KORDOVA
KORDOVA — Argentinaning markaziy qismidagi shahar. Kordova provintsiyasining ma’muriy markazi. Aholisi 1,2 million kishidan ziyod (2001). Mamlakatning muhim sanoat va madaniy markazi. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Mashinasozlik, jumladan, transport mashinasozligi va metallurgiya, kimyo, oziq-ovqat, ko’n-poyabzal sanoati korxonalari mavjud. Universitet (1613), muzeylar, jumladan, botanika muzeyi, konservatoriya bor. Shaharga 1573 yilda asos solingan. 17-18-asrlarga oid me’moriy yodgorliklar saqlangan.