ABDURASHIDOV

ABDURASHIDOV Abdulaxad Abdulxamidovich (1956.11.6, Marg’ilon) — sozanda (naychi). O’zbekiston xalq artisti (2000). Farg’ona davlat musiqa bilim yurti (1975) va Toshkent davlat konservatoriyasi (1981) ni tugatgan. Marg’ilondagi «Do’stlik» bolalar ansamblida badiiy rahbar (1983-90), O’zteleradiokompaniyasining «Maqom» ansamblida sozanda (1990 yildan). Repertuaridan mumtoz va xalq cholg’u kuylari («Cho’li Iroq», «Yovvoyi Chorgoh», «Qalandar», Eroncha «Shoda-shoda» va boshqalar), o’zbek ashula va katta ashulalarning cholg’u yo’llari («Fig’on», «Hanuz», «Ey, sabo», «Bir kelsun» va boshqalar) o’rin olgan. Ijro uslubiga badihago’ylik, musiqiy-ifodaviy vositalarning yorqinligi, shu jumladan noziq nolalardan mohirona foydalanish xosdir. Bastakor sifatida «Nay nolasi», «Nigohing» kabi kuylarni, «Farg’ona ekan do’stlar», «Marg’ilon atlaslari», «Paydo bo’libdi» va boshqa ashulalarni yaratgan.

ABDURASHIDOV Komiljon (1937, Farg’ona viloyati) — O’zbekiston Respublikasi xalq o’qituvchisi (1995). Farg’ona pedagogika institutining Filologiya fakultetini tugatgan (1967). Mehnat faoliyati 1956 yildan boshlangan. Paxtaobod tumanidagi 25-maktabda o’qituvchi, ilmiy bo’lim mudiri, direktor o’rinbosari, direktor. 1973 yildan Oltinko’l tumanidagi 22-maktabda o’zbek tili va adabiyoti o’qituvchisi. Abdurashidov darslarni ko’rgazmali qurollar, texnik vositalar yordamida tashkil etgan.