ABULFATH
ABULFATH Ahmad ibn Sijziy (? — 1024) — shaxmatchi, falakiyot va riyoziyot olimi. Shatranjga oid risola muallifi. 300 dan ortiq shaxmat vaziyatini o’z ichiga olgan bu risolaning eng qadimgi mukammal nusxasi 1665 yilda Buxoroda ko’chirilgan. Asarda o’sha davrda va oldin o’tgan mashhur shaxmatchilar va shaxmat haqida yozgan olimlar to’g’risida ma’lumotlar, bu o’yinning kelib chiqishini madh etuvchi rivoyatlar, so’ngra 10 ta ta’biya va 287 ta mansuba bayon qilinadi. Ulardan keyin shaxmat donalarining nisbiy quvvati, shaxmat taxtasidagi har xil matematik hisoblar va shaxmat mavzuidagi 160 ta to’rtlik she’r keltirilgan. Abulfath shatranj bilan mashg’ul bo’lgan kishilar: Abubakr Muhammad ibn Yahyo as-Suliy, Hoja Hakim Abu Rayhon, Abu Sahd Muhammad ibn Ali al Badoyi, Adliy va boshqalar haqida ma’lumotlar beradi.