Akustika nima bilan shug’ullanadi?
Bizni har xil shovqinlar va tovushlar qurshab olgan. Tovush to’lqinlari kenglikda tarqalib, beton devorlarda aks — sado beradi, yupqa to’siqlardan sizib o’tadi, ulardan polda zirillash paydo bo’ladi. Akustika — tovushlar haqidagi fandir. Tovushlarning xususiyatlarini o’rganish hayotimizga halaqit beradigan shovqinlarga qarshi muvofiqlashtirilgan kurash olib borish, ularni bartaraf etish imkoniyatini beradi. Tovushlarni kuchaytirish va pasaytirish — akustikaviy tadqiqotlarning ikki amaliy tomonidir. Masalan, tomosha zallarida tovushni kuchaytirish o’z-o’zidan talab qilinadi, musiqa yoki aktyorning nutqi har qanday joyga yaxshi eshitilishi kerak. Zalda «o’lik nuqtalar» va, albatta, aks — sado bo’lmasligi lozim. Tovushni pasaytirish muammosi esa uylar va ishlab chiqarishdagi ishchi o’rinlarini loyihalashtirishda hisobga olinadi.