Milliy hunarmandchilikni rivojlantishning muhim jihatlari
Tursunova Dildora
Jizzax davlat pedagogika univrersiteti
Bugun dunyo madaniyati va xalqlarning rang-barang o‘ziga xosligi globallashuv jarayonida o‘zaro qorishib bormoqda. Insoniyat tarixi hamma zamonlarda ham turli millat va elatlarning moddiy va madaniy hayotini o‘zida aks ettirgan hunarmandchilik buyumlariga katta qiziqish bilan qarab kelgan va ularni rivojlantirish ustida mehnat qilgan.
Oʻzbekiston mustaqillikni qoʻlga kiritgandan soʻng hunarmandchilik rivojida yangi davr boshlandi, xalq hunarmandchiligi bozor qoidalari zamirida qaytadan tiklandi. Oʻzbekistonda mahalliy sanoat korxonalarining birinchilar qatori xususiylashtirilishi natijasida mayda davlat korxonalari hunarmandlarning xususiy korxonalariga aylantirildi, yangi hunarmandchilik korxonalari ochildi. Hunarmandchilik faqat ichki bozorga emas, balki eksportga ham ishlay boshladi. Hunarmandchilikning tashkiliy shakli ham oʻzgardi: kichik oilaviy korxona, yakka tartibdagi mehnat faoliyati shaklida rivojlana bordi. 1995 yil 24—25 oktabrda Toshkentda BMTning Oʻzbekistondagi doimiy vakolatxonasi bilan amaliy hamkorlikda Oʻzbekiston xalq ustalari va hunarmandlari 1-Respublika yarmarkasi oʻtkazildi. 1997 yilda respublika xalq amaliy sanʼati va hunarmandlari ustalarining «Usto» ijodiy ishlab chiqarish birlashmasi tashkil topdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH. Mirziyoyevning 2017-yil 17-noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-5242-son Farmonining ijrosini ta’minlash hamda “Hunarmand” uyushmasi tashkiliy tuzilmasini optimallashtirish asosida uning faoliyatini takomillashtirish va samaradorligini oshirish maqsadida “Hunarmandchilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori e`lon qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ““Hunarmand” uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 30.12.2021 yildagi PQ-77-son qarori ham hunarmandlarimiz faoliyatidagi o‘ziga xos yutuq bo‘lib hisohlanadi. “Milliy hunarmandchilik, xalq badiiy va amaliy san’atini rivojlantirish, soha vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar natijasida so‘nggi besh yilda mamlakatimizdagi usta hunarmandlar soni 7 barobarga, shogirdlar 9 barobarga ko‘payib, sohada band bo‘lganlar soni 230 ming nafarga yetdi. Hunarmandlarning xalq amaliy san’ati milliy katalogi yaratilib, faxriy va xalqaro ko‘rgazma hamda tanlovlarda g‘olib bo‘lgan 340 nafar ustalar ushbu katalogdan o‘rin oldi. Shuningdek, 1,5 mingga yaqin hunarmandlar turizm reyestriga kiritilib, ushbu soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.”[1]
Xalq hunarmandchiligi moddiy madaniyatimizning eng qadimiy va muhim turlaridan hisoblanadi va tasviriy hamda amaliy san‘atining ko‘pdan-ko‘p sohalari bilan uyg‘unlashib ketadi. Ammo tasviriy va amaliy san‘at, buyumlarga badiiy ishlov berish jarayoni hamda xalq hunarmandchiligining o‘ziga xosligi, yo‘llari, xususiyatlari bir-biridan farqlanadi. Respublikamizda mavjud bo‘lgan xalq hunarmandchiligining Toshkent, Samarqand, Buxoro, Nukus, Xiva, Termiz, Urganch, Namangan, Andijon, Farg`ona, Chust, Shahrisabz va boshqa markazlarining ta‘limiy-tarbiyaviy imkoniyatlari beqiyos bo‘lib, o‘ziga xosligi jihatidan bir-biridan ajralib turadi.
Hunar – muayyan tayyorgarlikni talab etadigan va tirikchilik manbai bo‘lgan ijodiy mehnat faoliyati.
Hunarli – biror hunarni puxta egallagan shaxs.
Hunarmand – biror hunar turi bilan shug‘ullanuvchi usta. Hunarmandchilikning asosiy belgilari oddiy mehnat qurollari yordamida biror ishning bajarilishi va ishlab chiqarishning yakka tartibdaligidadir.
