Buxoro xonligining bo’ysundirilishi

Buxoro xonligining hukmdori Muzaffarxonning butun mintaqa taqdiri qil ustida turgan bir paytda Chor hukumatini tajovuziga qarshi keskin choralarni ko’rmasligi xalqning g’azabini uyg’otdi. U shu darajada kaltafahm bo’lganki toshkentliklar umum dushmanga qarshi harbiy yordam so’raganlarida saroy ahli huzurida shunday degan: “Men bir oddiy rus lashkarboshisi bilan urushni o’zimga or deb bilaman. Agar urushmoqchi bo’lsam, u vaqtda to’ppa-to’g’ri Moskvaga yoki Peterburgga borib jang qilurman”. Xonning bu mantiqsiz so’zlari Buxoro jamoasining qonini qaytatib yubordi. Bu holat ayniqsa rus qo’shinlari tomonidan Toshkentni bosib olingandan keyin avjiga mindi. Xususan ruhoniy va ziyoli vakillari xonni qo’rqoqlikda aybladilar. Aholi xon saroyini qurshab toshbo’ron qildilar. Hatto, Muzaffarxon xoinlikda ayblanib o’ldirilishi ma’lum qilindi. Nihoyat, xalqning qattiq siquvi va talabi orqasida Muzaffarxon ayrim choralarni ko’rishga majbur bo’ldi. Masalan, Jizzax qal’asini mustahkamlarga mablag’ ajratilib qo’shin harbiy salohiyati kuchaytirildi. Bu shahar mudofaa qobiliyati ancha mustahkamlandi. 1866 yil yanvar oyini oxirida general Chernyayev 15 ta piyoda rotasi, 100 kazak va 16 to’plar bilan Jizzaxga hujum qildi. Biroq rus qo’shinlari vatan himoyachilarining qahramona jangi tufayli Jizzaxni ololmay Toshkentga qaytishga majbur bo’ldi. Bu g’alaba barcha qatori Muzaffarxonni ham ruhlantirdi. Shundan keyin Muzaffarxon umuman “g’azot” e’lon qilib 100 ming odam to’pladi. Ularni orasida qo’shindan tashqari qo’liga nima tushsa shu bilan qurollangan xalq olomoni ko’pchilikni tashkil qilgan. Ular amir Muzaffar boshliq Jizzaxga va bu yerdan Sirdaryoning chap qirg’og’idagi “Sassiq ko’l” degan joyga keldilar. Buni qarangki, Muzaffar bo’lajak jangga puxta tayyorgarlik ko’rish o’rniga ichki kiyimda o’tirib shaxmat o’ynash va ashula eshitish bilan vaqtini o’tkazdi. Shu onda rus qo’shinlari birdaniga hujum qilganda u darhol yalang’och holda otga minib qochadi. Xalq olomoni va qo’shin ham turli tomonga qochib to’zib ketadi. Bu voqea 1866 yil 8 mayda “Sassiq ko’l”ni yaqini joylashgan Irjar degan joyda sodir bo’ldi. Bu yerda rus qo’shinlari general Romanovskiy boshchiligida urushdilar. Ahmad Donishning so’zicha qanchadan-qancha odamlar halok bo’ldilar va jarohatlandilar. Ko’p odamlar orqaga qaytishda yo’llarda misli ko’rilmagan azob-uqubatlarni boshidan kechirganlar. Muzaffarxon bir joyda to’xtaganda ma’lum bo’ldiki, u qo’rqanidan ishtonini bulg’ab qo’ygan ekan. Mana, xohlasam Moskvaga borib urushaman deb chirangan hukmdorni asli basharasi qanday bo’lgan. Rus qo’shinlari ko’p miqdorda harbiy qurollarni, shu jumladan 26 to’pni, 670 puddan ortiq poroxni va 220 ming patronni o’ljaga oldilar. Ular 1868 yil 19 maydan 20 mayga o’tar kechasi 18 ta to’plardan o’q uzi Xo’jandga hujum qildilar. Bu yerda xalq shu darajada qattiq jang qildiki, bundan g’azabangan dushman qo’shini shahar yalpisiga o’qqa tutishni orqasida 20 mingdan ortiq kishilar o’ldirildi va uy-joylar vayronaga aylantirildi. 1866 yilning 11 oktabrida Chor qo’shini general Krijanovskiy boshchiligida Jizzaxni qurshab oladi. Jizzaxdagi jang shu darajada dahshatli bo’lganki, odam qoni bamisoli ariq suviga o’xshab oqqan. Himoyachilarning qahramonligi va jasoratini hatto Chor qo’shinlari ham tan olgan. Bu jangda himoyachilardan 2 yarim ming kishi o’ladi va ko’plab kishilar yarador bo’ladi. Pirovardida Jizzax dushman tomonidan egallandi. 1867 yilning 7 iyunida dushman qo’shini Jizzax va Samarqand o’rtasida joylashgan Yangiqo’rg’onda 45 ming kishilik Buxoro qo’shini va xalq ko’ngillilarini qattiq jang bilan mag’lubiyatga uchratdi. 