ALOQA KABELI

ALOQA KABELI — axborotlarni turli tok chastotalarida uzatish uchun mo’ljallangan kabel. Aloqa kabeli orqali telegrammalar, fototasvirlar, telefon so’zlashuvlari, televizion eshittirishlar, hisoblash markaziga kelgan static ma’lumotlar va boshqa uzatiladi. Aloqa kabeli, asosan, simli aloqa o’rnatishda ishlatiladi. Tuzilishiga ko’ra, simmetrik va koaksial; uzatiladigan chastotalar spektriga ko’ra, past chastotali (10 kgs gacha), yuqori chastotali (10 kgs dan yuqori); ishlatilish sohasiga ko’ra, uzoq joy bilan aloqa (shaharlararo) va mahalliy aloqa (shahar telefon tarmoqlari, qishloq aloqasi, radioeshittirish va boshqalar); o’tkazish usuliga ko’ra, yer ostiga yotqiziladigan, havodan o’tkaziladigan va boshqa xillarga bo’linadi. Simmetrik kabellarining tok o’tkazuvchi simlari 0,3—1,6 millimetr diametrli misdan yasaladi. Izolyasiyalangan simlar juftjuft qilib buraladi. Past chastotali simmetrik Aloqa kabelining juftlari soni 1 dan 4800 gacha, koaksiallarniki — 2 dan 20 gacha bo’ladi (har qaysi juft 3600 gacha telefon so’zlashuvlarini uzatishi mumkin). Aloqa kabelining qobig’i qo’rg’oshin, alyuminiy, po’lat, plastmassa, metall-plastmassadan yasaladi. Shahar telefon aloqasida sim tolalari yigirma-o’ttizdan ikki ming va undan ham ko’p quyi chastotali Aloqa kabeli ishlatiladi. Ko’p kanalli aloqa o’rnatish uchun yuqori chastotali simmetrik kabellar, televideniye dasturini uzatish uchun esa koaksial Aloqa kabelilar kerak. Aloqa kabeli mustahkam, sifatli va nuqsonsiz aloqa o’rnatishga imkon beradi.