IQTISODIY HAMKORLIK VA TARAQQIYOT TASHKILOTI
IQTISODIY HAMKORLIK VA TARAQQIYOT TASHKILOTI, Organisation for Economic Cooperation and Dovelopment (OECD) — Yevropadagi davlatlar birlashmasi. 1948 yilda AQSh tashabbusi bilan Yevropani tiklash bo’yicha Amerika iqtisodiy va moliyaviy yordamini (Marshall rejasi) oqilona ishlatish va shu yordamni oladigan Yevropa mamlakatlari bilan hamkorlik qilish maqsadlarida tuzilgan Yevropa iqtisodiy hamkorlik tashkiloti vorisi tarzida tashkil topdi. Bu tashkilotni tuzish to’g’risida Konventsiya 1960 yil 14 dekabrda Parijda imzolanib, 1961 yil 1 oktabrdan kuchga kirgan. Tashkilotda 21 mamlakat — Avstraliya, Avstriya, AQSh, Belgiya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Gresiya, GFR, Daniya, Irlandiya, Islandiya, Ispaniya, Italiya, Kanada, Lyuksemburg, Norvegiya, Portugaliya, Turkiya, Frantsiya, Finlyandiya, Shveytsariya, Shvesiya, Yaponiya, yangi Zelandiya qatnashadi. Rasmiy jihatdan tashkilot shartnomani imzolagan mamlakatlarda iqtisodiy o’sishni ta’minlash, iqtisodiyotni yuksaltirish va aholi turmush darajasini yaxshilash, moliyaviy barqarorlikni saqlashni nazarda tutadi. Tashkilotga a’zo davlatlarning rivojlanayotgan mamlakatlarga yordam ko’rsatish, davlatlar mintaqasida a’zo davlatlar siyosatini muvofiqlashtirish yo’li bilan iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga hissa qo’shadi. Tashkilot faoliyatiga tashkilotda qatnashuvchi mamlakatlarning vakillaridan iborat kengash rahbarlik qiladi. Tashkilot idorasi Frantsiya (Parij)da joylashgan.