1717 yil chor Rossiyasining Xiva xonligiga qarshi harbiy yurishi
Ruslarning bu xonlikka bostirib kirishga urinishlari XVII asrning boshlariga to’g’ri keladi. Yoyiq (Ural) daryosini atroflarida joylashgan rus kazaklari Urganch shahri tomon yo’lga chiqadilar. Xorazmda ular ko’p boyliklarni qo’lga kiritadilar. Bu xususda Abulg’ozi o’z asarida shunday yozadi “Yoyiq (Ural) teganda yurugon urusning (rusning) qozoqindin ming kishi saratonning avvalgi kuni g’ofil kelib Urganchning qal’asiga kirdi. Shaharda raviyatin o’zga kirhis yo’q edi. Xonning o’rdasi va sipoh xalqi Amu suvining labida erdilar. Xevakda xonga kishi chopturdilar. Yetti kunda xon keldi.
(Kazaklar) Urganchda raviyatdin ming kishini o’ldirdi va ming qiz bilan juvonni oldi. Ming arobaga yaxshi mollardan yukladi. Bo’z va bo’yog’li palos va to’n, to’shak-yastuq, mundog’ narsalarning barchasini o’tga yoqdi. Bularni saranjom qilguncha yetti kun bo’ldi. Andin so’ng (kazaklar) Urganchdin chiqib daryo labiga yurudi. Arba Muhammadxon oldiga borib urqazdi va jang qildi. Ikki kun urushdilar, uchinchi kuni jibni, zo’r qilib olib, taki bosib o’tdi. Urus piyoda, bizning otni ilg’ob ikki farsang yer yuzunda yana ur qazib jang qildilar. Bizning xalqning arazi bu kim, issiq kunda cho’lda ola ko’radi; suvga borgandin tugaydi urus bir kunda qal’a solur. Andin so’ng urusga kishi yuborurlar. Andan ko’mak kelur. Ushbu yerda barchamiz qirilar deb, zo’r qildilar. Urus yuklagan suvini tamom qildi. Urushdilar, urus qon icha boshladi. Beshinchi kuni qonni ham tavosutti. O’zbek har yerdan to’p-to’p bo’lib chopti. Urusni o’lturib-o’lturib qaytdi. Ul arobadan chiqib urushar edilar. Axir arobaning ichindan chiqa bilmadi. Ojiz bo’ldi. Yettilanchi kuni barcha ittifoq birlan choptilar. Arobaga kelgandan so’ng otdin tushib kuran ichiga kirib qilichni quay berdilar. Xalq o’ljaga bo’lg’onda yuz urus kechib daryo labiga borib to’q qa’lisining quyisida yag’ochdin qal’a solib baliq olib yedi-da ulturdi. Arab Muhammadshoh borib kabaddi. Taki o’n besh kunda oldi.” Abulg’ozining mazkur noyob ma’lumoti shu haqda guvohlik beradiki rus kazaklari Urganchda qaroqchilik bilan shug’ullanib aholiga qattiq azob bergan. Ular yaxshi qurollanganlarki tamomila qirib tashlash uchun 15 kun ketgan. Keyingi vaqtlarda ham rus kazaklarining ataman Nechayev boshchiligida Urganchga bostirib kirganliklari ma’lumdir. Ular bu yerda bu boyliklarni olib ketayotganlarida xon askarlari tomonidan qirib tashlangan. Bu ma’lumot Abulg’ozi asarida shunday ta’riflangan. “Men dunyoga kelgan yilning avval bahorida o’n yetti kishi urushga savdoga ketar. Qush Yoyiq (Ural) teganda ming kazak urus bor ekandi. Yo’lda ancha uchray qolur, ikkinchisi ulturur, saqlagan kishilaridin Urganchning xabarin surar. Aning birisi Turkistonlik ekandur. U aytur, Urganchning shahrinda sipohdin bir kishi yo’q. Sipohning yaqin ulturgani otliqqa bir kunlik yo’l. Shaharda tanxo ra’viyat turur. Bir tarafi cho’l yo’lindin yuz ming lashkar borsa, shaharga kirganda qurar. Andin ilgari ko’rmas. Yot yurtli kishi ancha qulindin va tilindan kelgan sayi birlan xushomadim qildi, urus buning so’zina firifta bo’lib turkistonlini boshchi qilib, ming kishi kelib Urganchning mirzo darvoasindin kiribdi… Otamiz (arab Muhammadshoh) urusdan bir kishi qo’ymay kiribi ekandur. Bu voqeadin qirq kun o’tgandan keyin (Abulg’ozi) dunyoga kelibmiz. Oamiz aytibdi: “Bizga bir g’azot muyassar bo’ldi. Shuning yo’li va qadami muborak bo’ldi va taki muning onasining jamoatini g’ozig’lar derlar, ul nisbati ham bor deb, otimni Abulg’ozi kuyub turarlar.” Binobarin, mazkur satlardan biz ruslarni bostirib kirishlariga qarshi kurash va g’alaba sharafiga uning ismiga “g’ozi” so’zi qo’yilganligini bilamiz. Bu u tug’ilganda qo’yilgan edi.
