IBROHIMOV G’ALIMJON GIRFANOVICH

IBROHIMOV G’ALIMJON GIRFANOVICH — [1887.28.2.(12.3), Boshqirdistonning hozirgi Aurgazin tumani — 1938.21.1] — tatar yozuvchisi, olim, jamoat arbobi. Zamonaviy tatar adabiyoti asoschilaridan. Orenburg (1898— 1905) va Ufa (1906-09) madrasalarida o’qigan. «Bizning yo’l», «maorif» jurnallarida muharrir. Ibrohimovning dastlabki realistik hikoya va qissalari («Zakiy talabaning madrasadan haydalishi», 1907; «Tatar ayoli taqdiri», 1910; «tabiat bolalari», 1914 va boshqalar) da tatar yoshlarining hayoti va kurashi aks etgan. Uning «Yosh yuraklar» asari (1912) — tatar adabiyotidagi birinchi psixologik roman. «Bizning kunlar» (1920) kitobi 1905— 07 yildagi inqilobiy voqealarga bag’ishlangan. «Teran tomirlar» (1926-28) romanida fuqarolar urushi davri aks etgan. Ibrohimov tatar tilshunosligi va tarixiga oid ilmiy asarlar, darsliklar muallifi («Tatar grammatikasi», 1911; «adabiyot nazariyasi», 1916; «ona tilini o’qitish metodikasi», 1918 va b.).As.:Teran tomirlar, T., 1961;Qozoqqizi, T., 1964.