AKULALAR

AKULALAR (Selachomorpha) – tog’ayli baliqlar sinfi plastinka jabralilar kenja sinfining katta turkumi. Tanasi suyri shaklda, suv tubida yashovchi Akulalar yassi, uzunligi 15-40 santimetrdan (tikanli qora Akulalar) 15 20 metrgacha (gigant Akulalar), og’irligi 14 tonnagacha (gigant va kit Akulalar). Tanasi plakoid tangachalar bilan qoplangan. Jabra yoriqlari 5 (ba’zi turlarida 6-7) tadan bo’lib, boshining ikki yonida, og’zi boshining ostida tanasiga ko’ndalang joylashgan. Dum suzgichi kuchli rivojlangan, har xil kattalikdagi (gsteroserkal) ikkita bo’lakdan iborat. Tishlari ko’p, uchi o’tkir. Yirtqich Akulalarning tishlari juda yirik. Ko’pchilik Akulalar yirtqich; baliqlar, mollyuskalar va boshqa hayvonlar bilan, kit va gigant Akulalar esa plankton bilan oziqlanadi. Akulalar tuxumdan tirik tug’adi yoki tuxum qo’yib ko’payadi. Akulalar 6 turkumni (har xil tishlilar, ko’p jabralilar, lamnosimonlar, katransimonlar, arraburunsimonlar, skvatinsimonlar), 20 oilani o’z ichiga oladi. Akulalar Orol va Kaspiy dengizidan boshqa hamma dengiz va okeanlarda, ayrim turlari chuchuk suv havzalari (Gang va Amazonka daryolari, Nikaragua ko’li)da yashaydi. Qora va uzoq Sharq dengizlarida tikanli qora Akulalar, ya’ni katran, shimol va uzoq Sharq dengizlarida seld Akulalar, shimoliy dengizlarda qutb Akulalar tarqalgan. Akulalar ayniqsa tropik dengizlarda xilma-xil bo’ladi. Ko’pchilik Akulalar ovlanadi, jigaridan baliq yog’i olinadi, go’shti ovqat uchun ishlatiladi. skeletidan baliq yelimi tayyorlanadi. Ko’pchiligi yirtqich Akulalar (yo’lbars Akulalar, karxarodon, bolg’abosh Akulalar, Mako Akulalar va boshqalar), asosan baliqlar va suvdagi umurtqasizlar bilan oziqlanadi.