Rus kazaklari ikki marotaba qirib tashlanganlariga qaramay yana bir bor ataman Nechay boshchiligida Urganch tomon otlanganlar. Ammo, ular yo’lda qattiq sovuq va bo’ronga uchrab ochlikka va dardga chalinadilar. Hatto o’z sheriklarining o’lik go’shtini yeyishga majbur bo’lganlar. Shu ravishda ular yo’llarda qirilib ketganlar. Pyotr I zamonida rus davlati faqat Ovrupadagina emas, balki o’zbek xonliklarini ko’z o’ngida ham qudratli mamlakat sifatida gavdalanib turardi. Shuning uchun ham xonliklardagi ayrim yuqori tabaqa vakillari taxt uchun kurashlarda vataniga xoinlik qilib rus davlatiga tayanishga uringanlar. Masalan, raqiblari va dushmanlari ustidan yuragini hovuchlab taxtda o’tirgan Xiva xoni Isxoq og’a Shoniyoz (1694-1701) 1700 yilda Do’stbek Bahodirni Rossiyaga yuborib savdo-sotiqni rivojlantirish taklifi bilan bir qatorda xonlikni rus davlati tobeligiga olishni Pyotr I dan so’radi. Shundan keyin Pyotr I bu taklifni bajonidil qabul qilib o’sha yilning 30 iyunida Xiva xonligini Rossiya tobeligiga olish haqida farmon chiqardi. Bu to’g’rida Do’stbek Bahodir orqali maxsus yorliq yubordi. Yorliqda Xiva xonligining rus davlati tobeligiga o’tganligi uqtirib o’tilgan. Bu bilan bir qatorda Isxoq og’a Shoniyozning Rus davlatiga sodiq bo’lishi ko’rsatib o’tilgan. Ammo Xiva xonligini Rossiya tobeligiga olinishi haqidagi taklif bir guruh vatan xoinlarini istagini ifoda etganligi uchun qog’ozdagina qoldi xolos. Buning ustiga yo’lning uzoqligi va azob-uqubatlari Rossiyani xonlik ustidan nazoratni o’rnatish imkonini bermadi. Buning ustiga Pyotr I ko’proq Shvetsiya va Turkiya urushi bilan band edi.
1703 yilda Xiva xoni Arab Muhammad II (1701-1712) nomidan yuqorida qayd qilingan Do’stbek Bahodir Astraxan orqali Moskvaga elchi sifatida keldi. U bu gal ham savdoni rivojlantirishni va Xiva xonligini rus davlati tobeligiga olinishini qayta suradi.
Natijada Pyotr I Xiva xonligini rus davlati tobeligiga olish haqidagi ikkinchi marotaba farmon chiqardi. Bu haqdaki, shuningdek o’zaro elchilik va savdo aloqalarini samarali davom ettirish singari masalalarni o’z ichiga olgan Pyotr I yorlig’i elchi orqali Xiva xoni Arab Muhammad II ga yuborildi.
Yuqorida ko’rsatilgan sabablarga ko’ra Xiva xonligini Rus davlati tobeligiga olish to’g’risidagi farmoni bu gal ham amalga oshmadi. Pyotr I tomonidan urushlarni uzluksiz davom ettirilishi davlat xazinasiga sezilarli putur yetkazmoqda edi. Natijada oltinga bo’lgan muhtojlik ko’payib bordi. Shuning uchun Pyotr I urush xarajatlarini qoplash va armiyani ta’minlash maqsadida hukumat senatiga “Oltin davlatining qon tomiridir” deb xat yozib, oltin-kumush konlarini qidirib topish zarurligini uqdirib o’tdi. Xuddi shu vaqtda, ya’ni 1713 yilda Nafasxo’ja nomli Turkman Astraxanga borib, Amudaryodan oltin qum olinganligi va o’tmish zamonlarda uni Kaspiy dengiziga quyilganligi haqida rus hukumatiga ma’lum berdi. Shu bilan birga Amudaryoni Kaspiyga burish mumkinligini va bu ishga turkmanlarning yordam berishlarini aytgan. Ayni bir vaqtda Sibir general-gubernatori Gagarn Sharqiy Turkistonning Yorkent shahridagi daryoda ham oltin qumi borligi haqida Pyotr I ga ma’lumot berdi. Bunday xabarlar Pyotr I ni shoshiltirib qo’ydi. U 1714 yilda Sibir orqali Yorkentga harbiy yurishni uyushtirish haqida Sibir general-gubernatoriga farmon berdi. Shunga binoan tayyorgarligidan keyin 1715 yilda Buxgolts boshchiligida 1500 kishilik qo’shin Yamishev qo’liga borib qal’a qurdi. U bu yerdan Yorkentga yurishi lozim edi. Biroq Sharqiy Turkistonda va atrof joylarda hukmronlik qilayotgan qalmoqlar Yamishevda qal’a qurilishiga qattiq qarshilik ko’rsatdilar. Uzoq qamaldan so’ng Buxgolts qal’ani tashlab Om daryosini qirg’og’iga qaytdi. Bu yerda u Sibir general-gubernatori Gagarinning buyrug’i bilan Omsk qal’asini barpo etadi. Shu tarzda Pyotr I ning barcha harakati behuda ketadi. Ammo u Xiva xonligini bosib olishga qattiq kirishgan edi. 1714 yilning 19 mayida Pyotr I Xiva xonligini zabt etish haqidagi farmonni hukumat senatiga yubordi. 1716 yilni 14 fevralida Pyotr harbiy yurishni boshlig’i qilib tayinlangan Bekovich-Cherkasskiy bilan shaxsan suhbatlashib amalga oshiriladigan vazifalarni belgilab beradi. U bu haqda hukumat senatiga xabar berib tayyorgarlik ishlarini diqqat va puxtalik bilan ko’rishni buyuradi. O’sha ko’rsatilgan kuni davlat kantsleri G.Golovkin ham Pyotr I ning farmonini yo’nalishini senatga maxsus xat orqali tushuntirdi. Bunda podshoh oliy hazratlarini Bekovich-Cherkasskiy boshchiligida Xiva xonligiga qarshi harbiy qo’shib yuborishga qaror qilinganligi eslatib Xiva, Buxoro va Hindiston hukmdorlari nomiga, rus davlatini rasmiy yorlig’larini (gramotalarini) yuborilishi hamda u tomonlarga savdogarlarni ham jo’natilishi lozimligini bayon etilgan. Shaxsan Pyotr I ning qo’li bilan yozilgan ko’rsatmada Bekovich-Cherkasskiyni zimmasiga yuklatilgan vazifalar quyidagilardan iborat:
- Bir vaqtlar Amurdayo Kaspiy dengiziga quyiladigan joyda 1000 kishi sig’adigan harbiy istehkom qurilsin. Amudaryoni oqimini va to’g’onlarini sinchkovlik bilan o’rganib, imkoni bo’lsa, eski yo’liga burib yuborilsin. Orol dengiziga suvni yo’naltiradigan tug’onlar buzilsin. Bu ishlarni bajarishga qancha kishilar kerak bo’lishi aniqlansin.
