ADABIY O’G’RILIK
ADABIY O’G’RILIK, plagiat – birovning asarini ko’chirib, o’ziniki qilib olish. Bunday o’g’rilik muallif ijozatisiz ilmiy, adabiy, musiqiy yoki badiiy asarni o’z nomidan to’la yoki qisman bostirib chiqarishdan, kashfiyot yoki ixtirochilik takliflarini o’ziniki qilib olishdan iborat. Aybdor o’z harakatining ijtimoiy xavflilik darajasiga qarab, fuqarolik yoki jinoiy tartibda javobgarlikka tortiladi, binobarin haqiqiy muallifning huquqi tiklanadi. «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to’g’risida» O’zbekiston Respublikasi Qonunining 46-moddasida «Huquq egasi bilan shartnoma tuzmagan holda asardan foydalanilgan taqdirda qoidabuzar huquq egasiga yetkazilgan zararning o’rnini, shu jumladan boy berilgan foydani qoplashi shart» ekanligi ko’rsatilgan. Huquq egasi qoidabuzardan o’zi ko’rgan zarar o’rniga uning qoidabuzarlik oqibatida olgan daromadlarini undirib olishga haqli. Asardan mualliflik shartnomasida nazarda tutilmagan usulda yoki bunday shartnomaning amal qilishi to’xtaganidan keyin foydalanish asardan shartnoma tuzmagan holda foydalanish, deb hisoblanadi. Mazkur qonunda muallif (hammualliflar)ning o’zi yaratgan asarga bo’lgan mualliflik huquqi boshqa shaxslarning ayni shu asarga mualliflik huquqi e’tirof qilinishini istisno etishi; muallif asardan o’z ismi-sharifi, taxallusini ko’rsatgan holda yoki imzosiz foydalanish yoki shu tarzda foydalanishga ruxsat berish borasida alohida huquqqa (mualliflik nomiga bo’lgan huquqqa) ega ekanligi ta’kidlangan (18-va 19-moddalar). Muallif o’z asariga o’zgartishlar va qo’shimchalar kiritish hamda asarga o’zining roziligisiz biron-bir shaxs tomonidan o’zgartishlar yoki qo’shimchalar kiritilishidan asarini himoya qilish borasida alohida huquqqa (asarning daxlsizligiga bo’lgan huquqqa) ega (20-modda). O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 149-moddasida tafakkur mulki ob’yektiga nisbatan mualliflik huquqini o’zlashtirib olish, hammualliflikka majburlash va shu kabi holatlar eng kam oylik ish haqining yigirma besh baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yohud olti yilgacha qamoq bilan jazolanishi ko’rsatilgan.