IQTISODIY STATISTIKA

IQTISODIY STATISTIKA – statistika tarmog’i va davlat statistikasi organlari amaliy faoliyatining eng muhim yo’nalishlaridan biri, iqtisodiy jarayonlar va hodisalarning miqdoriy tavsifini sifat mazmuni bilan bog’liqlikda, aniq makon va zamonda o’rganadi. Xalq xo’jaligini bir butunlikda o’rganish uchun Iqtisodiy statistika statistika fanining bir qismi sifatida xalq xo’jaligi yig’ma ko’rsatkichlari tizimini ishlab chiqadi. Bu ko’rsatkichlar yordamida mamlakat iqtisodiy hayotining eng muhim tomonlari to’g’risida har tomonlama miqdoriy tavsiflar beriladi. Iqtisodiy statistika ma’lumotlari iqtisodiy jarayonning va umuman iqtisodiyotning barcha asosiy jihatlarini doimiy tarzda miqdoriy jihatdan baholash imkoniyatini beradi. Bu ma’lumotlar, eng avvalo, davlat boshqaruv idoralariga iqtisodiyotni tartibga solish va iqtisodiy siyosatni ishlab chiqish bilan bog’liq masalalarni hal etish uchun zarur. Iqtisodiy statistika mustaqil fan bo’lishi bilan birga iqtisodiy nazariya va boshqa amaliy iqtisodiy fanlarga chambarchas bog’liq. Masalan, nazariyotchilar tomonidan o’rtaga tashlangan muayyan qarashlar statistik ko’rsatkichlar yordamida asoslanadi yoki iqtisodiy jarayonga tegishli statistic ko’rsatkichlarni tahlil qilish orqali iqtisodiy qonuniyatlar, tendentsiyalar ifodalab beriladi. Iqtisodiy statistikada iqtisodiyotni o’rganishga tizimli yondoshiladi; muayyan iqtisodiy jarayon o’rganilayotganda bir nechta ko’rsatkichlardan foydalaniladi. Bir jarayonning turli jihatlarini aks ettiradigan ko’rsatkichlarning o’zaro bir-biriga muvofiq kelishi muhim ahamiyatga ega. Iqtisodiy statistikada tadqiq etiladigan hodisalarning o’ziga xos tomonlarini hisobga olgan holda ommaviy (yalpi) kuzatish, tanlab kuzatish, statistik guruhlash, indeks usuli, korrelyatsion taxlil, balans va geografik usullar, xalqaro qiyosiy usullar kabi statistika usullari qo’llaniladi. Ayrim hollarda matematik statistika usullaridan foydalaniladi. O’zbekistonda Iqtisodiy statistika amaliyoti bilan alohida vazirlik — Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi va uning viloyat, shahar va tuman bo’limlari shug’ullanadi.