AVAR XOQONLIGI

AVAR XOQONLIGI – Pannoniya (hozirgi Vengriya, Yugoslaviya va Avstriya hududining bir qismi) dagi avarlarning davlat birlashmasi (6-asr o’rtasi — 8-asr oxiri). G’arbiy turk xoqonligining asosini tashkil etgan, boshida avarlar turgan yirik kabilalar uyushmasi O’rta Osiyodan Kaspiy bo’yining g’arbidagi dashtlarga, so’ngra shimoliy Qora dengiz bo’ylari, Dunay bo’yi va Bolqon yarim oroliga bostirib kirganlar (6-asr o’rtasi). 6-asr 50-60 yillarida avarlar savirlar, antlar, gepidlar va boshqa yevropalik qabilalar istiqomat qiladigan yerlarni vayron qilganlar. Shu yurishlar natijasida Pannoniyada Avar xoqonligi barpo etilgan. Davlatni yirik sarkarda Boyonxon boshqargan. Yashil rangli bayroqqa ega bo’lgan, bayroq o’rtasida orqaga qarab o’q-yoy otayotgan kishi otda chopib ketayotgan holatda tasvirlangan. Mahmud Koshg’ariy bu holatni Iskandarning Turonni bosib olayotgan davridagi turkiy qavmlarga nisbat bergan. Avar xoqonligi slavyanlar, franklar, langobardlar, gruzinlar, shuningdek Vizantiyaga muttasil hujumlar qilib turgan. 7-asr boshida Avar xoqonligining harbiy quvvati zaiflashgan, o’zaro nizolar avj olgan. 7-asr o’rtasida avarlar shimoliy Qora dengiz bo’ylaridan siqib chiqarilgan. Dunay bo’ylarida 680 yil birinchi bulg’or podsholigi barpo etilishi bilan Pannoniyadagi Avar xoqonligi tasarrufidagi erlar hududi qisqargan. 8-asr 90-yillarida Avar xoqonligi Buyuk Karya boshchiligidagi franklar tomonidan uzil-kesil tugatilgan.