- Xiva xonligining Rus davlati tobeligiga o’tishiga erishilsin hamda bizni manfaatlarimizga xizmat qilishi sharti bilan harbiy qism qoldirilsin. Agar xon rozi bo’lsa va sharoiti ko’tarsa, harbiy qismni bir yil davomida ta’minlash kafolati olinsin, keyingi yillardagi xarajatlar esa uning zimmasiga yuklatilsin.
- Agar Xiva xoni rozilik bildirsa u vaqtda undan o’z kishilariga ikki rusni qo’shib Sirdaryo suvi bo’ylab oltin borligini aniqlash uchun Yorkentga jo’natilsin. Shuningdek, savdogarlarimizni Amudaryo bo’ylab Hindistonga borishlari uchun kemalar berilishi xondan so’ralsin. Savdogarlar ketayotganlarida quruqlik va suv yo’llarini, daryo va qo’llarni, ayniqsa, Hindistonga boradigan suv yo’lini yaxshi o’rgansinlar va ma’lumotlar to’plasinlar. Agar savdogarlar Hindistonga Kaspiy dengiziga boradigan yo’l borligini eshitsalar u vaqtda shu yo’l bilan orqaga qaytsinlar va ko’rganlarini qog’ozga tushirsinlar.
- Xiva xonligida Buxoro xonligini rus davlati tobeligiga o’tishga xohishi borligi yoki yo’qligi bilinsin. Bordiyu bunday istak bo’lmasa istak bo’lmasa do’stlik munosabatlari o’rnatilsin.
- Ko’rsatilgan topshiriqlarni amalga oshirish uchun 4000 kishidan iborat muntazam qo’shin va kerakligicha kemalar ajratilsin. Bundan tashqari Yoyiq kazaklaridan 1500, eshkakchilardan 500 va otliqlardan 100 kishi berilsin. Ular savdo karvonlarini muhofaza qilish niqobida Astraxndan harbiy qal’a va shahar quriladigan joyga, ya’ni Kaspiyning sharqiy qirg’og’iga yuborilsin. Qo’shin komandirlari barcha joylardagi tub aholiga nisbatan xushmuomalda bo’lsinlar. Shaharni qurish uchun zarur bo’lgan bel va cho’kichlar berilsin.
- Dengiz ofitserlaridan poruchik Kojin va navigatorlardn 5 yoki ko’proq kishilar harbiy qismga qo’shilsin. Kojin savdogarlar niqobida ish yuritishi, navigatorlar esa Yorkentga yuborilishi darkor. Kulyumov o’quv yurti talabalaridan ikki injener olinsin. Kojin zimmasiga borgan joyida mollarni turlarini va umuman savdo-sotiqni yaxshi o’rganish yuklatilsin. Unga savdogarlardan ikki kishi birkitilsin. Bular keksa bo’lmasinlar.”
Ko’rinib turibdiki, Pyotr I Kaspiy dengizining sharqiy qirg’oqlari va Xiva xonligini hamda iloji topilsa Buxoro xonligini ham o’z ta’sir doirasiga tortishga qattiq kirishgan. Bu hol Rus davlatining chegarasini kengayishi va manfaatlarini ta’minlashi turgan gap edi. Pyotr I kuchli flotga ega bo’lganligini hisobga olib Amudaryoni Kaspiyga burib, suv yo’li orqali Xiva va Buxoro xonliklariga, Hindistongacha borishni o’ylagan. Ammo, u Amudryoni yo’lini o’zgartirishni o’ta qiyinligini, katta kuch va mablag’ sarflanishini hisobga olmay xom-xayol bilan ish yuritgan.
1717 yilni 14 martida Bekovich-Cherkasskiy Pyotr I farmonini amalga oshirishga qaratilgan talablarni hukumat senatiga quyidagi tarzda ma’lum qiladi:
- Muntazam qo’shindan – 400, dragunlardan (otliqlardan) – 1500, piyoda askarlarni ofitserlari bilan birgalikda – 2500, kazaklardan 2000 kishini kiyim-kechaklari bilan, oziq-ovqatlari va maoshlari bilan birgalikda berilsin.
- Kaspiyning sharqiy qirg’og’iga quruq yo’l bilan borish uchun belgilangan 2000 kishidan iborat askarlarga kamida bir yilga yetadigan oziq-ovqatlar, aravalar va boshqa narsalar ajratilsin. Shuningdek, Kaspiy dengizini qirg’og’ida harbiy qal’a qurish uchun jo’natiladigan askarlarga tegishli oziq-ovqat va boshqa narsalarni olib borishga kemalar berilsin.
- Savdogarlar niqobida Sirdaryo bo’ylab Yorkentga oltin qidirishga va Amudaryo bo’ylab Hindistonga boruvchi kishilarga mablag’ ajratilsin. Ular shu darajada ko’p va yaxshi mollar bilan ta’minlansinlarki, u joylarda hech qanday shubha uyg’otmasin.
- Agar Xiva xoni 500 kishilik gvardiyani so’rab qolsa u vaqtda ularni bir yil muddat bilan ta’minlashga maosh ajratilsin.
- Xiva, Buxoro va Hindiston hukmdorlariga davlat yorliqlari (gramotalari) tayyorlansin.