1868 yil mayda esa Samarqand shahri ostonasidagi Cho’ponota tepaligida urush bo’ladi. Bu yerda himoyachilarda ko’p kishi qirildi, yarador qilinadi. Chor askarlari ertasiga Samarqand shahriga bostirib kiradilar. Vahimaga tushgan yerlik aholi dushmanga qarshi tura olmaydi. Bundan xabar topgan amir Muzaffar qattiq dahshaatga tushib, xabarchini “shum so’zlari” uchun darhol osib o’ldirishga farmon beradi. Uning vasvasasi asta-sekin yig’iga aylanib: “Xudo mani Samarqanddan mahrum qilgandan ko’ra jonimni olgani yaxshi edi” deb nola chekadi. Amirning noshudligi va mag’lubiyati xalqning noroziligi va g’azabini yanada kuchaytirdi. Ayniqsa, uning Chor hukumti bilan sulh tuzishga moyilligi vaziyatni o’ta keskinlashtirdi. Natijada Buxoro atrofidagi aholi qanday bo’lmasin urushni davom ettirishni talab qilib qo’zg’olon ko’tardilar. Ammo Muzaffar xalq qo’zg’olonining butun Zarafshon vodiysiga tarqalib ketishidan qo’rqib, darhol chorizmga qarshi harbiy yurish uyushtirdi. Cho’li Malik degan joy qo’zg’olon markaziga aylandi. Bu yerda oybolta, so’yil, nayza va shunga o’xshash narsalar bilan qurollangan qo’zg’olonchilarning asosiy kuchlari to’plangan edi. Biroq qo’zg’olon bostirildi.

Talvasaga tushgan amir nima qilishini bilmay o’z atrofidagi beklar bilan kengash o’tkazib sulh tuzish yoki urushni davom ettirish masalasini muhokamaga qo’ydi. Kengashda birinchi bo’lib so’z olgan lashkarboshi Usmonbek shunday dedi: “Xonlik xalqi urushni davom ettirishni talab etayotgan bir paytda kofirlar kontributsiya (tovon) to’lashdan ko’ra bir tomchi qon qolguncha kurashish afzalroqdir”. Bu fikrni kengash qatnashchilari qo’llab-quvvatladilar. Shunday keyin 15 ming otliq, 6 ming piyoda va 14 ta to’pdan iborat Buxoro qo’shini Zirabuloq tepaligiga kelib o’rnashdi. Qo’shinni ruhlantirish va g’alabaga chorlash niyatida amir Muzaffar ularga quyidagi tarzda murojaat qildi: “Sodiq musulmon fuqarolari, sizlarning zahmatlaringiz uchun rahmat, sizlarni ishontiramanki, g’alaba biz tomonda bo’lgay. Samarqand va Kattaqo’rg’onning qo’ldan ketishi biz uchun unchalik yo’qotish emas. Biz temuriylar avlodimiz, biz o’z yerimizni qanday qaytarib olishni ko’rsatib qo’yamiz. Musulmonlar, men dinimiz va vatanimiz uchun musulmon ahlining qahramonona jang qilishiga, kofirlarga ko’z o’ngida namoyish qilishingizga umid qilaman. Xalq bizdan g’alaba kutyapti, u jangdan so’ng sizlarni qarshi olganida din va Vatan himoyasi uchun kurashib yerimizni kofirlardan tozalaganlar deb aytishsin. Zirabuloq jang maydonida halok bo’lganlar sharafiga shonli yodgorlik o’rnatiladi. Musulmonlar, Turkison general-gubernatori talab qilayotgan 125 ming tilla (500 ming so’m) tovonni sizlarga sovg’ sifatida beriladi. Ishonchim komilki, sizlar mening umidlarimni ro’yobga chiqarib, samarqandliklar to’nidagi qora dog’ni yuvasizlar. Musulmonlaar, sizlarga zafar yor bo’lsin”. Ushbu murojaat to’p o’qlari ovozi ostida o’qib eshittiriladi. 1868 yil 2 mayda general K.P.Kaufman qo’mondonligidagi qo’shin va himoyachilar o’rtasida jang boshlandi. Buxorolik mudofaachilar “Olinglar, olinglar axir…” deyishib dushmanga qarshi hujum qildilar. Ammo ko’p talofat ko’rib mag’lubiyatga uchraydilar. Bu haqdagi xabar butun Buxoro xalqi g’azabini yanada kuchaytiradi. Amir qo’rqib Qizilqum tarafga qochib ketadi. Zirabuloqdagi jang vaqtida Samarqandda chorizmga qarshi xalq qo’zg’oloni boshlanadi. Ona yurt himoyasiga shahar atrofidagi qishloq va ovullardan minglab kishilar kelib qo’shildilar. General-gubernator K.P.Kaufmanning yozishicha, Kattaqo’rg’ondan to Samarqandgacha bo’lgan yerlarda kishilarni kam uchratgan. Bunga sabab naymanlar, qoraqalpoqlar, xitoy, qipchoqlar, qirq