ALIQOPU SAROYI

ALIQOPU SAROYI – Isfahon (Eron)dagi me’moriy yodgorlik (15— 17-asrlar). Bosh tarzi baland, keng ravoqli saroy ansambli. Saroy asosan 15-asrda qurilgan, Abbos I davrida esa kengaytirilib yanada balandlashtirilgan. Ansamblda saroy ahli va sarkardalar uchun qator xonalar (qabulxona, devonxona, qozixona va boshqalar), atrofi bog’ bo’lib, uzunligi 6 kilometrcha devor bilan o’ralgan. Baland darvoza orqali gumbazli miyonsaroyga kiriladi. Miyonsaroy bag’ali tilla halli bo’rtma naqshlar va gullayotgan daraxt tasviri bilan bezatilgan. Miyonsaroydan qabulxonaga o’tiladi. Qabulxona devorlaridagi tokchalarga mahalliy me’morlik an’analari asosida kosamonlar ishlanib, naqshlar bilan bezatilgan. Ustki qismidagi katta bolxona ustunlari nafis bezatilgan. Ba’zi xonalarning ichki devorlarida gulli naqshlar, bolxonalarida devoriy rasmlar bor. Ularda muhabbat izhor etib turgan yigit va qiz, bog’ichida dam olayotgan ayol, Isfahon saroylaridagi aysh-ishrat, xursandchilik aks ettirilgan. Olimlarning fikricha, bu rasmlarni yaratgan ustalar orasida musavvir Rizo Abbosiy ham bo’lgan. Aholi Aliqul saroyini muqaddas deb bilgan.