- 24 ta to’pchilar, 2 ta injener, 3 ta davolovchi va ko’p dori-darmonlar berilsin.
Demak Xiva xonligida qoldirilgan rus askarlarini soni 500 kishi hisobidan belgilangan. Hindiston va Yorkentga boruvchi kishilar aslida savdogarlar bo’lmay ayg’oqchi edilar. Ular siyosiy va iqtisodiy ma’lumotlarni qo’lga kiritish topshirilgan. 1717 yilni 14 martida hukumat senati Bekovich-Cherkasskiyni talablarini to’la qondirish haqida qaror qabul qildi. Jumladan, Hindistonga boruvchi “savdogarlar” Moskva Astraxada turli mollar sotib olishlari uchun o’sha vaqt uchun salmoqli hisoblangan 5000 so’m ajratildi. Yorkent shahriga 5 kishi yuborish va ularni mablag’ bilan ta’minlash haqida ko’rsatma berildi. Harbiy qismni Qozon, Astraxan, Saratov, Dmitriyev, Tsaritsin, Krasniy Yar, Chyorniy Yar, Samara va Azov guberniyalaridan jamlash buyurildi. Uning umumiy soni bir hujjatda 6344, ikkinchisida esa 6100 kishi ko’rsatilgan. Ikki holda ham u 600 kishidan oz bo’lmagan. Qo’shin bilan olib ketiladigan to’plar uchun 481 pud porox, 1230 pud qo’rg’oshin va boshqa narsalar ajratildi. Askarlarni va ofitserlarni ichishlari uchun 400 chelak vino, 597 chelak pivo beriladigan bo’ldi. Xullas, harbiy qism ipdan-ignagacha to’la ta’minlanishi, qanchadan-qancha yarog’-aslahalar ajratilishi nazarda tutildi.
Astraxan va boshqa joylarda olib borilayotgan tayyorgarliklar haqidagi ovozalar Turkiston o’lkasiga yetib borgan edi. Chunonchi, 1716 yilda Astraxan orqali Rossiyaga borgan Xiva xonligining elchisi uni o’z ko’zi bilan ko’rgan va eshitgn edi. U vataniga qaytgach bu haqda o’z xoniga ma’lumot bergan. Shundan keyin Sherg’ozixon o’z qo’li ostidagi yerlarga harbiy tayyorgalikni ko’rib taxt bo’lib turishni buyurgan. Bekovich-Cherkasskiy bundan juda tashvishlangan, albatta. Shuning uchun u go’yo Xiva xonligiga do’stlik va tinchlik elchisi sifatida borayotganligini ishontirish uchun Ivan Voronin va Maksim Svyatoy nomli o’z kishilarini maxsus xat bilan Sherg’ozixon huzuriga yuborgan. Bu rus elchilari Xivada dastavval qattiq nazorat ostida yashagan bo’lsalar, lekin qayoqqadir ketgan Sherg’ozixonning kelishi bilan ularga bir oz erkinlik berilgan. Ular xonlikda harbiy tayyorgarlik ko’rilayotganligiga ishonch hosil qilib, buni maxfiy xat orqali Bekovich-Cherkasskiyga yetkazganlar.
Xiva xonligida rus qo’shinlarining bo’lajak tajovuziga qarshi tayyorgarlik ko’rilayotganini qalmoq xoni Ayuqxon ham xabar qilgan. U 1717 yil 16 mayida rus ma’muriyatiga yozgan xatida shunday degan: Mening Xiva xonligiga borib kelgan odamim guvohligiga ko’ra 2000 kishidan iborat xivaliklar, qoraqalpoqlar va qozoqlar birlashib chegara joylarda turishibdilar. Ular yo’llardagi quduqlarni ko’mganlar, hamda jang qilish niyatidalar. Yo’llardagi issiq jazirama orqasida o’tlar yo’q, tag’in rus askarlari og’ir ahvolga tushib qolmasinlar. Vaziyatni batafsil tushuntirish uchun 7 kishini yubormoqdaman. Xullas, har ikkala tarafda kelajakdagi o’zaro to’qnashuvga tayyorgalik olib borilgan. Manbalarga ko’ra Bekovich-Cherkasskiy birinchi navbatda Amudaryoni Kaspiy dengiziga burishga doir ma’lumotlarni qo’lga kiritishga harakat qilgan. U 1715 yilda Astraxandan Kaspiy bo’ylab turkmanlar yashaydigan joylarga borib Saidmamad, Salmon, Begench, Po’lat Baxshi, Manglay, Qashqa (manbada ismlar buzib yozilgan) va boshqa nufuzli kishilar bilan Amudaryo xususida suhbatlashgan. Turkman vakillari o’tmishda Amudaryoni Kaspiyga quyilganligini tasdiqlab, 20 chaqirim masofadagi yer qazilsa uni eski yo’liga oqizish mumkinligini aytganlar. Bekovich-Cherkasskiy bu masalani aniqlash uchun biladigan odamni berishni so’raganda ular Nafasxo’ja degan turkmanni tavsiya etganlar. U bu kishiga Astraxan dvoryani Ivan Zvonskiy va Nikolay Fyodorov degan kishilarni qo’shib Amudaryoni eski o’zanini aniqlashni buyurgan. Ular Nafasxo’ja boshchiligida yo’lga chiqib Xiva xonligiga 17 kunlik masofadagi Qarag’och degan joyga kelganlar. Buning atrofida balandligi bir metr chorak, uzunligi besh chaqirim, eni uch metr keladigan tepalik ko’zga tashlangan. Nafasxo’ja mana shu tepalik olinib ariq qazib borilsa Amudaryoni Kaspiyga bursa bo’ladi, degan fikrni aytgan.
