Ipak qurtidan dastlab qachon foydalanganlar?
Ipak — kapalak qurtning bir turi bo’lmish ipak qurtining eng mayin tolasidan tayyorlangan ip yoki gazmoldir. Ayni paytda pillaning o’zi tola bo’lib, uni ipak qurti kapalak bo’lish jarayonida to’qiydi. Ipak ip va gazmollarni tayyorlash sirlari bundan 4000 yil avval xitoyliklarga ma’lum bo’lgan. Xitoy hoqonining yosh qallig’i kapalak pillasini tasodifan suvga tashlab yuborishi va pillaning yaltirab turgan iplarini qulochlab chuvitmoq mumkinligini payqab qolganligi to’g’risida afsona ham bor. Naql qilishlaricha, ana o’sha ayol ipak qurtini yetishtirish va ipak iplardan gazmol tayyorlashda foydalanishga oid tajribalar ham olib borgan ekan. Xitoyliklar yuz yillar davomida ipak qurtini yetishtirish va ipak tayyorlash sirlarini maxfiy saqlab kelganlar. Boshqa mamlakatlarning savdogarlari qimmatbaho ipak matolar va boshqa tovarlarni xarid qilish uchun Xitoy sari yo’l olganlar. Muayyan muddat davomida qadimgi Eronda va Yunonistonning orollardagi o’lkalarida ipakni kiyim-kechaklar tayyorlash uchun iplar tarzida chuvitib, ulardan boshqa naqshlar bilan yangi matolar ham to’qiganlar. Ipak ishlab chiqarish sirlari Yaponiyaga, taxminan, milodning uchinchi asrida ayon bo’ldi. 550 yilda Vizantiya imperatori Yustinian ikki fors rohibini girvat hassa ichida ipak qurti urug’ini o’g’rilab olib kelish uchun Xitoyga jo’natadi. Ushbu voqea Konstantinopol atroflarida ipakchilik sanoatining rivojlanishini boshlab berdi. Bu yerdan ipak ishlab chiqarish asta-sekin Yevropaning janubi-g’arbiy hududlarigacha yoyildi. Italiya o’zida yetishtirilgan ipakdan tayyorlangan go’zal kimxob, damast duxobalari bilan mashhur bo’ldi.