IQTISODIY MANFAATLAR
IQTISODIY MANFAATLAR – iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari (iqtisodiy sub’yektlar)ning o’zlari tomonidan anglangan va ularni faoliyatga undovchi hayotiy ehtiyojlari, iqtisodiy faoliyatni harakatlantiruvchi kuch. Iqtisodiy manfaatlar amal qilishi doirasiga qarab individual yoki yakka; guruhiy yoki korporativ; milliy yoki umummamlakat miqyosidagi Iqtisodiy manfaatlarga bo’linadi. Iqtisodiy manfaatlar tizimining asosiy bo’g’ini insonning shaxs sifatida ehtiyojlarini ifoda etadigan individual manfaatdir, xususiy manfaatdorlik birlamchi bo’lgani sababli uni amalga oshirish iqtisodiy rivojlanishga rag’bat beradi. Guruhiy manfaat muayyan jamoaga Birlashgan kishilarning umumiy manfaati bo’lib, firma doirasida bu manfaat asosida korxonani yuksaltirish va daromadni, foydani ko’paytirish yotadi. Foyda tadbirkorlarga tegsada, unda ishchi va xizmatchilar ham ishtirok etadi, ya’ni undan ish haqiga qo’shimcha ravishda mukofotlar to’lanadi. Natijada foyda guruhiy manfaat omiliga aylanadi. Milliy (davlat) Iqtisodiy manfaatlar muayyan mamlakatda yashovchi barcha millat va elat vakillarining umumiy iqtisodiy manfaati bo’lib, yalpi ichki maxsulot mikdori va tarkibida ifoda etiladi. Iqtisodiy barqaror o’sish uchun jamiyatda Iqtisodiy manfaatlar uyg’unligi, ularning o’zaro muvofiqligi zarurdir.