Bekovich-Cherkasskiy qanchalik harakat qilmasin baribir Amudaryo haqida yetarli ma’lumot ololmadi. Bekovich-Cherkasskiy Pyotr I ning harbiy istehkomlar qurish va bu bilan Kaspiy dengizining sharqiy qirg’oqlarida Rus davlatining ta’sirini o’rnatish haqidagi ko’rsatmasini ado etishga kirishdi. U 1716 yilni 15 sentabrida 69 kemada Kaspiy dengizi bo’ylab Astraxandan 290 chaqirim masofada joylashgan Tyurkkagan degan joyga – Mang’ishloqga keldi. U bu yerda qo’shin bilan o’rnashib Svyatoy Pyotr I nomida harbiy istehkomini qurdirdi. U bu yerdan Buxoro xonligiga elchi etib tayinlangan Kojin va Pyotr Davidovni Astrabodga jo’natadi. Chunki bu orqali Buxoroga borish rejalashtirilgan edi.
1716 yilni 23 oktabrida Bekovich-Cherkasskiy ikkinchi harbiy qal’ani qurish uchun ikki polkdan iborat qo’shin bilan Krasnovodskka yo’l oldi. Ko’p o’tmay bu yerga Eron ma’muriyati ruxsat bermaganligi orqasida Buxoroga yuborilgan Kojin va Pyotr Davidovlar qaytib keldilar. Manbada Pyotr Davidov “Morskoy podporuchik” deyilgan. Aftidan, bu elchiga suv yo’llarini o’rganish va ma’lumotlar to’plash topshirilgan.
1717 yilni 20 fevralida Bekovich-Cherkasskiy Krasnovodskda qal’a qurishni yo’lga qo’ygandan keyin quruq yo’l bilan Astraxanga qaytadi. Bu yerda u Xivaga qarshi harbiy yurishni oxirgi tayyorgarligi bilan shug’ullanadi. Bu vaqtda Xiva xonligining kuch-qudrati ancha kuchayib, Marvdan to Astrobodgacha bo’lgan yerlar (tog’ etaklari) bo’ylab Atrek, Go’rgon sohillarida yashovchi fors va turkmanlar bo’ysundirilgan edi.
1717 yilni bahor kezlarida Bekovich-Cherkasskiy qo’shinning bir qismini quruq yo’l bo’yicha, o’zi esa askarlari bilan kemada Kaspiy dengizi bilan Guryevga keldi. Guryevga 60 ta rus askarlari baliq ovi bilan shug’ullanayotganlarida qoraqalpoqlar qo’qqisdan hujum qilib ularni asir olib otlarini haydab ketganlar. Bekovich-Cherkasskiy darhol ularni orqasidan quvib asirlarni va otlarni qutqargan. Bekovich-Cherkasskiy so’roviga muvofiq, qalmoq xoni Ayuqxon Manglay Qashqa boshliq 10 kishini yo’l ko’rsatuvchi sifatida yuborgan. Shuningdek unga yuqorida qayd qilingan Nafasxo’ja ham kuzatuvchi tarzida qo’shilgan. Bekovich-Cherkasskiy 3000 dan ortiq qo’shin va xizmatchilar bilan 1717 yil may oxiri yoki iyun boshlarida Guryevdan chiqib, Xiva tomon yurdi. U bilan birga Astraxan tatarlarini (70 kishilik) savdo karvonlari ham yo’lga otlanadi. Bekovich-Cherkasskiy Yomba arig’ini kechib o’tib, hamda yuqori qismi tomon yurib ikki kundan keyin Bagachat degan joyga qo’ndi. Shundan keyin qo’shin Duchkon, Mansulmas, Childop, San Durali, Yangisuv singari quduqlarni bosib o’tgan. Bu vaqtlarda jazirama issiq barcha o’tlarni quritib yuborganligi orqasida qo’shinga tegishli ot va tuyalarni boqish ancha qiyinlashgan. Bekovich-Cherkasskiy o’zini bosqinchilik yurishini niqoblash maqsadida Yangisuvga kelganda Mixail Koretovni tinchlik va do’stlik elchisi sifatida borayotganligini ma’lum qilish uchun Sherg’ozixon huzuriga jo’natgan. Shundan keyin qo’shin yo’lni davom ettirib Shershik qudug’i va Qoraqumobod arig’i orqali Oqko’l arig’iga kelgan. Ko’p o’tmay Xiva xoni Sherg’ozi nomidan ikki kishi va yuqorida qayd qilingan Koretovni bir odami Bekovich-Cherkasskiy huzuriga kelganlar. Xiva elchilari xon nomidan, ot, tuya va mollardan iborat sovg’alarni Bekovich-Cherkasskiyga topshirgan. Shu ravishda Sherg’ozixon dushmanni yovuz niyatini yaxshi bilsada, lekin sir boy bermay ish yuritadi.
Bekovich-Cherkasskiy Xiva elchilariga o’zini elchi sifatida kelayotganini takrorladi. Rus qo’shini Oqko’ldan chiqib Qoraog’och degan ariqqa qo’ndilar. Bu yerdan Xivagacha to’rt kunlik yo’l qolgan edi. Bundan xabar topgan Xiva qo’shinlari rus askarlariga hujum qildilar. Voqea guvohlarining so’ziga ko’ra, vatan himoyachilari piltali oddiy miltiq, qilich, nayza, oybolta, o’q-yoy va boshqa oddiy aslahalar bilan qurollanganlar. Ruslarda esa to’p, miltiq va boshqa takomillashgan qurollar bor edi. Manbalarda Xiva qo’shinining soni turlicha, ya’ni 100 ming yoki 60 ming ko’rsatilgan. Jang uch kun davom etgandan keyin to’rtinchi kuni Xiva xoni Sherg’ozixon Eshonxo’ja ismli elchisini yuborib yarashishini taklif etdi. Elchi Bekovich-Cherkasskiyga shunday dedi: Xivaliklar o’zboshimchalik bilan rus askarlariga hujum qilganlar, xon esa bilmay qolgan. Xonning so’rovi shundan iboratki, agar Bekovich-Cherkasskiy haqiqatan ham elchi sifatida kelgan bo’lsa u vaqtda ishonch hosil qildirsin.
