Xotin-qizlarning shimlari qayerdan paydo bo’lgan?
Bunday modaga amerikalik ayollar asos solishgan. Ular o’tgan asrning 40 yillarida boshda ancha noqulay va kulguli shimlarning dastlabki andozalarini taklif etdilar. Bular yuqorisidan biroz qisqartirilgan keng yubka bekitadigan, aksariyat hollarda krinolindan tikilgan cholvorlar edi. Ayni paytda ayollarning korsetdan voz kechishga yuragi betlamadi. Biroq hatto ana shunday odmi shimlar ham Yevropada jiqqamushtliklar keltirib chiqarardi. Faqat borib turgan moda ishqibozlarigina buningdek shimlarni otga minganda yoki velosipedda sayr qilganda kiya olar edilar. XX asr boshlarida sport xotin-qizlar orasida ommalashdi-yu, keng shim va cholvorlar chang’ida va piyoda sayr qiluvchilar uchun an’anaviy kiyimga aylandi. 30-yillarda kalta, ancha keng shim-shortlar ommaviy sport kiyimlariga aylandi. Urush yillaridan keyingi davrda esa sport kostyum-shimlari har kuni kiyiladigan kiyimga va hattoki kechki kiyimga aylanib bora-bora xotin-qizlar kiyim-kechagining ajralmas qismi darajasiga erishdi.