Ateizm
Ateizm (yunoncha a-inkor qo’shimchasi, theos-xudo; xudoni, dinni inkor etish)-dinni, diniy ta’limotni, xudoni, umuman, ilohiy kuchlarga e’tiqod qilishni inkor etish. Diniy va ateistik dunyoqarashlar bir-biriga zid bo’lib, buning zaminida idealistik va materialistik falsafiy yo’nalishlar o’rtasidagi kurash yotadi. Ateizm qadimda ilk ateistik tasavvurlar paydo bo’lgan davrdan hozirgi kungacha bir necha bosqichni bosib o’tdi. Qadimgi Misr, Bobil, Hindiston va Xitoyda miloddan avvalgi 3-mingyillikdan boshlab diniy aqidalarni tanqid qilgan asarlar paydo bo’lgan. Qadimgi Yunoniston va Rim ateistlari tabiat hodisalarini materialistik asosda talqin qilishga, dinlarning vujudga kelish sabablarini ochishga urindilar. O’rta asrlarda dinning mavqei kuchli bo’lgan sharoitda Ateizm deyarli rivojlanmadi. Yevropada o’rta asr mutaassibligi ustidan g’alaba qozonilgach, Spinoza, fransuz materialistlari, Feyerbax kabi ateistlar o’z faoliyatlarini Tavrotning tanqidi va dunyoviy ma’rifatchilik yoyishga qaratdilar. Umuman, Marksgacha Ateizm, asosan, dinni tandiq qilish bilan cheklangan holda uning jamiyatda saqlanib qolishi va muayyan maqsadlarga xizmat qilishini e’tirof etish bilan xarakterlanadi. Marksistik Ateizm bundan tubdan farq qiladi, zero, u o’z oldiga yerdagi hayotni inqilobiy yo’l bilan o’zgartirib, dindan xoli bo’lgan jamiyat barpo etishni maqsad qilib qo’ygandi. Markschi-leninchilar “kommunistik jamiyat qurilishi jarayonida diniy hamda o’tmishning boshqa sarqitlaridan ozod bo’lgan, ilmiy ateistik dunyoqarash bilan qurollangan yangi inson shakllanajagi” haqida da’vo qildilar.