AVIATSIYA ASBOBLARI
AVIATSIYA ASBOBLARI – samolyotdagi nazorat-o’lchov ishlarini bajarishda ishlatiladigan jihozlar. Uchuvchi, shturman, bort muhandisi (texnigi) kabinalarida o’rnatiladi. Vazifasi jihatidan uch guruhga bo’linadi. Birinchi guruhga dvigatel asboblari, ikkinchi guruhga pilotaj-navigasiya asboblari, uchinchi guruhga esa yordamchi asboblar kiradi. Taxometr, termometr, mano-vakuummetr, gazoanalizator (alfametr), benzin o’lchagich, moy o’lchagichlar birinchi guruhni; kompas, havo tezligi ko’rsatkichi, balandlik o’lchagich, soat, vertikal tezlik ko’rsatkichi (variometr), burilish ko’rsatkichi, sirg’anish ko’rsatkichi va aviagorizont ikkinchi guruhni; tezlanish ko’rsatkichi (akselerometr), shassi vaziyati ko’rsatkichi, avtopilot, avtoshturman va boshqa uchinchi guruhni tashkil etadi. Uchinchi guruh Aviatsiya asboblari ba’zi samolyotlarda bo’lmasligi ham mumkin. Uchuvchi birinchi guruh Aviatsiya ko’rsatishlariga qarab samolyot dvigatellari ishini boshqaradi va dvigatel ishidagi nuqsonlarni o’z vaqtida bilib oladi. Samolyotdagi Aviatsiya asboblari soni va xili shu samolyotning turi hamda vazifasiga bog’liq. Ko’p dvigatelli hozirgi samolyotlarda 60 ga yaqin Aviatsiya asboblari bo’ladi. Hozirgi kunda Aviatsiya asboblari tizimi va uning barcha jihozlari (jumladan EHM orqali boshqariladigan dastur vositalari) avionika so’zi bilan ifodalanadi.