ILDIZMEVALILAR

ILDIZMEVALILAR, ildizmevalar — iste’mol qilinadigan qismi (mevasi) ildizda bo’ladigan ekin (sabzavot) lar; sershira ildizi, ya’ni ildizmevasi uchun ekiladi. Ko’pgina Ildizmevalilar oziq-ovqat va yem-xashak ekini hisoblanadi. Bir yillik Ildizmevalilarga rediska, ikki yillik Ildizmevalilarga sabzi, lavlagi, sholg’om, bryukva, petrushka, selderey, turp kiradi. Ikki yillik Ildizmevalilar urug’i sepilgan yili to’pbarg chiqarib, ildizmeva hosil qiladi, ikkinchi yili gulpoya chiqarib urug’ beradi. Ildizmevalilarning mevasi g’oyat yirik bo’lishi bilan ajralib turadi, masalan, yapon turpining og’irligi 16-30 kilogrammga, pastki barglari uzunligi 1 metrga boradi. Ildizmevada shakar (qand lavlagi, bryukva), inulin (sachratqi), kraxmal (qatron), vitaminlar (sabzi, sholg’om, rediska) to’planadi. Ildizmevalilar yaxshi ishlov berilgan, unumdor, namgarchilik yetarli yerlarda mo’l hosil beradi.