ABULQOSIM MADRASASI
ABULQOSIM MADRASASI – Toshkentdagi me’moriy yodgorlik. Madrasa, masjid va xonaqohdan iborat. Qurdirgan Shayx nomi bilan atalgan. Eng eski binosi — xonaqoi Mo’yi muborak 1820 yil bunyod etilgan, 1850 yil Madrasa qurilgan. Dastlab bir qavatli bo’lgan. Madrasa Chortoq tarhli (55×46 metr), hovlisi (22×28 metr) atrofida miyonsaroy, darsxona, masjid, to’rda Mo’yi muborak xonaqohi (6,1×6,1 metr) joylashgan. Hovliga old va orqa tomonidagi peshtoq orqali kiriladi. Binoni bezashda asosiy e’tibor bosh tarziga qaratilgan bo’lib, peshtoq (balandligi 16 metr) ning ikki yonida guldasta-minoralar qad ko’targan. Ularning tepa qismi gumbazli mezanalar bilan yakunlangan. Darsxona, maktabxona (murabba tarhli — 6,12×6,12 metr), ikki qavatli hujralardan iborat. Madrasa oldidagi hovuz, keyinchalik qurilgan hammom 1940-yillarda buzilgan. Madrasa eshiklarini O’ratepalik Usta Hasanboy o’yma naqsh bilan bezagan. Ta’mirlashda A. Solihov, X. Nishonov, O. Polvonovlar qatnashgan (1979). Madrasada Abdulla Qodiriy o’qigan. 1983 yildan O’zbekiston tarixiy va madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish jamiyatining Toshkent bo’limi joylashgan.