ISHRAT HOVLI

ISHRAT HOVLI — Xivadagi me’moriy yodgorlik. 1832-34 yillarda Tosh hovli saroyiga qo’shimcha qilib qurilgan. Umumiy tarhi 43×36,5 metr. Tuzilishi arz hovliga o’xshash. Ishrat hovlidan tantanali marosimlar o’tkazish, madaniy hordiq chiqarishda foydalanilgan. Janubdagi 1 ustunli ayvonlar orqali xonazallarga kiriladi. Ayvon oldi yog’och o’ymakorligidagi ustun va panjaralar bilan bezatilgan. Xona bezagida ganch o’ymakorligi, muqarnasli sharafalar, hamda gullayotgan daraxt va mevalar tasviri qora, ko’k, qizil ranglarda bezalgan. Shipiga hovuzaklar ishlangan. Hovli o’rtasiga yoz kunlari dam olish uchun g’ishtdan doira shaklida supa ishlangan.