Bunga javoban Bekovich-Cherkasskiy: Men rus imperatori Pyotr I nomidan yorliq va og’zaki topshiriqlar bilan elchi sifatida keldim, degan. U astraxanlik tatar Oltin Xusainov degan kishisini Eshonxo’ja bilan birga Sherg’ozixon huzuriga yuqoridagi gaplarni yetkazish uchun yubordi. Oltin Xusainovni Sherg’ozi emas, balki lashkarboshi Quluqboy qabul qilib unga aytganki, agar Bekovich-Cherkaskiy haqiqatan ham elchi sifatida kelgan bo’lsa, u vaqtda xon huzuriga o’zi tashrif buyursin. U bu so’zlarni Eshonxo’ja bilan orqaga qaytib Bekovich-Cherkasskiyga yetkazgan.
Xiva qo’shini rus askarlarini atrofini o’rab: agar Bekovich-Cherkaskkiy haqiqatan ham elcih sifatida kelgan bo’lsa, u vaqtda buni o’zi o’rtaga chiqib aytsin yoki urushadigan bo’lsa jangga tushsin deb baqirishgan. Bunga javoban Bekovich-Cherkasskiy xivaliklar uzoqtoq joyga tislansa va Sherg’ozixonni o’zi kelsa chiqishi mumkinligini bildirgan. SHuningdek u oldingi jangda ruslardan olti kishi o’ldirilganligini aytib ishonchsizlik bildirgan. Boshqa hujjatda o’lganlarning soni 10 kishi deyilgan. Bekovich-Cherkasskiy buyrug’i bilan ikki kun davomida vatan himoyachilariga qarshi to’p va miltiqlardan o’q uzildi. Shundan keyin xivaliklar bir chaqirim orqaga chekindilar.
Shu taxlitda vatan himoyachilari bilan rus qo’shinlari o’rtasida ikki marotaba qonli to’qnashuv sodir bo’ldi. Afsuski, bu janglar haqida mahalliy manbalarda ma’lumotlar topilgani yo’q. Ular ko’proq rus arxivlarida saqlangan. Bular asosan Bekovich-Cherkasskiyning harbiy yurishida bevosita qatnashgan Turkman Nafasxo’ja, Oltin Xusainov, Yoyiq kazaki Fedor Yemelyanov, Mixail Spiridonov, O’razmat Ahmetov singari kishilarni xotiralarini o’z ichiga oladi. Ularni ko’rsatilicha aytilgan jangdan keyin o’sha xixalik Eshonxo’ja yana kelib orollik va turkmanlar xonni ruxsatisiz o’zlaricha hujum qilganlarini bayon etgan. Shuningdek, u hech narsadan xavfsiramay xon oldiga borishga da’vat etgan.
Bekovich-Cherkasskiy bunga javonam astraxanlik tatar Ismoil Mirza va Xudoyqul Mirzani Sherg’ozixon huzuriga yuborib, rus davlatini elchisi ekanligini va qoraqalpoqlarni hujumlaridan saqlanish uchun qo’shin bilan kelganligini bildirgan. Ma’lum vaqtdan keyin rus elchilari xonning lashkarboshisi Kulunbek va Nazarxo’ja ismli kishi bilan kelgan. Shundan keyin har ikki tomon bir-birlariga hujum qilmaslikka kelishdilar. So’ngra Sherg’ozixon Eshonxo’jani yuborib Bekovich-Cherkasskiyni o’z huzuriga taklif etadi. Bunga rozilik bildirib Bekovich-Cherkasskiy, knyaz Mixail Zamonov, brigade komissari Grigoriy Volkov, 700 askar va boshqa bir nechta kishilar bilan xon huzuriga yo’l oldin. Qo’shinga uning orqasidan yurish buyurildi. Keyingi voqea qay tarzda borganligini jonli guvoh Oltin Husainov shunday ta’riflaydi: Bekovich-Cherkasskiy va Mixail Zamonov Sherg’ozixon o’rnashgan chodirga kiritildi. U Pyotr I Oliy hazratlarining yorlig’ini, yasantirilgan ot, movut, 5 gazdan gazlamalar, kallaqand, kumush idishlaridan iborat sovg’alarni xonga topshirdi. Ular chodirda ikki soat suhbatlashdilar va ovqatlandilar. O’z navbatida xon ham Bekovich-Cherkasskiyga bezatilgan eng yaxshi otni hadya qildi. Shundan keyin Bekovich-Cherkasskiy uning uchun belgilangan chodirga kelib o’rnashdi. Ko’p o’tmay xon olgan sovg’alarni, xususan gazlamalarni chiritganligi uchun Bekovich-Cherkasskiyni shu darajada hijolatga va hayajonga solganki, ko’z yoshlari bilan “Nima uchun shunday qilding?” – deb Mixail Zamonovni qoralagan. Bunga Zamonov: “Mabodo orqaga qaytishimizga to’g’ri kelsa, bir kunimizga yarar, deb qildim”, deb javob bergan. Keyingi kuni Sherg’ozixon va Bekovich-Cherkasskiy birgalikda Xiva tomonga yo’l oldilar. Kechqurun ular to’rt soat mobaynida suhbatlashib ovqatlandilar. So’ngra yo’l davom ettirilib Xiva qo’shini Bekovich-Cherkasskiy orqasidan kelayotgan rus askarlarini unga yaqinlashtirmadi. Xivaga ikki kunlik yo’l qolganda Porsongul degan daryoga kelishdilar. Rus askarlari bu yerdan ikki chaqirim narida to’xtadilar. Ertalab Sherg’ozixon Bekovich-Cherkasskiy huzuriga to’rt o’zbekni yuborib rus qo’shinlarini barchasini Xivada joylashtirishni va ta’minlashni imkoni yo’qligini va ularni besh qismda taqsimlab, turli shaharlarga o’rnashtirishni taklif qildi. Shuningdek, Bekovich-Cherkasskiyga o’z yonidagi 700 kishini ham tarqatib 200 odam bilan kelishni taklif etdi. Bu so’rovlar qabul qilinib besh qismga ajratilgan rus askarlari xon amaldorlarini kuzatuvida besh tarafga olib ketildi. Shundan keyin, – deb so’zini davom ettiradi Oltin Husainov, – Sherg’ozixon buyrug’i bilan knyaz Mixail Zamonov, astraxanlik dvoryanin Kiryak Ekonomov, so’ngra Bekovich-Cherkasskiy yechintirilib boshlari qilichdan o’tkazildi. Bu voqea 1717 yil 29 avgustda sodir bo’ldi. Rus askarlari ham yo’llarda qirib tashlandi, ma’lum qismigina asirlikka olinib, qulga aylantirildi. Ko’rsatilgan uch kishini boshlari Xivadagi bozorda osib qo’yilib jamoa ahliga namoyish etilgan.
