Girl in a jacket
Girl in a jacket
Girl in a jacket
Bilasizmi?

Gotiy uslubi nima?

Gotiy (germanlarning got qabilasi nomidan) uslubi (1150-1500) turli-tuman badiiy shakllarda namoyon bo’ladi. Shunday bo’lsa hamki, u me’morchilikda barchasidan ko’ra to’la to’kisroq, o’z ifodasini topdi. Gotiy jome’lari — gotiy uslubyning eng a’lo yutuqlaridan biri. Ravoqli toqlar bilan ziynatlangan baquvvat ustunlar, rangli oyna solingan yirik derazalar, timtik uchlar gotiy jome’lariga dilovarlik baxsh etadi. Imorat hamisha go’yo yuksaklikka talpinayotgandek tuyuladi va shu fazilati bois yanada balandroqdek ko’rinadi. Imorat tashqarisida jozibadorlik taassurotini uyg’otuvchi haykallar, ko’p miqdordagi ustunlar bilan bezatilgan, ayni chog’da bu unsurlar imoratning o’ziga mustahkamlik ham bag’ishladi. Tep-tekis devorlar yo’qligi ayniqsa rummoniy uslubidagi imoratlar bilan qiyoslaganda yaqqol sezilib turadi. Jome’ga kiraverishdagi yo’lak-peshtoq, hamisha bir talay ravoqlar, haykallar, minorachalar, ixcham muqarnasli derazalar bilan bezatilgan. Sidirg’a devorlar kam, ular odatda katta-katta derazalar — ganjli gardishlar bilan qoplangan. Timsollarning yuzlari va holatlari realistik bir tarzda bo’rttirilgan, hatto liboslarining burmalari qotib qolgandek emas, balki ohista-ohista harakatlanayotgandek tuyuladi. Jome’ga oyoq urgan odam o’zini ushoqdek va madadga muhtojdek his etadi. Shiftning ko’z bilan ko’rish mumkin bo’lgan — namoyon balandligi o’zaro kesishgan salbsimon qoburg’alar evaziga ortadi. Jome’ ichkarisi keng va purhavo, chunki shiftni tutib turgan ravoqlar yon tomonga ancha surilgandir. Rangin shishavor naqshlardan taralib turgan bo’yoqlar jilosiga chulg’angan jome’ mehrobi go’yo havoda muallaq suzib yurgandek tuyuladi.

Girl in a jacket
Girl in a jacket
Girl in a jacket