IQTISODIY TANGLIKLAR

IQTISODIY TANGLIKLAR -iqtisodiy tsiklning tushkunlik holati bilan tavsiflanuvchi maxsus fazasi, mamlakat iqtisodiyotida vaqt-vaqti bilan yuzaga keladigan chuqur nomutanosibliklar. Mamlakat iqtisodiy ahvolining keskin yomonlashuvi, ishlab chiqarishning g’oyat pasayishi, shakllangan iqtisodiy aloqalarning buzilishi, korxonalarning bankrotligi, ishsizlikning o’sishi va oxir-oqibat aholi turmush darajasining pasayishini keltirib chiqaradi. Iqtisodiy tangliklar ishlab chiqarilgan mahsulot hajmi va iste’mol qilinishi lozim bo’lgan mahsulot hajmi, investitsion tovarlar va iste’mol mahsulotlari, aholi daromadlari va xarajatlari, eksport va import, byudjet daromadlari va xarajatlari, korxonalarning majburiyatlari va uni bajarish imkoniyati o’rtasida yuzaga kelishi mumkin. Keng ma’noda Iqtisodiy tangliklarni jami talab bilan jami taklif o’rtasidagi muvozanatning buzilishi keltirib chikaradi. Iqtisodiy tangliklarning yuzaga kelish sabablari, uni keltirib chiqaruvchi omillar va amaldagi belgilari mavjud. Jamiyat miqyosida ishlab chiqarilgan mahsulot hajmining jami talabdan oshib ketishi, davlat xarajatlarining keskin oshib ketishi, korxonalarda ishlab chiqarish samaradorligining pasayib borishi, aholi daromadlarining qisqarishi kabilar tanglikni keltirib chiqaruvchi sabablar hisoblanadi. Iqtisodiy tangliklarning ilk belgilari muomala sohasida ko’rinadi. Shundan keyin tanglik milliy xo’jalikning boshqa sohalarini qamrab oladi. Ishlab chiqarilgan mahsulotning realizatsiya qilinmay qolishi natijasida tadbirkorlarning foydasi kamayadi. Bu, o’z navbatida, banklar daromadini qisqartiradi. Banklar o’z daromadlarini oshirish maqsadida foiz stavkalarini ko’taradilar. Ishlab chiqarish samaradorligi pasayayotgan davrda kreditlar foizining bunday oshirilishi korxonalar to’lov qobiliyatini pasaytiradi va bankrotik xrlatlari ommaviy tus oladi. Dastlabki Iqtisodiy tangliklar 1825 yilda Angliyada sodir bo’lgan va har 10-11 yilda takrorlanib turishi (1825, 1836, 1847, 1857 yillar) muhim xususiyatga aylandi. Iqtisodiy tangliklar keyingi davrda ham tez-tez takrorlandi. Iqtisodiy tangliklar davriy xarakterda bo’lib, o’rtacha har 7-10 yilda takrorlanib keladi. Ikki Iqtisodiy tangliklar oralig’idagi davr tsikl deb ataladi. Iqtisodiy tangliklar umumiy, oraliq, qisman, tarmoq va tarkibiy tarzda bo’lishi mumkin. Umumiy Iqtisodiy tangliklar milliy xo’jalikning barcha sohalarini qamrab oladi va uzoq davom etadi. Bunday tanglik natijasida jamiyatda chuqur salbiy ijtimoiy- iqtisodiy va siyosiy o’zgarishlar yuz beradi. 1929-32 yillarda AQShda sodir bo’lgan tanglik umumiy iqtisodiy tanglik bo’lib, u buyuk depressiya nomini olgan. Oraliq Iqtisodiy tangliklar ko’proq iqtisodiy tsiklning jonlanish va ko’tarilish davrida sodir bo’ladi hamda jarayonni sekinlashtiradi, uzoq davom etmaydi va uning oqibatlarini qisqa vaqt ichida bartaraf qilish mumkin. Qisman Iqtisodiy tangliklar iqtisodiyotning muayyan sohasini qamrab oladi. Bunday ko’rinishdagi tanglik oqibatida pul muomalasi, kredit yoki moliyaviy munosabatlar zarar ko’radi. Tarmoqqa xos tanglik iqtisodiyot tarmoqlaridan birida sodir bo’ladi. Tarmoqda yuzaga keladigan tanglikning asosiy sabablari tarkibiy o’zgarishlar, nomutanosib ishlab chiqarish yoki ortiqcha ishlab chiqarish hisoblanadi. Tarkibiy Iqtisodiy tangliklar iqtisodiyotdagi bir tomonlama rivojlanishning natijasi bo’lib, uzoq davom etadi va bir nechta tsiklni qamrab oladi. Tarkibiy tanglikka 20-asrning 70-yillaridagi AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniyada yuz bergan energetika, xom ashyo va oziq-ovqat tangliklarini, 1997-98 yillardagi Janubiy Sharqiy Osiyodagi moliyaviy tanglikni misol qilib keltirish mumkin. Iqtisodiy tangliklarning yagona ijobiy jihati shuki, uning natijasida resurslarning qayta, maqsadga muvofiq taqsimlanishiga erishiladi. Samarasiz yoki keraksiz sohalardagi resurslar yangi, iqtisodiy foyda ko’proq bo’lgan sohalarga oqib o’tadi. Ishlab chiqaruvchilar, tadbirkorlar va moliyachilar o’z mablag’larini foyda normasi yuqori bo’lgan tarmoklarga yo’naltiradi. Natijada iqtisodiyotda tarkibiy o’zgarishlar ro’y beradi va iqtisodiyot tarkiban takomillashadi. Iqtisodiy tangliklar davrida uning salbiy oqibatlarini kamaytirish maqsadida davlat tanglikdan chiqish bo’yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi. O’zbekistonda ham 1990-yillarda o’ziga xos chuqur iqtisodiy tanglik yuzaga keldi. Bu tanglik avvalo iqtisodiy samaradorlik ko’rsatkichlarining keskin pasayishi, iste’mol bozorining qashshoqlanishi va aholi turmush darajasining yomonlashishida namoyon bo’ldi. Ushbu Iqtisodiy tangliklar mustaqillik davrining dastlabki yillarida davom etdi. Keyinchalik, 1995— 96 yillardan boshlab, davlatning tanglikka qarshi ta’sirchan siyosati natijasida iste’mol bozorining to’yinib borishi, iqtisodiyot tarmoq tarkibining takomillashishi, yalpi ichki mahsulot hajmining oshishi va aholi daromadlarining ko’payishiga erishildi. Nemat Xolmatov.