Shu tarzda Sherg’ozixonning (1715-1728) o’ta ehtiyotkorlik va bilimdonlik bilan yuritgan siyosati bir necha barobar ko’p kuchga va yarog’-aslahaga ega bo’lgan uch ming kishilik rus qo’shinlarini mag’lubiyatga uchratdi. Vatan himoyachilari to’p, miltiq, qilich va boshqa yarog’-aslahalarni o’ljaga oldilar. Sherg’ozixon o’z g’alabasini namoyish etish uchun Bekovich-Cherkasskiyni kallasini terisini shilib va ichiga somon tiqib Buxoro xoniga jo’natdi. Ammo, bu yerda xon Rossiya bilan aloqani yomonlashishidan qo’rqib “sovg’ani” nafrat bilan qarshi oldi va darhol qaytarib yubordi. Shuningdek Sherg’ozixon rus asirlaridan olti kishini Buxoro xoniga va 10 kishini qalmoq xoniga “sovg’a” sifatida jo’natgan.
Bekovich-Cherkasskiyni tor-mor etilishi butun Rossiyani larzaga solgan, desak mubolag’a bo’lmaydi. Chunki bu noxush xabarni birinchi navbatda Pyotr I qattiq hayajon va alam bilan qarshi oldi. Ovrupadagi eng yirik va qudratli Rossiya imperiyasining kichik bir xonlikdan yengilishi jahon davrasida Pyotr I ni noqulay holatga solib qo’yishi turgan gap edi.
Garchand, Sherg’ozixon katta zafarni qo’lga kiritgan bo’lsa-da, rus davlati bilan diplomatik va savdo aloqalarini tiklash yo’llarini qidirdi. Chunonchi, u 1720 yilda Vaismamatni elchi sifatida Rossiyaga yubordi. Bu elchi olib kelgan yorlig’ida xonlikni Eron bilan urush olib borayotganligi xabar qilinib Bekovich-Cherkasskiy munosabati bilan uzilib qolgan aloqalarni tiklash zarurligi Pyotr I ga ma’lum qilingan. Bu bilan barobar Bekovich-Cherkasskiy ko’p sonlik qo’shin bilan kelib xonlikni bosib olmoqchi bo’lganligi uchun uning qo’shinlariga zarba berilganligi uqtirib o’tilgan. Garchand, Sherg’ozixon o’z vataniga bostirib kirgan bosqinchini tor-mor etib xalq oldidagi muqaddas burchini ado etib, yaxshi niyat bilan Rossiyaga elchi yuborgan bo’lsa-da, lekin Pyotr I ning alami va nafrati shu darajada kuchli bo’lganki, u diplomatiyning oddiy qonun qoidalarini onli ravishda buzadi. Chunonchi, o’sha Xiva elchisini 5 ta hamrohi bilan Astraxandan soqchilarning qattiq nazorati ostida Peterburgga keltirib Petrapavlovsk qamoqxonasiga tashlaydi.
Bunday sharmandli ish diplomatiya tarixida kamdan-kam uchraydigan hodisadir. Keyin Vaismamat tashqi ishlr kollegiyasiga chaqirilib suhbat o’tkazilgan. Elchi suhbatda Xiva xoni savdoni tiklashni so’rganligini ma’lum qilgan. Kollegiya boshliqlari savdoni kuchaytirish va Tyupkaragan qal’asini qurish uchun yuborilgan Bekovich-Cherkaskkiyni o’ldirilishini qoralaganlar. Kollegiyada Bekovich-Cherkasskiyni xuni uchun elchini o’ldirish lozim deyilganda, elchi “Bu sizlarning ishingiz”, – deb mardonavor javob bergan. Elchi Vaismamat 1721 yilning 10 martida qamoqxonada vafot etgan. Shubhasiz, u qasos olish maqsadida hukumat tomonidan o’ldirilgan. Uning hamrohlaridan biri Ko’chak nomli kishigina rus hukumatining rus asirlarini ozod qilish haqidagi xati bilan Xivaga jo’natilgan. Qolgan uchta Xivalik 1724 yilda qamoqxonada uch yil yotgandan keyin qatorgaga hukm qilingan.
