AKRAMXO’JAYEV

AKRAMXO’JAYEV Obid Murodovich (1920.12.10 – Toshkent – 1996.15.9) -geolog olim, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi (1966), O’zbekistonda (1964) va Qoraqalpog’istonda (1964) xizmat ko’rsatgan fan arbobi, professor, geologiya-mineralogiya fanlari Doktori (1959). O’rta Osiyo industriya institutini tugatgan (1945). O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Geologiya institutida katta ilmiy xodim, paleogeografiya laboratoriya mudiri (1950-57), Butunittifoq neft geologik-qidiruv institutining O’zbekiston filiali direktori (1957— 59). O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Prezidiumi a’zosi, yer haqidagi fanlar bo’limi raisi (1964-76) va 1970 yilgacha Fanlar Akademiyasi ishlab chiqaruvchi kuchlarni o’rganuvchi kengash raisi. O’zbekiston Geografiya jamiyatining prezidenti (1976-90). 1959-88 yillarda neft va gaz konlari geologiyasi va qidiruv ilmiy tadqiqot instituti direktori, 1988 89 yillarda shu institut ma’muriyati qoshida maslahatchi. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi vitse-prezidenti, Fanlar Akademiyasi yer haqidagi fanlar bo’limi raisi (1990-92), 1992 yildan faning neft va gaz geologiyasi, geokimyosi markazi rahbari. Akramxo’jayevning asosiy ilmiy ishlari neft-gaz konlari litologiyasi, neft geologiyasi va geokimyosi, neft va gaz zaxiralarini oldindan hisoblashning hajmiy-genetik metodini ishlab chiqishga oid. Akramxo’jayev rahbarligida va faol ishtirokida 1967 yilda Ustyurt geologiyasi va uning neft hamda gaz sohasidagi istiqboli to’g’risida 2 jildli monografiya nashr etildi. Oxirgi 20 yil ichida neft va gaz karbongidrogenlarining paydo bo’lishi, ularning migrasiyasi, konlarning hosil bo’lishi va joylanish qonuniyatlarini o’rganishga salmoqli hissa qo’shdi. Uning «Nigut g’orining siri» ilmiy sarguzasht qissasi shu nomdagi to’la metrajli badiiy filmga asos bo’ldi. «Hayot saboqlari» esdaliklari (1995) nashr etilgan. Geologlarning xalqaro miqyosdagi bir qancha kongresslari qatnashchisi. Toshkent shahridagi ko’chalardan biri Akramxo’jayev nomiga qo’yilgan. As: paleozoy va mezozoy qatlamlarining petrografik tuzilishi, T., 1960; Qoraqalpog’istonda geologiya va neft-gaz mavjudligiga doir ba’zi bir masalalar, T., 1962; Genezis nefti i gaza, M., 1967; Geologiya i metodi izucheniya neftegazonosnosti drevnix delt, M., 1986. Ad: Shayxov H., Zamin shaydosi, T., 1990.