Gidrolokator nima?
Bu asbob yordamida kemalar ostidagi suvning chuqurligini o’lchash, suv ostidagi ob’yektlarni aniqlash va hatto ovlash uchun baliq galalarini qidirib topish mumkin. Gidrolokatorlar «sonarlar» va «shumopelengator»lar deb ham ataladi. Ularning ishlash usullari ham radiolokatsion stantsiyalar (radarlar)ning ishlash usullariga o’xshab ketadi. Gidrolokatorlar jo’natgan ovoz signallari yo’lda uchragan narsalar sirtiga tegib, undan aks-sado bo’lib orqaga qaytadi. Bu to’siq qancha yaqin masofada bo’lsa, signal shu qadar kuchli va shu qadar tez qaytadi. Signal borib tegadigan narsaning tashqi maydoni qanchalik katta bo’lsa, signallar shu qadar ko’payib qaytadi. Baliq ovlovchi trauler baliq galalarini izlab yo’lga tushsa, signal baliqqa tegib ham qaytishi mumkin. Suvosti kemalari ham, cho’kkan kemalar ham xuddi shu usulda aniqlanadi. Nihoyat, signal dengiz tagiga ham tegib qaytadi. Bunday paytda kema suzib ketayotgan nuqtada gidrolokator yordamida suvning chuqurligi ham aniqlanadi.