AVARLAR

AVARLAR (ovarlar, obrlar) — asosan turkiy qavmlardan tashkil topgan qabila Ittifoqi. Slavyanlar, franklar yurtiga, Vizantiyaga tez-tez chop-quvar uyushtirib turganlar. Milodiy 6-asrda Dunay havzasida Avar xoqonligi davlat birlashmasini barpo etganlar.

AVARLAR (o’zlarini maarulal deb ataydilar) — Dog’istonda (496 ming kishidan ziyod) va Ozarbayjonning shim. g’arbiy qismida (44 ming kishi) yashovchi yerlik xalq. Avarlar va ularga yaqin xalqlarning umumiy soni Rossiya Federasiyasida 544 ming kishi (1992). Avarlar Islom dinining sunniy oqimiga mansub. Avar tilida so’zlashadi. 19-asrning 2-yarmida faqat Xunzax yassitog’ligida yashovchi aholi o’zlarini Avarlar deb atashgan. Tarixan bir hududda shakllangan guruhlar, ayrim qabila qoldiqlarini rus adabiyotida Avarlar deb yuritilgan. Bular: salatovlar, baktlilar, koysubulilar, andallar, teletlilar, xunzaxlar, gidatlilar va boshqalar. Avarlar atrofida and-tsez (andodidoy) xalqlari va archinlar uyushayotgan bo’lib, ular garchi o’zlarini Avarlar deb atayotgan bo’lsalarda, ayrim etnografik xususiyatlari va ona tillarini saqlab qolganlar. Avarlar chorvachilik, dehqonchilik, shuningdek bog’dorchilik bilan shug’ullanadi. Ularda hunarmandchilik, xususan, zargarlik taraqqiy etgan.