ILDIZOYOQLILAR

ILDIZOYOQLILAR (Rhisopoda) -sarkodalilar kenja sinfiga mansub bir hujayrali hayvonlar. Tanasining uzunligi bir necha mkm dan 3 millimetrgacha (ayrim foraminferalarda 2-3 santimetrgacha). Harakatlanish va oziqni tutish organi soxta oyoqlar, ayrim turlari va jinsiy hujayralarda xivchinlari ham bo’ladi. Bir qancha turlari (chig’anoqli amyobalar, foraminferalar) da tashqi skeleti — chig’anog’i bor. Ikkiga bo’linish, ayrim turlari jinsiy gametalar kopulyatsiyasi orqali ko’payadi. Keng tarqalgan, asosan, dengiz va chuchuk suvlarda, torfli botqoqlik va tuproqda uchraydi. Ba’zi turlari parazit. Amyobalar, chig’anoqli amyobalar, foraminferalar turkumlariga bo’linadi.