Atir qanday paydo bo’lgan?
Qadimda atirlarni tayyorlash faxrli va sir-sinoatli mashg’ulot sanalgan. Chunonchi qadimgi Misrda bu ish faqat kohinlargagina ishonib topshirilgan. Muattar hid taratuvchi moddalarga ehtiyoj qadimgi Sharqdan Yunoniston, Rim va Vizantiyaga meros bo’lib o’tdi. Mashhur hammomlar — termlarning mijozlari cho’milib bo’lganlaridan keyin shu yerning o’zida badanga surtish va xushbo’y berish uchun muattar moy xarid qilishgan. Hatto o’rta asrlarda ham atir-upaning dovrug’i kamaymadi. Atir-upaga qiziqish shu darajaga borib yetdiki, Italiyada bayram kunlarida ba’zan hatto xachirlarga ham xushbo’y malhamlar surgashgan va atirlar sepganlar. Biroq atirlarni ishlab chiqarishda chinakam inqilob XII asrda, Italiyada ilk marta spirt olishni o’rganganlaridan keyin sodir bo’ldi. Xushbo’y moddalarning suyuq aralashmalarini spirtda tayyorlaydigan bo’lishdi. XIV asrga kelib, ushbu usulni boshqa Yevropa mamlakatlari ham bilib oldilar. Biroq spirt asosida bizlar atirlar va odekolonlar deb ataydigan xushbo’y dimlama — nastoykani tayyorlashga odatlanguniga qadar uzoq uch yuz yilcha vaqt zarur bo’ldi. Atir-upalarni tayyorlash Fransiyada XVII asrning oxirlarida, Rossiyada esa o’tgan asirning o’rtalarida boshlandi.