AGROFIZIKA
AGROFIZIKA, agronomik fizika — o’simliklarning hayot sharoitlarini fizik usullar bilan tadqiq etish va ular hayot faoliyatining fizik jarayonlari haqidagi fan. Qishloq xo’jalik ekinlarining hosildorligi va tezpisharligini oshirish uchun tashqi muhitning fizik xususiyatlarini o’rganadi va ularni boshqarish usullarini ishlab chiqadi. Agrofizikaning bo’limlari: tuproq fizikasi (tuproq havosi fizikasi, tuproq gidrofizikasi, tuproqning qattiq qismi fizikasi, issiqlik va boshqalar); havoning yer atrofi qatlami fizikasi (aerodinamik, radiatsion va boshqa ko’rsatgichlar); o’simliklar radiobiologiyasi va yorug’lik fiziologiyasi, shuningdek, qishloq xo’jaligi ekinlarining o’sishi va rivojlanishi uchun qulay tabiiy sharoitlar yaratish maqsadida ekinlarga hamda tashqi muhitga faol ta’sir ko’rsatadigan agrofizik usullar, vositalar. Agrofizika fan sifatida 20-asrda shakllangan va hozirgi zamon tabiatshunosligi, ayniqsa, biofizika, shuningdek, matematika, elektronika, kibernetika va boshqa fanlarning nazariy yutuqlari negizida rivojlandi, natijada o’simliklarning o’zida va tashqi muhitda sodir bo’ladigan jarayonlarni miqdoriy baholash imkoniyatlari yaratildi. Agrofizikani rivojlantirishda K. A. Timiryazev, D. N. Pryanishnikov, N. A. Kachinskiy, A. A. Rode (Rossiya), E. Rassel (Buyuk Britaniya), V. Shou (AQSh) va boshqa katta hissa qo’shgan. Agrofizik tadqiqotlarda vegetatsion va dala usullari qo’llaniladi, tashqi muhit sharoitlarini o’rganish uchun aniq o’lchov asboblari ishlatiladi. Tadqiqot natijalaridan tuproqning suv, havo, issiqlik rejimlarini yaxshilashda, optimal ekish usullari va muddatlarini, tuproqqa ishlov berish, sug’orish me’yorlari va boshqalarni belgilashda foydalaniladi. Agrofizika tadqiqotlari xulosalari, ayniqsa, ekinlarning hosildorligini programmalashda va dala ishlari sifatini baholashda katta ahamiyatga ega. Fitotron, oranjereya, issiqxonalarda iqlimni boshqarish, tuproq issiqlik balansini, o’simlik transpirasiyasi, ularga oziq moddalar va suvning shimilishi tezligini o’lchaydigan asboblar yaratilgan. Agrofizik asboblarni qo’llash yirik omborxonalarda kartoshka va mevalarni saqlash jarayonlarini avtomatlashtirish, nobudgarchilikni kamaytirish, mahsulot sifatini buzmay saqlash, chiqindilar miqdorini ka maytirish imkoniyatini beradi. Dehqonchilik va o’simlikshunoslikning fizik muammolari Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy tadqiqot instituti, O’zbekiston paxtachilik ilmiy tadqiqot instituti, oliy o’quv yurtlari kafedralarida o’rganiladi. Abdurahim Ermatov.