Bilasizmi?

Rummoniy uslubi nima?

Rummoniy uslubi (lotincha romanus — rimlik — so’zidan) eramizning X asrida Apennin yarimorolida shakllandi. Uning o’ziga xos jihatlari haykaltaroshlik, me’morchilik va rassomchilikda namoyon bo’ladi. Shunday bo’lsa hamki, rummoniy uslubining eng yorqin xususiyatlarini kaliso me’morchiligida kuzatish mumkin (taxminan 1000-1250 yillar). Bu davrda qad rostlagan imoratlar jajji derazachalar solingan qalin, zalvorli devorlari bilan ajralib turadi. Eshiklar va derazalar tor, shuningdek ular toqlar bilan ziynatlangan. Eshiklar yuqorisida haykallarni tomosha qilish mumkin: tik turgan yoki o’tirgan ravishdagi inson jussachalari — figurachalari g’ayrioddiy holatlarda tin olmoqda. Hattoki ularning liboslari ham qilt etmaydigandek tuyuladi. Binoga kiriladigan bosh yo’lak odatda qo’shaloq chorkunj-kvadrat minoracha bilan hoshiyalangan. O’z navbatida minoralar ham naqshlar bilan ziynatlangan toq ko’rinishidagi ravoqlar bilan to’garaklangan. Kalisolarning ichki ziynatlanishida pastak yog’och yoki toshdan ishlangan shiftlar bir talay. Kalisoning Markaziy nefi-mehrobi yondagi mehroblardan ko’pincha gardishsimon ustunlar bilan ajratilgan. Ular toqli miyonxonalar bilan o’zaro bir-biriga tutashtirilgan. Mehrob hamisha kunchiqardan kunbotarga qaratib solingan va o’rtasida shimoldan janubga tomon qaratib solingan transpet-ko’ndalang mehrob bilan ajratilgan bo’ladi. Yuqorida aytib o’tilganlar kesishadigan joyda to’nkarilmish jomni eslatadigan baland gumbaz quriladi. Butun imorat tarhi nuqtai nazaridan xochni eslatadi. Gotiy uslubidan farqli o’laroq rummoniy uslubi ulug’vor muhtashamligi bilan o’ziga xoslik kasb etadi, imoratlar zaminga mustahkam tayangan va hattoki go’yo unga qapishib qolgandek tuyuladi. Rummoniy uslubi antik Rim san’atiga taqlid qildi deb hisoblashadi. Rummoniy uslubinyng go’zalligi tarhlarning munazzamligida va haykalli bezaklar va naqshlarning o’ta oddiyligida mujassamlashgandir.