Maydon

Maydon-ochiq, me’moriy jihatdan tartibga keltirilgan, atrofi bino, inshootlar yoki daraxtlar bilan to’silgan keng sath. To’rtburchakli, trapetsiyasimon, doirasimon, tuxumsimon (oval) va boshqa shakllarda yopiq yoki ochiq holda bo’ladi. O’tmishda Ossuriya, Bobil, Qadimgi Misrdagi saroy va ibodatxonalar majmuasi tarkibida dabdabali hovli-Maydonlar bo’lgan. Ularning me’moriy an’analarini yunonlar (agara) va qadimgi rimliklar (forum) davom ettirgan. XII-XIV asrlar Yevropa shaharlaridagi savdo-sotiq qilinadigan Maydonlar bosh Maydon hisoblangan. Uyg’onish davrida Maydonlar shahar hayotida katta ahamiyatga ega bo’lib, Maydonga yig’ilgan xalqqa e’lon va farmoyishlar o’qilgan, va’z aytilgan. O’rta Osiyo shaharlarida XIV-XVI asrlarda savdo-sotiq qilinadigan gavjum joylardagi Maydonlar (masalan, Registon, Chorsu) shaharsozlikning noyob namunasi sifatida diqqatga sazovordir.