ABERRATSIYA

ABERRATSIYA (lotincha aberratio — og’ish) — 1) umumiy ma’noda — me’yordan og’ish, me’yordagi qiymatlardan farqlanish; 2) optik tizimlarda — optik tizimning risoladagidek emasligi tufayli tasvirning buzilishi; tasvir aniq chiqmaydi, asliga to’liq mos kelmaydi yoki chaplashib ko’rinadi. Aberratsiyaning geometrik, xromatik va difraktsion turlari farq qilinadi; 3) astronomiyada — yorug’lik manbai va uni qabul qiluvchi qurilma bir-biriga nisbatan harakatda bo’lgani tufayli yorug’lik nurining yo’nalishi o’zgarishi. Yorug’lik Aberratsiyasi oqibatida osmon gumbazida yoritqich (mas, yulduz) ning haqiqiy vaziyati buzilib ko’rinadi; 4) elektron linzalar Aberratsiyasi.

ABERRATSIYA, biologiyada — 1) morfologiya va fiziologiyada — odatdagi tuzilish va funktsiyalardan, ya’ni normadan chetga chiqish; 2) genetikada — xromosomalar tuzilishining o’zgarishi. Aberratsiya tabiiy va eksperimental yo’llar bilan vujudga keladi. Aberratsiya ikki xil — bitta xromosomada yoki xromosomalararo sodir bo’lishi mumkin. Birinchi holda xromosomaning ma’lum qismi tushib qoladi, juftlanadi yoki ulardagi genlarning joylanish tartibi o’zgaradi, ikkinchi hodisa nogomologik xromosomalarning ma’lum qismlari o’zaro o’rin almashinadi.