AMSTERDAM
AMSTERDAM — Niderlandiya poytaxti. Amstel daryosining quyilish erida joylashgan. Amsterdam mamlakatning muhim iqtisodiy markazi, aholisi soniga ko’ra eng katta shahri, yirik dengiz porti (yuk oboroti 20 million tonnadan ortiq). Aholisi 724 ming kishi (1994; shahar atrofi bilan 1 millionan ziyod). Sxipxol aeroporti xalqaro ahamiyatga ega, yirik temir yo’l tuguni. Metropoliten qurilgan. Amsterdam «Shimoliy Venesiya» degan nom bilan ham mashhur. Amstel daryosi va uning tarmoqlari hamda ularni tutashtirib turgan kanallar shaharni qismlarga bo’lib yuborgan. 400 dan ortiq ko’prik mavjud. Shaharning qadimgi uylari yirik qoziqlar ustiga qurilgan. Shahar yilnomalarda dastlab 1275 yilda tilga olingan. 17-asrda savdo va kredit berishning jahon ahamiyatiga molik markazi bo’lgan. 1795-1806 yillarda Bataviya Respublikasining, keyinroq Niderlandiya Qirolligining poytaxti. Mashinasozlik (kemasozlik, samolyotsozlik, elektron asboblar), neftni qayta ishlash, poligrafiya, farmasevtika, kimyo, oziq-ovqat, yog’ochsozlik sanoati korxonalari bor. Sanoatining ko’p tarmoqlari chetdan keltirilgan xom ashyo asosida ishlaydi. Amsterdam olmosga sayqal berish va olmos bilan savdo qilish sohasida yirik markaz sifatida qadimdan mashhur. Amsterdamda Fapbiy Yevropaning eng muhim moliya va bank muassasalari joylashgan, mamlakat madaniyati va fanining asosiy markazi. Amsterdamda IX Olimpiada o’yinlari bo’lib o’tgan (1928). 2 universitet, Fanlar Akademiyasi, bir qancha ilmiy tadqiqot institutlari, ko’pdan-ko’p tarixiy va me’moriy yodgorliklari, jumladan cherkov binolari (13-17-asrlar), o’nlab muzey (Gollandiya tasviriy san’at maktabi asarlari to’plangan Davlat rasmlar muzeyi, 1808), Rembrand uyi (1907 yildan muzey), dengiz muzeyi, tarix muzeyi mashhur.