Hunarmandchilik — milliy-anʼanaviy mayda tovar ishlab chiqarish, oddiy mehnat qurollari yordamida yakka tartibda va qoʻl mehnatiga asoslangan sanoat turi; shunday mahsulotlar tayyorlanadigan kasblarning umumiy nomi. Yirik sanoat ishlab chiqarishi vujudga kelishiga qadar keng tarqalgan, ayrim sohalari keyin ham saqlangan. Kam rivojlangan mamlakatlarning xalq xoʻjaligida hozir ham muhim oʻrin egallaydi. “Zamonaviy jamiyat rivojlanishi borasida to‘plangan tajriba milliy madaniy merosni asrab-avaylash zarurligini ko‘rsatmoqda. Ta‘kidlash joizki, respublikada o‘tgan yillar ichida an‘anaviy badiiy madaniyatni qayta tiklashda salmoqli tajriba to‘plandi. O‘zbekistonda an‘anaviy san‘atni tiklash va qo‘llab-quvvatlashga doir loyihalarga davlat dasturi maqomida qaraldi. Respublikada an‘anaviy san‘atning barcha turlarini har tomonlama rivojlantirish uchun jiddiy chora-tadbirlar belgilanib, tegishli yangi tuzilmalar tashkil etildi.”[2]
Bugungi kunda hunarmandchilik–bu aholining aniq talablaridan kelib chiqib, aholi yoki xoʼjalik subʼektlarining uy roʼzgʼor, estetik, va boshqa ehtiyojlarini qondirish maqsadida yakka buyurtma asosida o‘z miqdorda tovar ishlab chiqarish va xizmatlar koʼrsatishga yoʼnaltirilgan kichik tadbirkorlikning bir koʼrinishidir. Hunarmandchilikning jamiyat rivojlanishi davomidagi ishlab chiqarish holati va iqtisodiyotdagi oʼrni quyidagi asosiy yoʼnalishlarda koʼzga tashlanadi:
1) Xalq hunarmandlarining faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish;
2) Ustalar va hunarmandlarni moddiy texnika resurslari, asboblar, kichik mexanizatsiya vositalari bilan taʼminlashni, ishlab chiqarilgan mahsulotni sotishda, jumladan eksport qilishda yordam berishni nazarda tutgan holda ularga uyda ishlashlari uchun shart sharoitlar yaratishda koʼmak berish;
3) Bozor talablarini oʼrganish hamda yuksak badiiy buyumlar tayyorlash uchun mahalliy xomashyo va materiallarning yangi turlaridan foydalanish boʼyicha tavsiyanomalar ishlab chiqish;
4) Mamlakat ichkarisida va xorijda xalq ustalarining buyumlari keng targʼib va reklama qilinishini rasmli materiallar va katologlar chiqarish, koʼrgazmalar va kimoshdi savdolarini oʼtkazilishi bilan tashkil qilish;
5) Xalq amaliy sanʼati anʼanalarini saqlab qolish hamda yuksak badiiy buyumlarni tayyorlash koʼnikmalarini yoshlarga singdirish, mohir ustalarni tayyorlashdan iborat.
Xalqimizning o‘ziga xos milliy hunarmandchilik an`analarini yanada rivojlantirish, yoshlarga o‘rgatish, usta-shogird an`analarini boyitib borish, hunarmandlarimiz tomonidan tayyorlangan buyumlarni tashqi bozorga, xalqaro ko‘rgazmalar rastalariga olib chiqish bu boradagi muhim vazifalar hisoblanadi.
[1] O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori, 17.11.2017 yildagi PQ-3393-son qarori. “Hunarmandchilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” https://lex.uz/docs/-3416129
[2] Sh. L. Mamasoliyeva Xalq hunarmandchiligi O‘quv qo‘llanma Samarqand – 2021
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori, 17.11.2017 yildagi PQ-3393-son qarori. “Hunarmandchilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” https://lex.uz/docs/-3416129
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori, 17.11.2017 yildagi PQ-3393-son qarori ““Hunarmand” uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”https://lex.uz/docs/-3416129
3. Sh. L. Mamasoliyeva Xalq hunarmandchiligi O‘quv qo‘llanma Samarqand – 2021
4. N. Abdunazarov. O‘zbekistonda xalq hunarmandchiligi turlari T. 2022