib Istanbuldagi ko’chalarga, bozorlarga, do’konlarga umuman ko’zga tashlanadigan joylarga yopishtirib qo’yildi. Shunday qilib, general Chernyayev Toshkentga bostirib kirgandan so’ng ikki ahdnomani, ya’ni sulh shartari va haqiqiy ahvolni buzib ko’rsatuvchi hamda mustamlakachilik siyosatiga xos bo’lgan qalbaki hujjat tuzishga erishdi.

General Chernyayev Toshkentda yuqori tabaqa vakillarining ixtiyoridagi qullarni bo’shatish haqida farmon chiqardi. Natijada, bir vaqtlar urush paytlarida asirlikka olingan yoki ko’chmanchilar tomonidan keltirib sotilgan turli millatdagi unchalik ko’p bo’lmagan qullar ozod qilindi. General Chernyayev mahalliy yahudiylarni kamsitishga qaratilgan ayrim odatlarni bekor qildi. Jumladan, yahudiylarning bellarini ip bilan bog’lab yurishi va belgilangan xildagi telpakni kiyishlari to’g’risidagi talab bekor qilindi.

1866 yil avgust oyida Rus imperiyatorining Toshkentni Rus davlati – tobeligiga olganligi haqidagi rasmiy farmonni e’lon qilindi. 1867 yilda esa Sirdaryo va Semirechensk (Yettisuv) oblastlarini o’z ichiga olgan Turkiston general-gubernatorligi tashkil etilib bu mansabga general K.P.Kaufman tayinlandi. Toshkent Turkiston general-gubernatorligining markazi bo’lib qoldi.

Shu ravishda Toshkent Rus davlati territoriyasini bir qismiga va Chor hukumatining O’rta Osiyoda to’liq hukmronligini o’rnatilishida muhim tayanchga aylantirildi.