Mann
Mann-1) qadimgi og’irlik o’lchov birligi; qiymati Xorazmda XV asrgacha 3 qadoq, ya’ni 1,255 kilogramm, XVII asrda 10 va 12 qadoqqa teng bo’lgan. XIX asr o’rtalaridan, asosan, 1 Mann=48 qadoq=480,409512 kilogramm=19,657 kilogramm bo’lgan. Buxoroda 1671 yili 1 Mann=5120 misqol=25,6 kilogramm bo’lgan (1 misqol=5 gramm). Buxoro “katta og’irligi”da 1 Mann=10 qadoq=4,095 kilogramm, Samarqandda 1 Mann 20 kilogrammga teng bo’lgan. Toshkentda Mann o’rnida ko’proq botmon ishlatilgan: 1 Toshkent botmoni, asosan, 10,5 pud=171,995 kilogramm bo’lgan. Hindistonda XIV asrda 1 Mann=12,832 kilogramm, boburiylar davrida Mannning bir necha turlari bo’lgan. Shulardan Akbarshoh Manni, ya’ni Akbariy Manni 25,156 kilogrammga teng kelgan; 2) qadimgi yuz o’lchov birligi, mamlakatimiz hududida ekin maydonlarini o’lchashda qo’llanilgan; qiymatlari ham har xil. Amalda “katta og’irlik Mann” guruhi yer maydonini o’lchashda ko’proq qo’llanilgan. To’ppi Mannidagi (boshqacha nomi- Manni taki) donning og’irligi 4,32 kilogramm don ekilgan maydonni ifodalagan. Katta og’irlik Manni Samarqandda (XV-XVI asrlar) 20 kilogrammga, Buxoroda (XIX asr) 1 Mann=2 tanob bo’lgan. Xorazmda esa tanob yerga 5 botmon bug’doy (1 botmon=20 kilogramm) ekilgan.