ko’zlar va boshqa qabilalar Jo’rabek va Bobobek boshchiligida Shahrisabzdan kelayotgan 20 ming kishilik qo’shin va qasoskorlarga qo’shilib, Samarqanddagi qo’zg’olonchilar safini to’ldirgan edi. Natijada, Samarqand chorizmga qarshi umumxalq kurashining o’chog’iga aylandi. Bir necha ming kishilik qo’zg’olonchilar shahar qal’asida o’rnashgan chor qo’shinini qurshab olib janggi kirishdilar. Ammo Shahrisabz beklari chor qo’shinlariga yordamchi kuchlar kelayotganligidan xabar topib, Samarqandni tashlab chiqadilar. “Shundan keyin, – deb yozadi K.P.Kaufman, – shahar ahli qishloqlardan kelayotgan xalq ko’ngillilari bilan birgalikda qal’aga hujum qilishni davom ettiradilar”. Bu vaqt ichida har ikki tomondan ko’plab kishi qurbon bo’ladi va yarador qilinadi. 8 iyunda general K.P.Kaufman boshchiligida qo’shinlar shaharga bostirib kirib, qo’zg’olonni shafqatsizlik bilan bostiradi. Ular shahar bozorini o’qqa tutadilar. Qo’zg’olon qatnashchilaridan 19 kishi o’limga va 19 kishi Sibirga umrbod surgunga hukm qilinadi. Buning ustiga qo’zg’olonchilarning aksariyati jangda halokatga uchragan. Chor qo’shinlaridan esa 275 kishi o’ldirildi va yarador qilindi. Boshqa joylarda bosqinchilardan bunchalik ko’p kishilik talofat ko’rmagan edi. Shuning uchun general K.P. Kaufman “Samarqand qal’asidagi talofatni juda katta yo’qotish”, deb baholaydi. Bu vaqtda Amir Muzaffarning obro’si va mavqei tobora tushib, taxtda zo’rg’a ilinib turardi. Amir Karmanaga kelib, o’z amaldorlari ishtirokidagi kengashda Chor hukumati bilan sulh tuzishdan bo’lak chora kelmaganini ma’lum qilib: “Endilikda barcha qo’shin va qurol aslahalarni, to’plarni oq podshohga topshirib men Makaga hajga borisga ruxsat berishini undan so’rayman. Sezib turibmanki, mening o’limim yaqin, taqdirim va hayotim xalqning qo’lida”.

1868 yilning 28 iyunida amir Muzaffarning elchilari Samarqandga K.P.Kaufman huzuriga kelib, sulh tuzishga rozilik bildiradilar. Sulhga ko’ra Samarqand, Kattaqo’rg’on va Zarafshon daryosining yuqori qismi xonlikadan ajratib olinib, Rossiya tarkibiga kiritildi. Amir tovon sifatida 500 ming so’m tilla pul to’lashga va xorijiy mamlakatlar bilan mustaqil ravishda aloqa o’rnatmaslikka rozilik beradi. Shuningdek, Rossiya savdogarlariga xonlik tasarrufida bemalol savdo-sotiq ishlari bilan shug’ullanishga hamda karvonsaroylar qurishga ijozat etildi. Ular to’laydigan savdo bojlari miqdori buxoroliklar to’laydigan bojlardan oshmasligi kerak edi. Xullas, shartnoma tuzilgandan so’ng Buxoro amiri urushni rasman to’xtatib, rus davlatiga tobeligini tan oladi. Bu esa vatanparvar va hur fikrli odamlarning qattiq noroziligiga sabab bo’ladi. Xatto amirning o’g’li Katta To’ra va bir necha nufuzli beklar birlashib, Muzaffarxon va chorizm istilochilariga qarhi kurashni davom ettiradilar. Ular amirning taxtdan mahrum etilganligini e’lon qilib, Shahrisabz va Kitobda katta kuch to’pladilar. Shahrisabz beklari Katta To’rani xon deb e’lon qiladilar. Natijada, amir Muzaffarning ahvoli nihoyatda og’irlashadi. Ota-bola qo’shinlari o’rtasida Samarqand yaqinidagi Xom qishlog’ida sodir bo’lgan jangda amir sarbozlari yengiladi. Shundan so’ng amir Chor ma’muriyatiga harbiy yordam so’rab murojaat qiladi. Buni inobatga olgan general Abramov 1870 yilida Shahrisabz va Kitobda Jo’rabek va Bobobek boshchiligidadgi qo’shin va olomonni yengib, u joylarni amir Muzaffar ixtiyoriga topshiradi. Bundan ilgari, ya’ni 1868 yilda Chor qo’shinlari tomonidan bosib olingan Qarshi shahri ham amirga qaytariladi. Bu bilan Chor hukumati Muzaffarning Rus davlatiga yanada itoat etishini mustahkamlab borgan. Amir shu sulh shartlarini og’ishmay bajaraveradi.