Sherg’ozixon rus davlatining elchiga nisbatan g’ariqonuniy munosabatiga qaramay aloqani tiklashdan voz kechmadi. U 1721 yilni boshida Buxoroga rus elchisi Florid Benevenini kelganligini eshitib uni Xivaga kelishini va bu yerda zo’r hurmat bilan qabul qilinishini ma’lum qildi. Haqiqatan ham F.Benevani Xivaga kelganda hurmat bilan kutib olindi. Qabul marosimida Sherg’ozixon Rossiya bilan savdo aloqalarini tiklashni va dushmanlikdan foyda yo’qligini F.Beneviniga aytgan. U Bekovich-Cherkasskiy voqeasiga to’xtab, elchi tarzida emas, balki ko’p askarlar bilan Xiva xonligini bosib olish uchun kelganligini bayon etdi. Sherg’ozixon rus elchisi bilan birga Subhonquli nomli kishisini elchi sifatida Rossiyaga yuborgan. Ammo Xiva elchisi 1725 yilda Pyotr I o’lgandan keyin Peterburgga keldi. Bu yerda u Sherg’ozixonning savdo aloqalarini tiklash haqidagi yorlig’ini rus hukumatiga topshirdi. Natijada, Xiva xonligi bilan rus davlati o’rtasida savdo aloqalarini tiklash haqida qaror qbul qilindi. Bunda aloqani uzilishi orqasida Kaspiy-Volga yo’lidagi savdoga putur yetganligi va boj yig’ishning kamayib ketganligi ko’rsatilib xonlik bilan savdoni qayta yo’lga qo’yish zarurligi uqdirilgan. Rus podshohlari Xiva xonligi bilan savdo aloqasini tiklanishi munosabati bilan Turkiston o’lkasiga maxsus savdo karvonlarini yuborish to’g’risida farmon chiqardi. Karvonboshi lavozimiga Astraxanda yashovchi samarqandlik o’zbek savdogari Yodgor Olimov tayinlandi.
Yuqorida aytilgan Buxoro xoni Abulfayzxon Bekovich-Cherkasskiyni o’ldirilishiga qarshi o’z nafratini bildirgan edi. U bu bilan chegaralanmay o’sha F.Beneveni orqali Pyotr I nomiga xat yuborib o’zaro elchilik va savdo aloqalarini kuchaytirish taklifi bilan bir qatorda Sherg’ozixonning Bekovich-Cherkasskiyga nisbatan bo’lgan munosabatni qoralagan. Hatto, xon Xiva xonligiga qarshi qo’shin yuborganligi ma’lum qilgan. Xullas Abulfayzxon Rus davlatini Xiva xonligi bilan aloqasini yomonlashtirishga urinib, o’zini unga do’stligini ko’rsatishga harakat qilgan.
Shuningdek, Abdulfayzxon tobora kuchayib borayotgan Xiva xonligini ishlariga aralashib orolliklarni Sherg’ozixonga qarshi bosh ko’tartirdi. Orolliklar uni o’rniga Buxoroda yashovchi shahzoda Temur Sultonni taxtga o’tkazish uchun harakat qilganlar.
Bekovich-Cherkasskiyning mag’lubiyati Pyotr I ning Kaspiy dengizini sharqiy qirg’oqlarini egallashga qaratilgan harakatlariga ham zarba berdi. Arxiv hujjatlariga ko’ra, Tyukaragan va Krasnovodskidagi harbiy istehkomlarda sharoitni og’irligi orqasida Bekovich-Cherkasskiy qoldirgan askarlarni ko’pchiligi dardga chalingan yoki o’lgan.
Buni ustiga turkman qabilalari qal’alariga hujum qilib, o’nlab rus askarlarini asirlikka olganlar. Ularni orasida o’ldirilganlar ham bo’lgan. Hatto, Xiva xoni bu yerga hujum qilarmish degan ovozalar tarqalgan. Pyotr I o’limidan keyin qanchalik vaqtlarning o’tishi bilan ko’rsatilgan qal’alarga e’tibor shunchalik pasayib bordi. 1717 yilni oxirida qolgan oz sonli rus askarlari qal’alarni tashlab Astraxanga qaytishga majbur bo’ldilar. Turkiston o’lkasini rus davlatini tarkibiga kiritishga qattiq bel bog’lagan Pyotr I Bekovich-Cherkasskiyning tor-mor etilishidan shu darajada alamga tushganki, hatto, o’lim to’shagida yotganida ham Xiva xonligidan “qonga-qon” tarzida xun olinishini vasiyat qilgan. Rus shoiri A.S.Pushkin so’zicha “Pyotr I ikki armon bilan ketdi: biri Prut sohilidagi mag’lubiyati uchun Turkiyadan, ikkinchi Bekovichni qatli uchun Xivadan o’ch ololmaan edi”.
Pyotr I Kaspiy qirg’oqlarini Erondan urushib olgandan keyin “ulug’davlatchilik g’oyalari” yanada jo’sh urib, shunday degan ekan: “Astroboddan Balxga va Badaxshonga faqat 12 kunlik yo’ldir. Buxoro barcha Sharq savdosining markazidir. U tomonlarga boradigan yo’llarga hech kim to’siq bo’la olmaydi”.
Binobarin, u Eron orqali ham Turkistonni o’z ta’sir doirasiga olishni rejalashtirgan. Pyotr I ning eng yaqin odamlaridan biri Volinskiyning esdaligiga ko’ra, Pyotr I faqat Eronni emas, balki to Hindiston va Xitoygacha bo’lgan yerlarni o’z qo’l ostiga olish niyatida bo’lgan. Uni ta’kidlashicha, Pyotr I tirik bo’lganda bu ishlarni amala oshirilishi turgan gap edi.
Xullas, Xiva xonligi tomonidan Bekovich-Cherkaskkiyning tor-mor etilishi rus davlatining bosqinchilik hukumati uzoq vaqtgacha Turkiston o’lkasiga harbiy yurish uyushtirishni lozim ko’rmadi. Biroq unga zimdan va asta-sekin tayyorgarlik ishlarini amalga oshirib bordi.